Aslida qarz berish savobli ish. Qarz berishning savobi sadaqa berishnikidan ko‘proqdir. Chunki, sadaqa muhtojning ham, muhtoj bo‘lmaganning ham qo‘liga tushishi mumkin. Ammo qarz faqat muhtojning qo‘liga tushadi.
Lekin afsuski, qarz olib bermayotganlar ko‘payib bormoqda. Kishi qiyin ahvolda turganda do‘stidan qarz olib, ishini bitiradi. Ammo qarzni qaytarish vaqti kelganda, turli bahonalar bilan bermaslik yo‘lini axtaradi, qochib yuradi. Ba’zilar esa ochiqchasiga olgan qarzidan tonadi. Bu Alloh taolodan qo‘rqmaslik, o‘ta ketgan pastkashlik, oriyatsizlikdir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ لاَ تَأْكُلُواْ أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ
“Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar...” (Niso surasi, 29-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda “Boyning (qarzni to‘lashga imkoni bor kishining) (zimmasidagi haqni) bermay, cho‘zib yurishi zulmdir” deyilgan. Beshovlari rivoyat qilishgan.
Demak, pulni qaytarmayotgan kimsa birovning molini o‘zlashtirgan, unga zulm qilgan bo‘ladi. Qolaversa, o‘rtadagi do‘stlik, birodarlik rishtasiga futur yetadi.
Ba’zilar “Agar o‘lib qolsam, qarzimni o‘g‘illarim qaytaradi” deb xotirjam yurishadi. Tasavvur qiling, siz o‘ldingiz. Hamma sizni dafn etish bilan ovvora. “Otamning qarzlari bor edi. Merosni taqsimlashdan oldin o‘sha qarzni uzib qo‘yaylik. Qani, otamning daftarchalariga qaraylikchi, kimdan qancha qarz olgan ekanlar?” deb birorta farzandingiz aytadimi? Shunday deyishiga ko‘zingiz yetadimi?
Agar qarzni bermay o‘lib qolsangiz, farzandlaringiz ham sizning qarzingizni berishga harakat qilmasalar, qiyomat kuni o‘sha haqdorga sizning savoblaringizdan beriladi. Agar savoblaringiz tugab qolsa, u holda haqdorning gunohlaridan sizning ustingizga yuklanadi. Bu juda og‘ir holat. O‘zi siz o‘sha paytda bitta sajdaning savobiga muhtoj bo‘lib turasiz. Ammo barcha savoblaringiz boshqalarga o‘tib, boshqalarning gunohlari sizning zimmangizga yuklanadi. O‘ta og‘ir vaziyat bu.
Shuning uchun qarzdorlar ko‘zlarini ochishlari, haqdorlarni rozi qilish chorasini ko‘rishlari kerak. Chunki, oxiratda haqdor kechirmaguncha Alloh taolo kechirmaydi.
Bittasi do‘stidan qarz olgan. Qaytarish vaqti kelganda, so‘rasa, “Pulim yo‘q. Imkonim bo‘lishi bilan beraman” degan. Ammo o‘sha qarzdorning tagida lasetti mashinasi bo‘lgan. Bu juda pastkashlikdir.
Agar o‘sha qarz olgan kimsa Alloh taolodan qo‘rqqanida, mashinani sotib, jiguli olib minsa ham ortgan pulni qarziga to‘lagan bo‘lardi.
Alloh taolo barchamizga qarzdan najot bersin! Qarzni to‘lashga imkoni bo‘la turib, bermay yurganlarga insof bersin!
Nozimjon Hoshimjon
Musulmonlar Hunayn g‘azotida g‘alaba qozonishdi. Hunayn g‘azoti Shavvol oyida, hijratning sakkizinchi yili, Makka fathidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Havozin va Saqiyf qabilalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan edi. Jangda g‘alaba qozongan musulmonlar katta g‘animatga (o‘ljaga) ega bo‘ldilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu g‘animatlarni qalbi Islomga moyil bo‘lgan yangi musulmonlarga taqsimlab berdilar. Qavmning kattalari Abu Sufyon, Uyayna, Aqra’, Suhayl ibn Amr va boshqalarga ham berdilar.
Vaholanki, ular Quraysh mushriklarining eng kattalari bo‘lib, uzoq yillar Payg‘ambarimizga qarshi urushgan kishilar edi. Ushbu g‘animatlar taqsimlanishidan bir necha kun oldingina islomni qabul qilishgan edi. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarga (Madinalik sahobalarga) ushbu g‘animatlardan hech narsa bermadilar.
Holbuki, ular Islomni yoyish va Payg‘ambar alayhissalomni himoya qilish uchun qonlarini to‘kkan, jonlarini fido qilgan kishilar edi. Bu holat ularning qalblariga og‘ir botdi va xasratlanib shunday deyishdi: «Qilichlarimizning tig‘idagi dushmanning qoni hali qotgani yo‘q, ammo g‘animatlardan boshqalar bahramand bo‘ldi. Bizga esa, hech narsa berilmadi».
Bu borada Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu kelib Payg‘ambarimizga bo‘layotgan gaplar xaqida, odamlarning qalbidagi xafalikni aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Sa’d, sen bu haqda nima deysan?” dedilar. Sa’d: “Men ham qavmim tarafidaman”, deb javob berdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Qavmingni mening huzurimga yig‘”, dedilar. Ular to‘planganlaridan keyin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamjuda buyuk, nihoyatda ta’sirli, qalblarni jumbushga keltiruvchi, ko‘zlarni yoshga to‘ldiruvchi xutba qildilar.
U zot ularga muloyimlik va muhabbat bilan quyidagicha murojaat qildilar: “Ey ansorlar! Men sizlarni gumroh holda topmaganmidim? Alloh taolo men tufayli sizlarni hidoyat qilmadimi? Sizlar tarqoq va parokanda emasmidinglar, Alloh taolo men sababli sizlarni birlashtirmadimi? Sizlar faqir va muhtoj emasmidinglar, Alloh taolo men orqali sizlarni boy qilmadimi?”.
Har safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol bilan murojaat qilganlarida, ular: “Alloh va Uning Rasulidan minnatdormiz”, deb javob qaytarishardi.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nima uchun menga javob qaytarmayapsizlar?” dedilar. Ular yana: “Alloh va Rasulidan minnatdormiz!”, deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar istasangiz, sizlarning ham shunday deyishga haqqingiz bor: “Siz bizning huzurimizga qavmingiz tomonidan inkor qilingan holda keldingiz, biz esa, sizni tasdiqladik. Siz qavmingiz tomonidan yolg‘onchiga chiqarilgan edingiz, biz sizga ishondik, imon keltirdik va sizga yordam berdik. Siz o‘z yurtingizdan quvildingiz, biz esa, sizga panoh berdik. Siz muhtoj holda keldingiz, biz esa, Sizni o‘z mol-mulkimizga sherik qildik”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zlarni aytganlarida ular: Alloh va Uning rasuligina bizlarga minnat qilishga haqli, deyishdi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlarni ularga tavozelik va insof yuzasidan aytgan edilar. Lekin, haqiqatan olganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minnat qilishga haqli edilar, ular har qancha minnatdor bo‘lsalar arziydi. Chunki agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari bo‘lmaganida, ularning orasida yashamaganlarida, ularning boshqalardan farqlari bo‘lmas edi. Ansorlarning sha’ni yuksalmas edi, qadrlari ko‘tarilmas edi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab: “Ey ansorlar! Nima deb o‘ylaysizlar, boshqalar qo‘y va tuyalar bilan uylariga qaytsalar, sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uylaringizga qaytishni istamaysizlarmi? Bundan rozimasmisizlar?”-dedilar.
Bu gapning naqadar ulug‘ligi, ansorlarning qalbiga yetib borishligini bilganlari uchun ham Rasululloh ularga g‘animatdan bermagan edilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Agar hijrat qilmaganimda, albatta men ansorlardan bo‘lar edim, agar odamlar bir vodiyda yursalar, men ansorlar yurgan yo‘llardan yurar edim, ansorlar men uchun ichki kiyimimdek, boshqalar esa tashqi kiyimimdek”, dedilar va: “Allohim ansorlarga rahmatingni yog‘dir, ularning farzandlariga va farzandlarining farzandlariga ham”, deb ularning haqqiga duo qildilar.
Bu so‘zlarni tinglagan ansorlarning ko‘zlaridan yoshlar to‘kildi, soqollari xo‘l bo‘ldi. Ular yig‘lagan holatda: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni biz bilan bo‘lishlariga rozimiz, bizning g‘animatimiz, bizning ulushimiz bo‘lganlaridan rozimiz!” — deyishdi.
Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni kelajakda bo‘ladigan fitnalardan ogohlantirib shunday dedilar:
“Mendan keyin sizlar o‘zingizga nisbatan adolatsizlikni ko‘rasizlar, ammo sabr qilinglar. Mening havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar!”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV