Bugun, 27 avgust kuni poytaxtimizdagi «Suzuk ota» majmuasida O‘MIning Toshkent shahridagi vakilligi faoliyat boshladi. Ushbu majmua Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilib, ramazon oyida foydalanishga topshirilgan edi. Ma’lumki, «Suzuk ota» masjidi tarixiy maskanlardan biri bo‘lib, o‘tmishi bevosita Amir Temurga borib taqaladi. Vakillik binosining ayni shu majmuadan o‘rin olishi quvonarli va, inshaalloh, xayrlidir.
«Suzuk ota» majmuasi shahar markazida joylashgan bo‘lib, vakillik binosining ushbu yerda bo‘lishi aynan maqsadga muvofiqdir. Vakillik o‘ziga munosib maskandan joy oldi, desak xato qilmagan bo‘lamiz.
Toshkent shahriga yangi tayinlangan bosh imom-xatib Nuriddin domla Xoliqnazarov bugundan o‘z vazifasini bajarishga ayni shu maskanda kirishdilar.
Tadbirda O‘MI raisi o‘rinbosari, bo‘lim boshliqlari hamda vakillik xodimlari, nuroniy otaxonlar va boshqa mehmonlar ishtirok etdilar. An’analarimizga muvofiq qurbonlik marosimi amalga oshirildi, Qur’oni Karim oyatlari tilovat qilindi.
Toshkent shahrida mas’ul vazifaga kirishayotgan Nuriddin domla Xoliqnazarovga ushbu mashaqqatli xizmatda Alloh taolodan kuch-quvvat, himmat va salomatlik so‘raymiz.
Domlaning Andijon viloyati bosh imom-xatiblik vazifasida qilgan uzoq yillik xizmatlarini, viloyatda ma’naviy-ma’rifiy salohiyat oshishida qo‘shgan ulkan hissalarini Haq taolo qabul etsin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent shahridagi vakilligining yangi binosi quyidagi manzilda joylashgan:
Toshkent shahri Shayxontohur tumani Suzuk ota ko‘chasi 50-uy.
O‘MI Toshkent shahar vakilligi matbuot xizmati
"O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida"gi qonun 1992 yil 2 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X-sessiyasida qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi quyidagi ko‘rinishga ega: tog‘lar, daryolar va so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochib turadi.
Gerbning yuqori qismida Respublika hurligining ramzi sifatida sakkizburchak tasvirlangan bo‘lib, uning ichki qismida yarim oy va yulduz tasvirlangan. Gerbning markazida baxt va erksevarlik ramzi — qanotlarini yozgan Humo qushi tasvirlangan.
Gerbning pastki qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lentasining bantida "O‘zbekiston" deb yozib qo‘yilgan.