Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Fevral, 2025   |   14 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:01
Quyosh
07:21
Peshin
12:42
Asr
16:12
Shom
17:57
Xufton
19:11
Bismillah
13 Fevral, 2025, 14 Sha`bon, 1446

AZON TINGLAGANDA BAJARILADIGAN 5 AMAL

24.09.2019   7229   3 min.
AZON TINGLAGANDA BAJARILADIGAN 5 AMAL
  1. Azon eshitgan kishi muazzin aytgan kalimalarni qaytaradi. Azonni eshitgan musulmon kishi uni diqqat bilan tinglashi va muazzin jumlani tugatishi bilanoq uni ichida takrorlashi lozim.

Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachonki azonni eshitsangiz, muazzin aytayotgan narsani aytinglar”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

 

  1. Muazzin “Hayya ’alas solah” va “Hayya ’alal falah” deganida esa “Laa havla va laa quvvata illa billah” deb aytish.

Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim chin qalbdan muazzin aytgan narsani aytib tursa hamda “hayya ’alal”larda “Laa havla va laa quvvata” desa jannatga kiradi», dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud rivoyati).

 

  1. Muazzin “Ashhadu anna Muhammadar Rasululloh” lafzini aytganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Qachonki muazzinning ovozini eshitsangiz, uning aytganlarini qaytaring, so‘ngra menga salavot ayting. Zero, kim menga bir salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot yo‘llaydi (Imom Muslim rivoyati).

 

 

 

 

  1. Azon tamom bo‘lgach ushbu duoni o‘qish:

اللَّهُمَّ رَبِّ هَذهِ الدَّعْوَةِ التَّامَّةِ وَالصَّلاةِ القائِمةِ، آتِ مُحَمَّداً الوَسِيلَةَ والفَضِيلَةَ وابْعَثْهُ مَقاماً محموداً الذي وَعَدْتَهُ

“Allohumma, Robba hazihid da’vatit tammati vas solatil qoimati ati Muhammadanil vasilata val faziylata vab’as'hu maqomam mahmudan allaziy va’adtah”

“Allohim! Ey ushbu yetuk chaqiriqnig, hozir bo‘lib turgan namozning Robbi! Muhammad sollallohu alayhi vasallamga vasila va fazilatni ato et. U zotni O‘zing va’da qilgan maqomi mahmudga yetkaz”.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim azonni eshitgandan keyin “Allohumma, Robba hazihid da’vatit tammati vas solatil qoimati ati Muhammadanil vasilata val faziylata vab’as'hu maqomam mahmudan allaziy va’adtah” desa, qiyomat kuni unga shafoatim halol bo‘ladi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Muazzinlar aytgan kalimalarni ayt, qachonki oxiriga yetsang, so‘ra, beriladi” (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

  1. So‘ngra ushbu duoni qilish:

أَشْهَدُ أَنْ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَحْدَهُ لاَ شَرِيكَ لَهُ وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ

رَضِيتُ بِاللَّهِ رَبًّا وَبِمُحَمَّدٍ رَسُولاً وَبِالإِسْلاَمِ دِينًا

“Ashhadu alla ilaha illalloh vahdahu laa shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluhu. Roziytu billahi Robban va bi Muhammadin rasulan va bil Islami diynan”

“Guvohlik beramanki, Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning Rasulidir. Allohni Robb, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni payg‘ambar, Islomni din deb rozi bo‘ldim” (Imom Muslim rivoyati).

 

  1. Alloh taolodan avf va ofiyat so‘rash.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: "Azon va iqomat orasidagi duo rad qilinmaydi", dedilar. Shunda sahobalar: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nima deb duo qilaylik?" deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh taolodan dunyo va oxirat ofiyatini va avfini so‘rang", dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).

 

Davron NURMUHAMMAD

 

 
Maqolalar
Boshqa maqolalar

Namozda qo‘llar qayergacha ko‘tariladi?

12.02.2025   2269   3 min.
Namozda qo‘llar qayergacha ko‘tariladi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Hanafiy mazhabimizda namozga kirishda qo‘l quloq barobarida ko‘tariladi. Boshqa mazhab sohiblari nazdida esa qo‘l yelka barobarida ko‘tariladi. Bunga ular bir qancha hadislarni dalil qilishgan. Hususan, Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Ibn Umar roziyallohu anhu: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga kirganlarida, qo‘llarini yelka barobarida ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar. Bu va shunga o‘xshash rivoyatlarni hujjat qilib, imomlar Molik, Shofeiy va Ahmad rahimahulloh: “Namozga kirganda qo‘llar yelka barobarida ko‘tariladi”, deyishadi.

Hanafiy ulamolari bunga ko‘plab hadislarni hujjat qilib keltirishadi. Jumladan, Abu Dovud Sunanida keltiradi. Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga kirish uchun takbir aytsalar qo‘llarini to quloqlarining yumshog‘iga yaqin bo‘lguncha ko‘tarardilar”. Abdurrazzoq, Humaydiy, Imom Ahmad, Buxoriy  va Doraqutniy ham shunga o‘xshash rivoyat qilishgan.

 Uch mazhab sohiblarining dalillariga  esa birqancha javoblar berishgan:

1. Qo‘lni yelka barobarida bo‘lishi quloq barobarida ko‘tarishni inkor qilmaydi. Chunki kaft quloq barobarida bo‘lsa, qo‘lning bir qismi yelka barobarida bo‘ladi. Buni Abu Dovudning sunanlarida kelgan hadis qo‘llab quvvatlaydi.

Voil ibn Hujr roziyallohu anhu aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga turganlarida, qo‘llarini yelkagacha ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlari barobar qilib so‘ng takbir aytganlarini ko‘rganman.

2. Qo‘llarini yelka barobarida ko‘targanliklariga, sovuq sababli ustlaridagi kiyimdan qo‘llarni quloq barobarigacha chiqarish imkonsizligi sabab bo‘lgan. Shuning uchun qo‘llarni yelka barobar ko‘tarishlariga to‘g‘ri kelgan. Bunga ham Abu Dovudning Sunanida kelgan hadis dalil bo‘ladi:

Voil ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozga kirganlarida qo‘llarini quloq barobarida ko‘targanliklarini ko‘rdim”. Bir muddatdan so‘ng ularning (sahobalarning) huzuriga keldim. Namozga kirishishda ustlarida burnus va kiyimlari bo‘lgan holda qo‘llarini ko‘ksilari barobarida ko‘tarishardi”.

Izoh: Burnus – paxtadan bo‘lgan uzun libos.

Hadisdan ko‘rinib turibdiki, qo‘llarning quloq barobar ko‘tarilmasligining sababi ustlaridagi liboslar bo‘lgan. Bu borada kelgan hadislarni ana shunday jamlash mumkin. Qoida borki, hadislarning barchasiga jamlab amal qilish imkoni bo‘lsa, hammasiga amal qilish: birini olib boshqasini tark qilgandan avloroqdir. Shuning uchun hanafiy ulamolarimiz hadislarni jamlash yo‘liga yurganlar.

Qiyos jihatidan olib qarasak ham bu to‘g‘ri bo‘ladi, chunki namoz oldidan qo‘llarni ko‘tarish namozga kirishganligini bildirish uchun qilinadi. Hatto orqada kar kishi turgan  bo‘lsa ham imomning namozga kirishganligini bilish imkoni bo‘lishi kerak. Bu esa qo‘llar quloq barobarida ko‘tarilgandagina yaqqol ko‘rinadi. Shu va bunga o‘xshash ko‘plab dalillarni hanafiylar hujjat qilib bu masalada qo‘llar quloq barobarida bo‘lishini ixtiyor qilishgan va bu Ato ibn Abu Raboh, Ibrohim Naxaiy, Abu Maysara, Vahb ibn Munabbih va Molikiydan bir jamoasining ham mazhabidir.

Javohir Isomiddinov,
Hadis ilmi maktabi talabasi.