O‘zbekistonda shajara dasturi yaratiladi. Bu haqda 2019-2021 yillarda notariat institutini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da aytilgan.
Qayd etilishicha, ushbu dasturga mavjud fuqarolik holati dalolatnomalari bo‘yicha ma’lumotlar to‘liq kiritiladi hamda “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi bilan integratsiya qilinishi ta’minlanadi. Bunda “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimini takomillashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Bu boradagi tegishli kompleks chora-tadbirlar rejasi 2021 yil dekabr oyigacha ishlab chiqiladi. Ijro etilishiga mas’ul - Adliya vazirligi.
Shuningdek, aeroportlar va temir yo‘l vokzallarida ayrim turdagi notarial harakatlarni onlayn amalga oshirish imkonini beruvchi infokioskalar joylashtiriladi.
2021 yil yanvar oyigacha Adliya vazirligi, Transport vazirligi, “Uzbekistan Airoport" AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tegishli kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ بَيْنَ خَالِدِ بْنِ الْوَلِيدِ وَبَيْنَ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ عَوْفٍ شَيْءٌ، فَسَبَّهُ خَالِدٌ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَا تَسُبُّوا أَحَدًا مِنْ أَصْحَابِي، فَإِنَّ أَحَدَكُمْ لَوْ أَنْفَقَ مِثْلَ أُحُدٍ ذَهَبًا مَا أَدْرَكَ مُدَّ أَحَدِهِمْ وَلَا نَصِيفَهُ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ. وَلِلتِّرْمِذِيِّ: إِذَا رَأَيْتُمُ الَّذِينَ يَسُبُّونَ أَصْحَابِي فَقُولُوا لَعْنَةُ اللهِ عَلَى شَرِّكُمْ.
Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Xolid ibn Valid bilan Abdurrahmon ibn Avfning o‘rtasida bir gap o‘tgan edi. Bas, Xolid uni so‘kdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Sahobalarimdan birortasini ham so‘kmanglar! Sizlardan biringiz Uhud mislicha oltin nafaqa qilsa ham, ulardan birining muddicha yoki yarim muddichasiga yeta olmas», dedilar».
To‘rtovlari rivoyat qilganlar.
Termiziyning rivoyati:
«Qachon sahobalarimni so‘kayotganlarni ko‘rsangiz, «Sizning sharringizga Allohning la’nati bo‘lsin», denglar», dedilar».
«Mudd» – og‘irlik o‘lchovi.
Ushbu hadisi sharifdan bir necha xulosalar kelib chiqadi:
1. Sahobai kiromlarni mutlaqo so‘kib bo‘lmasligi.
2. Sahobai kiromlarning qilgan amallari, jumladan, sadaqalarining savobi ham ko‘p martaga ziyoda qilib berilishi.
3. Sahobai kiromlarni so‘kish sharr – yomonlik ekanligi.
4. Sahobai kiromlarning so‘kilayotganiga guvoh bo‘lib qolgan kishi u zotlarni himoya qilmog‘i lozimligi.
5. Sahobai kiromlarni so‘kkan odamlarga: «Sizning sharringizga Allohning la’nati bo‘lsin», deyish lozimligi.
Oyati karimalar va hadisi shariflar sahobai kiromlarning fazllari qanchalik ulug‘ ekanligini, ularni ehtirom qilish va e’zozlash lozimligini ko‘rsatadi. Biz, musulmonlar bu ishni ixlos bilan bajarmog‘imiz lozim. Shu bilan birga, o‘zimiz bu ulug‘ insonlarning hech birlarini so‘kishga jur’at qilmasligimiz, ba’zi bir ushbu nobakorlikni qiladiganlar chiqib qolgudek bo‘lsa, ularni bu ishdan qaytarishimiz kerak bo‘ladi.
Endi sahobai kiromlar haqida asar bo‘lib qolgan ba’zi bir fikrlarni ham o‘rganaylik.
Abu Nu’aym «Hilyatul avliyo»da Abdulloh ibn Mas’udning quyidagi gaplarini keltiradi:
«Alloh taolo bandalarining qalblariga nazar solib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ixtiyor qildi va u zotni O‘z risolasi ila yuborib, O‘z ilmi ila tanlab oldi. So‘ngra u zotdan keyingi odamlarning qalblariga nazar soldi va u zotning sahobalarini tanlab oldi. Bas, ularni O‘z dinining yordamchilari va Nabiysining vazirlari qildi».
Abu Nu’aym Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Kim birovning sunnatini oladigan bo‘lsa, vafot etgan kishining sunnatini olsin. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalari ushbu ummatning eng qalbi yaxshilari, eng ilmi chuqurlari va eng takallufi ozlari edilar. Ular Alloh taolo tomonidan U Zotning Nabiysiga sahoba bo‘lish uchun va U Zotning dinini naql qilish uchun tanlab olingan qavm edilar. Bas, ularning axloqlari va tutgan yo‘llariga o‘xshashga urininglar. Ka’baning Robbisi bo‘lgan Alloh ila qasamki, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalari mustaqim hidoyatda edilar».
Sahobai kiromlarni ehtirom qilish va ularga nisbatan beodoblik qilmaslik haqidagi shuncha ta’limotlarga qaramasdan, keyinchalik ba’zi bir tomonlar u buyuk zotlarga nisbatan beodoblik qilishga o‘tdilar. Orada ko‘plab tortishuvlar bo‘ldi. Nihoyat, «Ahli Sunna va jamoa» aqiydaviy mazhabining ulamolari sahobai kiromlarga nisbatan mo‘min musulmonlar qanday munosabatda bo‘lishlari kerakligi haqidagi gaplarni aqiyda kitoblariga bitib qo‘ydilar.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi