Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam mushkul tushganda: «Ulug‘ va Haliym bo‘lgan, ulug‘ Arshning Robbisi bo‘lgan, osmonlaru yerning Robbisi bo‘lgan Allohdan o‘zga ibodatga sazovor zot yo‘q», deb duo qilar edilar».
Sharh: Bizning tilimizda «boshga mushkul tushish» deb ataladigan va inson jonini qisib turadigan katta g‘amni arablar «karb» deb ataydilar. Bu oddiy g‘amdan bir necha bor kuchli bo‘ladi. Ushbu bobdagi «mushkul»dan maqsad arabcha «karb» bo‘ladi.
Bu rivoyatda duo ma’nosidagi gaplar yo‘q. Ammo tahlil va Alloh taoloning ulug‘ sifatlarining zikri bor. Ana o‘shalarni ixlos bilan takrorlash ba’zi so‘zlarni aytib duo qilishdan ko‘ra mushkulni kushoyish qilishda katta o‘rin tutadi.
Imom Termiziy rivoyat qilgan «Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Alloh taolo, kimni Qur’on va Mening zikrim Mendan (narsalarni) so‘rashdan to‘sgan bo‘lsa, unga so‘rovchilarga bergan narsamdan afzalini berurman, dedi» hadisi shu yerda amalga oshadi.
Mushkulning nomini aytmay, uni aritishni ham tilga olmay faqat ushbu rivoyatda kelgan iboralarni ixlos ila takrorlayverilsa, albatta, Alloh taolo kushoyish beradi.
Zotan duo ochiq – oydin yoki zimdan bo‘ladi. Karamli zotga maqtov aytishning o‘zi, undan so‘rash bilan teng. Karamli zotga hamd aytish, unga udo qilish bilan teng.
Boshiga mushkul tushib, g‘amga botgan bandaga tavsiya qilinadigan eng mashhur duolardan biri Yunus alayhissalomning baliq qornida turib qilgan duolaridir.
Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Zunnunning baliq ichida turib qilgan duosi «Laa ilaha illaa anta, subhanaka, innii kuntu minaz zolimiyn»dir. Qay bir musulmon odam o‘sha duoni qilsa, albatta, Alloh unga ijobat qilur», dedilar».
Termiziy rivoyat qilgan.
Ushbu duo Qur’oni Karimning «Anbiyo» surasida zikr qilingan. Alloh taolo aytadi:
«Zunnunni esla. O‘shanda u g‘azablangan holda chiqib ketgan edi. Bas, u Bizni o‘ziga (yer yuzini) tor etmas, deb gumon qildi. Zulmatlarda turib, Sendan o‘zga Iloh yo‘q, Sen poksan, albatta, men zolimlardan bo‘ldim, deb nido qildi».
Zunnundan murod, Yunus sollallohu alayhi vasallamdir. «Nun» baliq degani, Zunnun esa, baliq egasi degani. Yunus sollallohu alayhi vasallamni dengizda baliq yutib yuborgan, keyin qirg‘oqqa kelib, Allohning amri bilan chiqarib tashlagan.
Shuning uchun u zot alayhissalom Zunnun–baliq egasi, laqabini olganlar.
«Zunnunni esla. O‘shanda u g‘azablangan holda chiqib ketgan edi».
U kishi qavmlariga Allohning amrini yetkazganlarida, ular qabul qilmadilar. Yunus sollallohu alayhi vasallam qavmlarining qilmishlaridan g‘azablanib, yurtlarini tashlab chiqib ketdilar.
«Bas, u Bizni o‘ziga (yer yuzini) tor etmas, deb gumon qildi».
Bu gumon qavmlarining sarkashligidan kelib chiqqan edi. Yunus sollallohu alayhi vasallam ularga, sizlar Alloh amriga bo‘yinsunmasangiz, boshqa joy qurib ketgani yo‘q, Allohning yeri keng, boshqa joyga borib da’vat etsam, ular qabul qiladilar. Alloh men uchun yer yuzini tor etib qo‘ymaydi, deganday ish qilgan edilar.
Ulamolarimiz aytishlaricha, aslida u kishi boshqa Payg‘ambarlarga o‘xshab sabr qilishlari, Allohning amrini kutishlari kerak edi. Ammo bunday qilmadilar. Qavmlariga zarda qilib, yurtlaridan chiqib ketdilar. So‘ngra Alloh taolo, u kishini baliqqa yuttirib, sinovga uchratdi. Ana o‘shanda,
«Zulmatlarda turib», ya’ni, kecha zulmati, dengiz osti zulmati va baliq qorni zulmatida turib, Alloh taologa yolborib:
«Sendan o‘zga Iloh yo‘q, Sen poksan, albatta, men zolimlardan bo‘ldim, deb nido qildi».
Bu gap chin ixlos bilan, Allohning ulug‘ sifatlarini eslab, o‘zining aybdorligini bo‘yniga olib, najot so‘rab qilingan duo edi.
«Bas, Biz uni (duosini) ijobat qildik. Unga g‘amdan najot berdik. Mo‘minlarga shunday najot berurmiz».
Ya’ni, Biz Yunusning duosini qabul qildik. Uni baliq ichidan sog‘-salomat chiqarib, g‘amdan qutqardik. Mo‘minlarni doimo shu tarzda qutqarib kelganmiz.
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, kim g‘amga mubtalo bo‘lsa, ushbu oyatdagi «La ilaha illa anta, subhanaka innii kuntu minaz-zolimiyn» duosini o‘qisa, kushoyish bo‘lishini aytganlar.
Abdurrohman ibn Abu Bakradan rivoyat qilinadi:
«U otasiga:
«Otajon! Har tongda «Allohim! Badanimga ofiyat bergin! Qulog‘imga ofiyat bergin! Ko‘zimga ofiyat bergin! Sendan o‘zga iloh yo‘q» deb duo qilishingizni eshitaman. Buni tongda va kechqurunda uch marta qaytarasiz.
Yana «Allohim! Men Sendan kufrdan va faqirdan panoh so‘rayman. Allohim! Men Sendan qabr azobidan panoh so‘rayman. Sendan o‘zga iloh yo‘q» deb tongda va kechqurunda uch marta qaytarasiz?» dedi.
«Ha! Bolajonim, men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni aytganlarini eshitganman. Men U zotning sunnatlariga amal qilishni yaxshi ko‘raman», dedi.
Va yana aytdi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mushkuli borning duosi: «Allohim! Rahmatingdan umidvorman. Meni bir ko‘z ochib-yumguncha ham o‘z holimga tashlab qo‘yma. Mening hamma ishlarimni O‘zing o‘ngla. Sendan o‘zga iloh yo‘q»dir», dedilar».
Sharh: Har erta va kech ushbu duolarni qilishda uning qiluvchi ko‘p xayrli narsalarni so‘ragan bo‘ladi. Inson bu duoda so‘ralgan narsalarga har damda muhtojligi bor.
Ana o‘sha o‘zi muhtoj bo‘lgan narsani Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilgan holda, U zot aytgan lafzlarni takrorlab so‘raganga nima yetsin.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mushkul paytda: «Halimu Aziym Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Ulug‘ arshning Robbisi Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Osmonlaru yerning Robbisi, Kariym Arshning Robbisi Allohdan o‘zga iloh yo‘q. Allohim! Buning yomonligini bizdan ketkazgin», der edilar».
Sharh: Bu duodan boshiga mushkul tushganda banda Rbbisining barkamol sifatlarini zikr qilish ila U zotdan o‘z mushkulini kushoyish qilishini so‘rashi foydali ekanini bilib olamiz.
«Halimu Aziym Allohdan o‘zga iloh yo‘q».
Alloh taoloning bu ikki sifati dunyodagi barcha mushkullarni sanoqsiz ko‘paytirganda ham, kushoyish qilishdan yana otib qoladi.
«Ulug‘ arshning Robbisi Allohdan o‘zga iloh yo‘q».
Alloh taoloning bu sifati barcha mushkullarni osonlik bilan kushoyish qilishiga bandada zarracha shubha bo‘lmasligi kerak.
«Osmonlaru yerning Robbisi, Kariym Arshning Robbisi Allohdan o‘zga iloh yo‘q».
Alloh taoloning ushbu sifatlarini aytib turib qilingan duo albatta, duo qiluvchining mushkullarini ravon bo‘lishiga garovdir.
«Allohim! Buning yomonligini bizdan ketkazgin».
Albatta, bqoridagi sifatlarni iymon – e’tiqod ila zikr qilib turib, bu duoni qilinsa, qabul bo‘lishi oson.
manba: islom.uz
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.