O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi yuqoridagi savollarga Xalqaro Press-klubda spiker sifatida qatnashayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov javob berdi.
Sh.Minovarovning ta’kidlashicha, markaz 20 ga yaqin turdosh markaz bilan ilmiy aloqada bo‘ladi.
Shuningdek, markazning o‘z axborotnomasi mavjud bo‘lib, u xalqaro me’yorlarga asoslanadi. Islom sivilizatsiya markazi Misrning Al-Azhar universiteti bilan ham onlayn tarzda ilmiy muhokamalar olib boradi.
Markazning o‘z rasmiy sayti tashkil etiladi. Sayt avvalo arab tilida va boshqa tillarda ham ishlab turadi.
Sh.Minovarovning aytishicha, xalqaro aloqalar Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy maqsadlaridan biri bo‘ladi va u xalqaro ilmiy jamoatchilik markazidagi ilm dargohi bo‘lishi kutilmoqda.
Samarqand va Termizdagi islom markazlaridan farqi shundaki, Islom sivilizatsiyasi markazida ilmiy tekshirish laboratoriyalari, ko‘rgazmalar majmui tashkil etiladi. Markazda III asrdan boshlab hozirgacha millatimiz yaratgan asarlar o‘rin oladi. Soha bo‘yicha tahsil olayotgan magistrlar ilmiy ishlarini olib boruvchi tadqiqot xonalari quriladi. Bir so‘z bilan aytganda, Islom sivilizatsiyasi markaziga kirgan inson islom dini haqidagi tasavvurlarini boyitadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odamlarning ustiga yolg‘onchi yillar soya soladi. O‘sha kezlarda yolg‘onchi tasdiqlanadi, rostgo‘y yolg‘onchiga chiqariladi. Xoin kishi ishonarli bo‘ladi, omonatdor kishi xoinga chiqarib qo‘yiladi va ruvaybiza gapiradi”, dedilar. U zotga: “Ruvaybiza” kim? – deyildi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ommaning ishini gapiradigan esi past odam”[1], dedilar.
Ibn Manzur “Lisonul arab” kitobida: “Ruvaybiza – bir ish qilish qo‘lidan kelmaydigan notavon odam. Ko‘pincha, bu so‘z esi pastlarga nisbatan ishlatiladi, chunki ular uyida ko‘p o‘tirishadi va katta ishlar bilan kam shug‘ullanishadi”, degan[2].
Davralarda o‘tirib poyintar-soyintar gap gapiradigan kishini uchratganmisiz?
Yoki maza-bemaza ishlar to‘g‘risida uzundan-uzun maqolalar yozadigan muxbirlarni uchratasizmi?
Yoxud bekorchi ko‘rsatuvlarga chiqib, birorta foyda keltirmaydigan ishlarni gapiradigan odamlarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Ko‘pincha bunday holatlar zarar keltirib, dilni xira qiladi. Odamlarning boshini aylantirib, fikrlarini chalg‘itadi.
Hammajlislarning qay biri yaxshiroq?
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Yo Allohning Rasuli, bizlarga qay bir hammajlis yaxshiroq?” – deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Uni ko‘rish sizga Allohni eslatadigan, u bilan gaplashish ilmingizga ilm qo‘shadigan va amali sizlarga oxiratni eslatadiganidir”, [3] dedilar.
Bizning hamsuhbatlarimiz orasida bunday sifatlilar topiladimi?
Do‘st-yorlar bilan birga o‘tirsangiz, o‘sha o‘tirishingizni Habibimiz sollallohu alayhi vasallam o‘rgatgan lafzlar bilan yakunlash esingizdan chiqmasin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Birov bir davrada o‘tirsa va behuda gaplar ko‘payib ketsa, o‘rnidan turayotib: “Subhanakallohumma va bihamdika, ashhadu allaa ilaha illaa anta. Astag‘firuka va atuubu ilayk”, deydigan bo‘lsa, o‘sha majlis davomida bo‘lgan ishlar mag‘firat qilinadi”[4].
O‘ylab ko‘ring, shu zikrni aytish uchun qancha vaqt ketadi? Bor-yo‘g‘i bir necha soniya. Biroq qanchadan-qancha odamlar bu fazilatdan bebahra qolishyapti. Axir, bu olamlar Robbi tarafidan bo‘ladigan afv va mag‘firatku...
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Ibn Moja rivoyati.
[2] Lisonul arab, 7/153.
[3] Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Termiziy rivoyati.