Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Afvning ajri Allohning zimmasida

28.08.2019   2513   4 min.
Afvning ajri Allohning zimmasida

Har tong  farzandini ishga kuzatayotib, qo‘llarini duoga ochib qolayotgan, farzandi ishdan qaytadigan vaqt bo‘lganda  ostonaga chiqib olib, uni ko‘zlari nigoron bo‘lib kutib o‘tiradigan, qaytganida qalbi quvonchga to‘lib quchoq ochib kutib oladigan ota-ona;

Ne-ne orzular bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan jufti halolini tongda ishga kuzatib, kechgacha vaqti-vaqti bilan uning uydagi kiyimlarini hidlab-hidlab qo‘yayotgan, eri ishdan qaytishiga  shirin taomlar pishirib, chiroyli kiyimlarini kiyib, atir-upalar surayotgan baxtiyor ayol;

Erta tongda uyquli ko‘zlari  bilan otasining pinjiga kirib yotib oladigan, otasi ishga jo‘nayotganda jajji qo‘lchalarini silkib xayrlashib qolayotgan, kechqurun qaytganda esa o‘zini quchog‘iga otib kun davomida uni qanday sog‘inganini ta’riflab berayotgan jajji bolakay;

Ukamning ro‘zg‘oridan xabar olib kelay, tinch o‘tiribdimikan, yeyish-ichishdan qiynalib qolmadimikan, degan ezgu niyatli akalar;

Akamning uyiga bir kirib o‘tay, biror xizmati bo‘lsa qarashib yuboray, degan samimiyatli ukalar;

Sigirining oqligidan orttirib, ukasining ro‘zg‘origa olib keluvchi mehribon opalar;

Akasining uyini supurib-sidirishda yangasiga yordamga oshiquvchi mushfiqa singillar;

Har doim birga ishlaydigan, fikr almashadigan, ziyoratlarga, sayohatlarga  birga boradigan, har doim yonida ekanini, taftini his qilib turadigan sodiq do‘st;

Tansiqroq taom pishirsa, ilinadigan, kechqurunlari toza havoga sayrga chiqqanda dilkash suhbatlar quradigan, yaxshi-yomon kunlarda sevinchingizga sherik, qayg‘ungizga hamdard bo‘ladigan xushfe’l qo‘ni-qo‘shnilar, mehribon qavmu qarindoshlar...

Agar biror kishi qandaydir sabab bilan panjara ortiga o‘tib qolsa, ana shularning  hammasining boshi egilib, ko‘ziga dunyo tor bo‘lib qoladi.

Muhtaram Prezidentimizning eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz – Vatanimiz mustaqilligi e’lon qilinganining 28 yilligini nishonlash arafasida e’lon qilingan "Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida"gi Farmonni imzolagani va shu Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 23-bandiga asosan, sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 65 nafar fuqaro afv etilishi, qarang, qancha insonlarning baxtini, baxtiyorligini qaytarib berdi. Buni go‘yoki to‘xtab qolgan hayot aravasi birdaniga yurib ketganiga, so‘lib qolgan chechaklar qaytadan barq urib ketganiga mengzasa bo‘ladi.

Binobarin, Alloh taolo aytadi: “...(har qanday) yomonlikning jazosi xuddi o‘ziga o‘xshagan yomonlikdir (ya’ni har bir yomonlikning o‘ziga yarasha jazosi bordir). Endi kim (intiqom olishga qodir bo‘lgani holda) afv qilib (o‘rtani) tuzatsa, bas uning ajri Allohning zimmasidadir. Albatta, U zulm qilguvchilarni sevmas” (Sho‘ro, 40).

Prezidentimizning ushbu farmoni ana shu oyati karimaga muvofiqdir. Adashgani oqibatida xalqimizga, davlatimizga nisbatan yomonlik qilgan kishilarga o‘zlarining yomonliklariga munosib tarzda javob qaytarish imkoni yuz chandon bo‘lib turgan pallada ular afv etildi. Buning uchun afv etuvchiga Alloh taoloning ajri bor.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Odam bolasining har biri ham gunoh qiladi, ammo ularning ichida eng yaxshilari, qilgan gunohlariga tavba qiladiganlaridir”, deb marhamat qilganlar.

Hadisi sharifdan gunoh qiluvchilarning eng yaxshilari qilgan gunohlariga tavba qiluvchilar ekani ayon bo‘lmoqda. Shunday ekan, adashib, noto‘g‘ri yo‘llarga kirib qolgan, bugungi kunda o‘z qilmishidan pushaymon bo‘lib, to‘g‘ri xulosa chiqarib olgan fuqarolarni kechirish qanchalar fazilatli ish. Zotan, Vatanimizda olib borilayotgan islohotlarda avvalambor inson manfaatlari ustuvor ahamiyat kasb etayotgani ham ana shu farmonda o‘z in’ikosini topgan.  Zero, islohotlarning asosiy maqsadi butun jamiyatning kuch va imkoniyatlarini xalqimiz farovonligi yo‘lida birlashtirish hamda shu orqali barcha yurtdoshlarimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, davlatimizning jahon sahnasidagi mavqeini yana yuksaltirishdan iboratdir.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

10.01.2025   3902   2 min.
Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.