Alloh taboraka va taologa shukrki, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-omonlik va dinimizga bo‘lgan yuksak e’tibor sabab, masjidlarda bunyodkorlik ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Toshkent viloyati Zangiota tumani Ittifoq mahallasida joylashgan “Salmon Forsiy” jome masjidi dastlab 1992-1994 yillarda hashar yo‘li bilan qurilgan. O‘tgan davr mobaynida masjid binosi eskirib, yer to‘la qismi, poydevorlari yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Qolaversa, oxirgi paytlarda masjid jamoati sezilarli darajada ortib, xonaqoh torlik qilayotgan edi. Shu sababli mahalla ahli ezgu niyat bilan masjidni qayta qurish taklifini olg‘a surishdi. Ushbu xayrli tashabbus O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangach qayta qurish ishlari boshlab yuborildi.
Shu yilning 11 sentyabr kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan “Salmon Forsiy” jome masjidining yangi binosiga birinchi g‘isht qo‘yish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Muftiy hazratlari qurilayotgan masjid qiyomatgacha xizmat qilishini niyat qilib, birinchi g‘ishtni qo‘yib berdilar. Nuroniylar va ezgu niyatda yig‘ilgan qalbi pok insonlar ham birin-ketin poydevorga g‘isht qo‘ydilar.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari marosimda masjid ahlini ushbu Allohning uyi bilan tabrik qilib, jumladan shunday so‘zlarni bildirdilar:
– Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsinki, buyuk allomalar yurti bo‘lmish yurtimizda so‘nggi yillarda masjid-madrasalar qurish odatiy jarayonga aylanib bormoqda. Har kuni yurtimizning turli viloyatlaridan yangi-yangi masjid qurilayotgani yoki qurib bitkazilib, ishga tushgani haqida xushxabarlar kelib turibdi, ko‘plarida o‘zimiz ham ishtirok qilyapmiz.
Muhtaram Yurtboshimizning rahnamoliklarida mo‘min-musulmonlarimizning talab va istaklaridan kelib chiqib, so‘nggi yillarda 24 ta yangi jome masjid ochildi, 116 ta masjid qaytadan barpo etildi va 200 tasida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Endilikda mana shunday ko‘rkam masjidlarda imom-domlalarimiz xalqimizga, ayniqsa, yoshlarimizga Islom dini ma’rifatini yetkazish, ularning ta’lim-tarbiyasini yaxshilash va ezguliklar tarqatish ishida juda ham faol bo‘lishlari zarur. Shuningdek, bugungi murakkab davrda ayrim g‘o‘r kimsalarning buzg‘unchi oqimlar ta’siriga tushib qolishining oldini olish dolzarb vazifa bo‘lmoqda.
Muftiy hazratlari so‘zlarining davomida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning «Kim bir masjid qursa, Alloh unga jannatda shuning mislini qurib beradi», degan hadisi shariflarini keltirib, mazkur jomeni barpo etishga hissa qo‘shgan barchaning haqqiga duolar qildilar.
Tadbirda ulamolar, mahalla faollari, mo‘ysafid otaxonlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Muftiy hazratlari Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi “Imomi A’zam” jome masjidida yakuniga yetayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan ham yaqindan tanishdilar.
Alloh taolo ushbu jome masjidlarni xalqimizga muborak aylasin!
p>
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV