Aslida qarz berish savobli ish. Qarz berishning savobi sadaqa berishnikidan ko‘proqdir. Chunki, sadaqa muhtojning ham, muhtoj bo‘lmaganning ham qo‘liga tushishi mumkin. Ammo qarz faqat muhtojning qo‘liga tushadi.
Lekin afsuski, qarz olib bermayotganlar ko‘payib bormoqda. Kishi qiyin ahvolda turganda do‘stidan qarz olib, ishini bitiradi. Ammo qarzni qaytarish vaqti kelganda, turli bahonalar bilan bermaslik yo‘lini axtaradi, qochib yuradi. Ba’zilar esa ochiqchasiga olgan qarzidan tonadi. Bu Alloh taolodan qo‘rqmaslik, o‘ta ketgan pastkashlik, oriyatsizlikdir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ لاَ تَأْكُلُواْ أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ
“Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar...” (Niso surasi, 29-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda “Boyning (qarzni to‘lashga imkoni bor kishining) (zimmasidagi haqni) bermay, cho‘zib yurishi zulmdir” deyilgan. Beshovlari rivoyat qilishgan.
Demak, pulni qaytarmayotgan kimsa birovning molini o‘zlashtirgan, unga zulm qilgan bo‘ladi. Qolaversa, o‘rtadagi do‘stlik, birodarlik rishtasiga futur yetadi.
Ba’zilar “Agar o‘lib qolsam, qarzimni o‘g‘illarim qaytaradi” deb xotirjam yurishadi. Tasavvur qiling, siz o‘ldingiz. Hamma sizni dafn etish bilan ovvora. “Otamning qarzlari bor edi. Merosni taqsimlashdan oldin o‘sha qarzni uzib qo‘yaylik. Qani, otamning daftarchalariga qaraylikchi, kimdan qancha qarz olgan ekanlar?” deb birorta farzandingiz aytadimi? Shunday deyishiga ko‘zingiz yetadimi?
Agar qarzni bermay o‘lib qolsangiz, farzandlaringiz ham sizning qarzingizni berishga harakat qilmasalar, qiyomat kuni o‘sha haqdorga sizning savoblaringizdan beriladi. Agar savoblaringiz tugab qolsa, u holda haqdorning gunohlaridan sizning ustingizga yuklanadi. Bu juda og‘ir holat. O‘zi siz o‘sha paytda bitta sajdaning savobiga muhtoj bo‘lib turasiz. Ammo barcha savoblaringiz boshqalarga o‘tib, boshqalarning gunohlari sizning zimmangizga yuklanadi. O‘ta og‘ir vaziyat bu.
Shuning uchun qarzdorlar ko‘zlarini ochishlari, haqdorlarni rozi qilish chorasini ko‘rishlari kerak. Chunki, oxiratda haqdor kechirmaguncha Alloh taolo kechirmaydi.
Bittasi do‘stidan qarz olgan. Qaytarish vaqti kelganda, so‘rasa, “Pulim yo‘q. Imkonim bo‘lishi bilan beraman” degan. Ammo o‘sha qarzdorning tagida lasetti mashinasi bo‘lgan. Bu juda pastkashlikdir.
Agar o‘sha qarz olgan kimsa Alloh taolodan qo‘rqqanida, mashinani sotib, jiguli olib minsa ham ortgan pulni qarziga to‘lagan bo‘lardi.
Alloh taolo barchamizga qarzdan najot bersin! Qarzni to‘lashga imkoni bo‘la turib, bermay yurganlarga insof bersin!
Nozimjon Hoshimjon
Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.