Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyun, 2025   |   16 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyun, 2025, 16 Zulhijja, 1446

Ashuro kuni ro‘zasi fazilati

29.08.2019   5917   12 min.
Ashuro kuni ro‘zasi fazilati

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro kuni deyiladi. Bu kunning o‘ziga xos fazilati bor. Bu haqda ko‘plab rivoyat va hadislar kelgan.

عَنْ حَاجِبِ بْنِ عُمَرَ عَنْ الْحَكَمِ بْنِ الأَعْرَجِ قَالَ: انْتَهَيْتُ إِلَى ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا وَهُوَ مُتَوَسِّدٌ رِدَاءَهُ فِي زَمْزَمَ فَقُلْتُ لَهُ: أَخْبِرْنِي عَنْ صَوْمِ عَاشُورَاءَ فَقَالَ: إِذَا رَأَيْتَ هِلاَلَ الْمُحَرَّمِ فَاعْدُدْ وَأَصْبِحْ يَوْمَ التَّاسِعِ صَائِمًا قُلْتُ: هَكَذَا كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَصُومُهُ قَالَ: نَعَمْ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ وَابْنُ خُزَيْمَةَ وَابْنُ حِبَّانَ وَالطَّبَرَانِيُّ.

Hojib ibn Umar Hakam ibn A’rojdan rivoyat qiladi: “Men Ibn Abbos roziyallohu anhuning oldiga borsam u Zamzam oldida ridosi ustida yonboshlab yotgan ekan. Men: “Ashuro ro‘zasi haqida xabar ber”, dedim. Shunda u: “Agar Muharram oyi hilolini ko‘rsang, hisobini qilib, to‘qqizinchi kuni ro‘za tut”, dedi. Men: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday ro‘za tutarmidilar?” deb so‘ragandim, u: “Ha”, deb javob berdi” (Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Ahmad, Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon va Tabaroniy rivoyati).

Ashuro kunining fazilati u kunda tutiladigan ro‘za bilan chambarchas bog‘liq. Yahudiylar Ashuro kunini ulug‘lab, bu kunda ro‘za tutardilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bundan xabar topganlaridan keyin o‘zlari ro‘za tutdilar va ummatlarini ham ro‘za tutishga buyurdilar. Hatto Ashuro kuni ro‘zasi o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘lishini xabar qildilar. Bu haqidagi rivoyatni quyid ko‘rib chiqamiz. Hozir esa yuqorida kelgan rivoyatga e’tibor qaratamiz.

Bu yerda Muharramning o‘ninchi emas, balki to‘qqizinchi kuni ro‘za tutish haqida gap ketmoqda. Buning sababini quyidagi rivoyatni o‘rganish orqali bilib olamiz.

وَعَنْ عَبْدِ اللهِ بْنَ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: حِينَ صَامَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَأَمَرَ بِصِيَامِهِ قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ إِنَّهُ يَوْمٌ تُعَظِّمُهُ الْيَهُودُ وَالنَّصَارَى فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: فَإِذَا كَانَ الْعَامُ الْمُقْبِلُ إِنْ شَاءَ اللهُ صُمْنَا الْيَوْمَ التَّاسِعَ قَالَ: فَلَمْ يَأْتِ الْعَامُ الْمُقْبِلُ حَتَّى تُوُفِّيَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالطَّبَرِيُّ.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ashuro kuni ro‘zasini tutganlarida o‘sha kuni ro‘za tutishga (boshqalarni ham) buyurdilar. Shunda: “Ey Rasululloh, bu kunni yahudiy va nasroniylar ulug‘lashadi”, deyildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kelasi yil, inshaalloh, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutamiz”, dedilar. Kelasi yil kelmasdan avval Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etdilar” (Muslim, Abu Dovud va Tabaroniy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ashuro kuni, ya’ni Muharram oyining o‘ninchi kuni ro‘za tutib yurardilar. Ba’zi sahobalar yahudiy va nasroniylar bu kunni ulug‘lashib, bayram qilishlarini aytishganida, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kelasi yili, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutishni niyat qildilar. Ammo kelasi yil kelmasidan avval u zot Alloh dargohiga rihlat qildilar. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning niyatlari, qilishni rejalashtirgan ishlari shar’iy qonun bo‘lib, bunga har bir mo‘min-musulmon amal qilishi kerak. Demak, Muharram oyining yolg‘iz o‘ninchi kuni emas, balki to‘qqizinchi yoki o‘n birinchi kunlari ham ro‘za tutish maqsadga muvofiq. Odatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yahudiy va nasroniylarga teskari ish qilib kelganlar. Bu yerda ham shu odatni ko‘rish mumkin. Aynan ularga o‘xshab qolmaslik uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ashurodan bir kun oldin ro‘za tutishni niyat qilganlar.

عَنْ الْحَسَنِ عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ: أَمَرَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِصَوْمِ عَاشُورَاءَ يَوْمَ الْعَاشِرِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَقَالَ: حَدِيثُ ابْنِ عَبَّاسٍ حَدِيثٌ حَسَنٌ صَحِيحٌ.

Hasan Ibn Abbosdan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ashuro kuni ro‘zasini o‘ninchi kuni tutishga buyurganlar” (Termiziy rivoyat qilgan va: “Ibn Abbosning rivoyati hasan-sahih”, degan).

Bu avvalda bo‘lgan ish. Ya’ni, Nabiy sollallohu alayhi va sallam yahudiy va nasroniylar Ashuro kunini bayram qilishlaridan xabar topgunlarigacha Muharram oyining o‘ninchi kuni ro‘za tutib kelganlar va boshqalarni ham bu ishga targ‘ib qilganlar. Yuqoridagi rivoyatda aytilgan ish sodir bo‘lgach, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutishni niyat qilganlar. Mana shu uch rivoyatni jamlab umumiy xulosa chiqarish mumkin:

1. Muharram oyining yolg‘iz o‘ninchi kuni emas, balki bir kun oldin yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutish Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlaridir.

2. Yuqoridagi Ibn Abbos tomonidan aytilgan “to‘qqizinchi kuni ro‘za tutgan holingda tong ottir”, degan qavli “to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlari ro‘za tutasan”, degan ma’noni anglatadi.

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: مَا رَأَيْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَتَحَرَّى صِيَامَ يَوْمٍ فَضَّلَهُ عَلَى غَيْرِهِ إِلاَّ هَذَا الْيَوْمَ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَهَذَا الشَّهْرَ يَعْنِي شَهْرَ رَمَضَانَ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ.

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ushbu kun – Ashuro kuni va ushbu oy, ya’ni Ramazon oyi ro‘zasini istaganchalik (intiq bo‘lganchalik) boshqa kun va oylarning ro‘zasini afzal ko‘rmas edilar” (Buxoriy, Muslim va Nasoiy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ikki xil ro‘zani intiq bo‘lib kutardilar. Bular Ashuro kuni ro‘zasi va Ramazon oyi ro‘zasi. Ramazon oyi ro‘zasi farz. Uni tutgan banda cheksiz ajr-savobga erishadi. Bu oy fazilati va unda tutiladigan ro‘za haqida qancha gapirsa, shuncha oz. Ammo mazkur rivoyatda Ashuro kunining ro‘zasi ham qanchalik fazilatli ekani aytilmoqda. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam biron amalni qilishga behikmat intiq bo‘lmaganlar. U zot qachon Muharram oyi kelar ekan, o‘sha kunda ro‘za tutaman, deb intizorlik bilan kutdilarmi, demak, bu kunda ro‘za tutish, boshqa solih amallarni qilish maqsadga muvofiq. Biz ham Payg‘ambarimizga ergashib, Ramazon va Ashuro ro‘zalarini intiqib kutishimiz va ularni risodaladgidek ado etishga harakat qilishimiz kerak.

عَنْ هِشَامِ بْنِ عُرْوَةَ عَنْ أَبِيهِ أَنَّ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ يَوْمُ عَاشُورَاءَ تَصُومُهُ قُرَيْشٌ فِي الْجَاهِلِيَّةِ وَكَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَصُومُهُ فَلَمَّا قَدِمَ الْمَدِينَةَ صَامَهُ وَأَمَرَ بِصِيَامِهِ فَلَمَّا فُرِضَ رَمَضَانُ تَرَكَ يَوْمَ عَاشُورَاءَ فَمَنْ شَاءَ صَامَهُ وَمَنْ شَاءَ تَرَكَهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالدَّارِمِيُّ وَمَالِكٌ وَأَحْمَدُ.

Hishom ibn Urva otasidan, otasi Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladi: “Johiliyat davrida Quraysh Ashuro kuni ro‘zasini tutardilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ham ushbu kun ro‘zasini tutardilar. U zot Madinaga borganlarida ham bu kun ro‘zasini tutdilar va boshqalarni ham ro‘za tutishga buyurdilar. Ramazon oyi ro‘zasi farz bo‘lganida Ashuro kuni ro‘za tutishni tark qildilar. Bas, kim xohlasa tutar. Xohlamaganlar tutmas edi” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Dorimiy, Molik va Ahmad rivoyati).

Ushbu rivoyatda aytilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam payg‘ambar bo‘lganlaridan to hijriy ikkinchi yilgacha Ashuro kuni ro‘zasini tutganlar va boshqalarga ham ushbu kun ro‘zasini tutishni buyurganlar. Hijriy ikkinchi yilda Ramazon oyi ro‘zasi farz bo‘lganidan keyin u zot Ashuro kuni ro‘zasi ixtiyoriy ekani, xohlaganlar tutishi va xohlamaganlar tutmasligi mumkinligini ma’lum qildilar.

Lekin e’tibor berib qarasak, boshqa biron nafl ro‘zaga Ashuro kuni ro‘zasichalik targ‘ib qilmaganlar. Shundan ma’lum bo‘ladiki, bu kuni ro‘zasini tutish sunnati muakkada sanaladi.

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: قَدِمَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَدِينَةَ فَرَأَى الْيَهُودَ تَصُومُ يَوْمَ عَاشُورَاءَ فَقَالَ: مَا هَذَا قَالُوا: هَذَا يَوْمٌ صَالِحٌ هَذَا يَوْمٌ نَجَّى اللهُ بَنِي إِسْرَائِيلَ مِنْ عَدُوِّهِمْ فَصَامَهُ مُوسَى قَالَ: فَأَنَا أَحَقُّ بِمُوسَى مِنْكُمْ فَصَامَهُ وَأَمَرَ بِصِيَامِهِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam Madinaga borganlarida yahudiylar Ashuro kuni ro‘za tutayotganlarini ko‘rib, “Bu nima?” deb so‘radilar. Shunda: “Bu xayrli kuni bo‘lib, unda Alloh bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu sabab Muso ushbu kunda ro‘za tutgan”, deb javob berildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam esa: “Men Musoga sizlardan ko‘ra haqliroqman”, dedilar va ushbu kun ro‘zasini tutib, boshqalarni ham ro‘za tutishga amr qildilar” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud rivoyati).

Bu rivoyatda yahudiylar nima sababdan Ashuro kuni bayram qilishlari bayon qilinmoqda.

Alloh taolo aynan shu kuni Muso alayhis salom va Bani Isroil qavmini Fir’avn zulmidan qutqargan ekan. Yahudiylar mana shuni sabab qilib, bu kunda ro‘za tutar ekanlar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam buni eshitib, Muso alayhis salomga yahudiylardan ko‘ra musulmonlar haqliroq ekanini aytdilar va Ashuro kuni ro‘za tutishga amr qildilar.

عَنْ أَبِي مُوسَى رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ أَهْلُ خَيْبَرَ يَصُومُونَ يَوْمَ عَاشُورَاءَ يَتَّخِذُونَهُ عِيدًا وَيُلْبِسُونَ نِسَاءَهُمْ فِيهِ حُلِيَّهُمْ وَشَارَتَهُمْ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: فَصُومُوهُ أَنْتُمْ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَمُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ فِي السُّنَنِ الْكُبْرَى.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Xaybar ahli Ashuro kuni ro‘za tutar, ushbu kunni bayram qilib nishonlar, xotinlariga o‘sha kunda taqinchoqlar taqtirib, yasantirishar edi. Buni ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bas, sizlar ham ushbu kun ro‘zasini tutinglar!” dedilar” (Buxoriy, Muslim, Nasoiy “As-sunanul kubro”da rivoyat qilgan).

Bu rivoyatda ham yahudiylar Ashuro kunini o‘zgacha kayfiyatda bayram qilishlari, xususan bu kunda ro‘za tutishlari aytilmoqda. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yahudiylarning bu ishlarini ko‘rib, musulmon Muso alayhis salomga ularda ko‘ra haqliroq ekanini aytib, o‘z ummatlarini Ashuro kuni ro‘za tutishga buyurdilar.

وَعَنْ أَبِي قَتَادَةَ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: صِيَامُ يَوْمِ عَاشُورَاءَ أَحْتَسِبُ عَلَى اللهِ أَنْ يُكَفِّرَ السَّنَةَ الَّتِي قَبْلَهُ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ وَأَحْمَدُ.

Abu Qatodadan rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Ashuro kuni ro‘zasi o‘tgan yilgi gunohlarga kafforat bo‘lishidan umid qilaman!” deganlar (Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati).

Bu hadisdan Ashuro kuni tutiladigan ro‘zaning qanchalik fazilatli ekani ma’lum bo‘ladi. Boshqa oy yoki kunlarda tutiladigan ro‘za tufayli bandaning gunohlari kechirilishi aytilsa-da, biroq qancha gunohi mag‘firat qilinishi aniq bayon qilinmagan. Ushbu rivoyatda esa Ashuro kuni ro‘za tutgan bandaning avvalgi yilda qilgan gunohlari kechirilishi ma’lum qilinmoqda.

Ulamolar yuqorida kelgan va bu borada vorid bo‘lgan barcha rivoyatdan kelib chiqib, Ashuro kuni ro‘za tutish sunnati muakkada, degan xulosaga kelishgan. Qaysi banda niyat va ixlos bilan Ashuro kuni ro‘zasini tutsa, va’da qilingan ajr-mukofot va gunohlari kechirilishiga erishadi. Bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik, fursatni g‘animat bilib, solih amallarda peshqadam bo‘lish har bir mo‘min insonning burchidir.

 

Toshkent shahar Shayxontoxur tumani

bosh imom-xatibi Odilxon qori Ismoilov

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Nima uchun “arafot” deb nomlangan?

04.06.2025   5335   4 min.
Nima uchun “arafot” deb nomlangan?

Arafot so‘zi lug‘atda – bilish, tanish ma’nolarini bildiradi.

Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.

Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.

Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 93 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.

Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).

Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.

Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).

Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:

“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.

Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn.

Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.

Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar.

Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin.

A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai.

Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib,  barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda  Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.

Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!

Davron NURMUHAMMAD