Inson umri aziz va bebaho ne’matdir. Alloh taolo insonning ona qornida inson shakliga kelganda, bir maxsus farishta yuborib, unga ruh kirgizish va to‘rt narsani peshonasiga bitishni buyuradi:
***
Hasan Basriy hazratlari demishlar: “Quyoshning har botishida bir parcha kamayishing bor...”
***
Imom ibn Javziy rahmatullohi alayh inson umrini besh mavsumga bo‘ladilar:
***
Yoshlik – toshqin suv, sug‘oradigan ekiningizni sug‘orib qolmasangiz, o‘tib ketadi. Keyin keksalik ko‘zoynagini taqib, igna bilan quduq qazishdan ish chiqmaydi.
Abdulla Qahhor
***
Donishmandlar shunday o‘git beradilar:
Bir odamning yoshi qirqdan oshsa-yu, yaxshi amallari yomonidan ortiq bo‘lmasa, bunday kishi fursatni qo‘ldan boy bermay yaxshiliklar sonini ko‘paytirishga kirishishi zarur. Aks holda jahannamga hozirlik ko‘raversin...
***
Abu Barza Aslamiydan rivoyat qilingan hadisda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qiyomat kuni bandaning ikki qadami to undan umridan – uni nimada o‘tkazgani, ilmidan –u bilan nima qilgani, molidan –uni qayerdan kasb qilgani va nimaga sarf qilgani, jismidan –uni nimada qaritgani haqida so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi”.
Olimlarning bu borada o‘tkazgan tadqiqotlariga ko‘ra, o‘rtacha 75 yil umr ko‘rgan insonning umri davomida turli ishlarga qancha vaqt sarflashi aniqlangan. Unga ko‘ra: 15 yil atrofidagi vaqt bolalik va o‘smirlik bilan o‘tadi. Agar bir sutkada 8 soatdan uxlasa, 25 yil umri uyqu bilan o‘tadi. Agar bir sutkada 8 soat kasb kor bilan mashg‘ul bo‘lsa, 25 yil umri ishlashga sarflanadi. Agar bir sutkada 3 mahal ovqatlansa, har ovqatlanishga yarim soatdan vaqt sarflansa, 4 yarim yildan ortiqroq umr ovqatlanishga sarflanar ekan.
Saidabror Umarov tayyorladi
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.