Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2025   |   13 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:58
Xufton
21:36
Bismillah
09 Iyun, 2025, 13 Zulhijja, 1446

Muharram oyi va ashuro kunining fazilatlari

28.08.2019   5030   3 min.
Muharram oyi va ashuro kunining fazilatlari

MUHARRAM OYI

Hijriy yilimizni boshlab beruvchi muharram oyining nomi lug‘atda «hurmatlanuvchi», «ulug‘lanuvchi» degan ma’nolarni ang­latadi. Bu oy hijriy sananing boshi bo‘lgani, urushlar harom bo‘lgani, o‘ninchi kuni Ashuro kuni bo‘lgani uchun muhtaramdir, muharramdir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muharram oyidagi ro‘zani Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za deganlar, Ramazondan keyin ro‘za tutilsa, muharramda tutish afzalligini aytib, «U Shahrullohdir (Allohning oyidir). Alloh shu oyda bir qavmning tavbasini qabul qilgan, boshqa qavmlarning ham  tavbasini qabul qiladi», deganlar.

 ASHURO KUNI

«Ashuro» so‘zi lug‘atda «o‘ninchi» degan ma’noni bildiradi. Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro nomi bilan mashhurdir. Bu kun barcha ummatlar tomonidan qadimdan hurmatlab kelinadigan fazilatli kundir. Islom kirib kelgan davrda nasroniylar ham, yahudiylar ham bu kunni ulug‘lashardi. Payg‘ambarimiz hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham Ashuro kuni ro‘za tutganlar, sahobalariga ham ro‘za tutishni buyurganlar. Buni eshitgan ba’zi sahobalar bu kunni boshqa din vakillari ham ulug‘lashini eslatishgan, shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Unday bo‘lsa, kelasi yili muharram oyining faqat o‘ninchi kunida emas, to‘qqizinchi kunida ham ro‘za tutamiz», dedilar. Shuning uchun mo‘min-musulmonlar muharram oyining to‘qqizinchi va o‘ninchi kunlari ro‘za tutadilar.

Ashuro kunining ro‘zasi nihoyatda fazilatli nafl ibodatdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Umid qilamanki, Ashuro kunining ro‘zasi o‘tgan yilning gunohlariga kafforot bo‘ladi», deganlar.

Ashuro kunining yana bir ajoyib fazilati, xislati bor. Mo‘min-musulmonlar bu kunlari ro‘zg‘orni but qilib qo‘yishlari sunnatdir.

Oila a’zolari uchun odatdagidan keng-mo‘l sarf-xarajat qilsa, Alloh taolo bu kunning hurmatidan unga yil bo‘yi kenglik qilib beradi.

Imom Tobaroniy va Bayhaqiylar rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi», deganlar.

Muharram oyining o‘ninchi kuni Ashuro deb nomlanishi haqida alloma Qozi Iyoz rahmatullohi alayh o‘zlarining «Mashoriqul anvor» asarlarida bayon qilib, johiliyat kishilarining tilida «fo’ulo» vazni ishlatilmagan, deydilar. Binobarin, bu kunning Ashuro deb nomlanishi Islom dini bilan bog‘liqdir.

Ashuro kunida insoniyat tarixidagi juda ko‘p muhim voqealar sodir bo‘lganligi haqida  manbalarda bayon qilingan. Jumladan, vatandoshimiz Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayh o‘zlarining «Tanbihul g‘ofilin» nomli kitoblarida Ikrima roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadilar: «Ashuro kuni Odam alayhissalomning tavbalari qabul qilingan, Nuh alayhissalom kemadan tushib, buning shukronasiga ro‘za tutgan, Fir’avn g‘arq etilib, Bani Isroilga dengiz yorilgan va shuning uchun ular ro‘za tutgan kundir. Sen ham o‘sha kuni ro‘za tutishga qodir bo‘lsang, albatta tutgin».

Demak, inson biror ulug‘ ne’matga musharraf bo‘lsa, buning shukronasiga hech bo‘lmasa bir kun nafl ro‘za tutmog‘i maqsadga muvofiqdir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haftaning har dushanba kuni nafl ro‘za tutar edilar. Sahobalar buning sababini so‘raganlarida: «Men shu kunda tug‘ilganman, shu kuni payg‘ambar bo‘lganman», deb javob berganlar.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV

 

«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Minoda qanday amallar bajariladi?

04.06.2025   5333   2 min.
Minoda qanday amallar bajariladi?

Zulhijja oyining 8 kuni “Tarviya kuni” deyiladi.

“Tarviya” deyilishiga sabab o‘sha kuni hojilar zam-zam suvidan qonib-qonib ichadilar.

“Tarviya” – tafakkur ma’nosida ham qo‘llaniladi. Chunki zulhijjaning sakkizinchi kechasida Ibrohim alayhissalom tushlarida o‘g‘illari Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilayotganlarini ko‘radilar va bu tush shaytoniymi yoki rahmoniy deya o‘sha kunni tafakkur bilan o‘tkazadilar. Shunga ko‘ra, bu kun “Tarviya – tafakkur kuni” deyiladi.

 

Mino lug‘atda – “orzu, istak” degan ma’nolarni bildiradi. Makka va Muzdalifa oralig‘idagi qishloqning nomi. Arablar odamlar to‘plangan joyni “mino” deb atashadi. Mino Masjidul-harom shimolidan 7 km. uzoqlikda joylashgan.

Bu yerda Ibrohim alayhissalom shaytonga tosh otganlar, qurbonlik qilganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham aynan shu joyda tosh otib, qurbonliklarini ado etganlar. Bu muqaddas makonda Nasr va Mursalot suralari nozil bo‘lgan.

 

Hojilar zulhijjaning sakkizinchi kuni bomdod namozidan so‘ng Minoga qarab yo‘l olishadi. Minoda tarviya kunining peshin, asr, shom, xufton hamda arafa kunining bomdod namozlari o‘qiladi. Keyin arafotga jo‘nab, o‘ninchi kuni yana Minoga qaytishadi va ikki kun shaytonga tosh otishni davom ettirishadi.

Minoda bajarilishi zarur bo‘lgan amallar haqida Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Va o‘zlariga bo‘ladigan manfaatlarga shohid bo‘lsinlar. Ma’lum kunlarda ularga rizq qilib bergan chorva hayvonlarini (so‘yishda) Allohning ismini zikr qilsinlar. Bas, ulardan yenglar va bechora va faqirlarga ham yediringlar. So‘ngra o‘zlaridagi kirlarni ketkazsinlar, nazrlariga vafo qilsinlar va “Qadimgi uy”ni tavof qilsinlar”, deganimizni esla» (Haj surasi, 28-29-oyatlar).

Ushbu oyatda Mino kunlari jamarotda tosh otish, qurbonlik qilish va soch oldirib ehromdan chiqish kabi amallarni ado etish ta’kidlanmoqda. Mino kunlari ushbu uchta amalni mukammal tarzda bajarish vojibdir.

Alloh taolo qilayotgan va qiladigan barcha solih amallaringizni O‘z dargohida qabul etsin. O‘zi kuch-quvvat bersin..

Davron NURMUHAMMAD