Talaba qushlarga oid ma’lumotlarni yaxshi o‘qib-o‘zlashtirgan edi. O‘quv yili oxirlab, imtihon yaqinlashganda, u zoologiya fanidan bo‘ladigan imtihonga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, qushlar haqidagi ma’lumotlarni yana takrorlab chiqdi. “Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tsam kerak” deb o‘ylardi o‘zicha.
Lekin imtihon paytida ustoz unga qushlar haqidagi savolni umuman boshqacha tarzda berdi: talabaning oldiga bir surat qo‘ydi. Suratda bir necha qushlarning oyoq tasvirlari bor edi. Ustoz rasmni berar ekan, “Bu oyoqlar qaysi qushlarga tegishliligini, ularning nomini topishing kerak” dedi. Talaba rasmlarni ko‘rgach, javobni topa olmasligiga ishonch hosil qilib, biroz xijolat bo‘ldi. O‘rnidan turib, ustozning yoniga bordi va qo‘lidagi javob varaqasini bo‘sh holda uzatdi. Ustozning bunday uslubda savol berganidan xafa edi u. Ustoz esa sovuqqonlik bilan “Imtihonda yiqilding” dedi.
Domla javob qog‘ozini olar ekan, talabaga “Ismingni yozmabsan-ku! Isming nima?” deb so‘radi. (Aftidan ustoz darsga kelib, o‘z mavzusini o‘tib ketavergan, talabalarning ismlari bilan qiziqmagan). Shunda talaba achchig‘i kelib, shimining pochasini ko‘tardi-da, “Oyog‘imning shakliga qarab ismimni, kimligimni topib oling” dedi.
Hikmat: “Yaxshi javob olish uchun yaxshi savol bering!”
“Vaziyatlarni boshqarish san’ati” kitobi asosida
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati