Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Rostgo‘ylikni mahkam tutinglar. Zero, rostgo‘ylik ezgulikka yo‘llaydi, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapirish va rostgo‘ylikka intilishda davom etaveradi, natijada Alloh huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘onchilikdan saqlaninglar. Zero, yolg‘onchilik fojirlikka (gunohkorlikka), fojirlik esa do‘zaxga boshlaydi. Banda yolg‘on gapirish va yolg‘onchilikka intilishda davom etaveradi, nihoyat Alloh huzurida yolg‘onchi deb yoziladi», dedilar» (Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati).
Navos ibn Sam’on roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Birodaring seni tasdiqlab, senga ishonib turganida, unga yolg‘on gap aytishing katta xiyonatdir», dedilar» (Ahmad rivoyati).
Yana bir muborak hadislarning birida aytilishicha, musulmonning musulmonga qilgan xiyonati yolg‘on gapirish bilan sodir etilar ekan. Bunda bir mo‘min boshqa bir mo‘minga – birodariga u unga ishonib turganida uni aldaydi, so‘zlasa yolg‘on so‘zlaydi. Bundan uning qalbi og‘rinadi, ixlosi so‘nadi ba’zan birodarlik aloqalari uzilishi yohud birodariga nisbatan ishonch qaytmasligi mumkin. Mana shuni nazarda tutib ham yolg‘on – xiyonatga tengdir, deb zikr qilingan bo‘lsa ajab emas.
Yolg‘on gapirish, yolg‘on ko‘rsatma – guvohlik berish tildan yetishi mumkin bo‘lgan bandalarga eng og‘ir zarar beruvchi amal hisoblanadi. Yolg‘on – gunohi kabiradir. Robbisiga kabira gunohlar bilan yo‘liqmagan bandani Alloh azza va jalla marhamat qilsa, O‘zi istagan qulidangina uni ko‘tarishi mumkin-u, ammo kabira gunohlarni davomiy qilib yurgan bandasi haqida va’da bermagan.
G‘iybat so‘z ham, to‘xmat so‘z ham avvalo yolg‘on gapirish orqaligina sodir bo‘ladi. G‘iybatni qanchalar og‘ir gunohligi haqida uning darajasi zino qilgandan ham yuqoriroq ekanligiga ahamiyat beradigan bo‘lsak, g‘iybat so‘zlar ko‘p hollarda aynan mana shu yolg‘on guvohlik berishlar orqaligina yuzaga kelishini ko‘rishimiz mumkin. Biz tilimizni yolg‘ondan tiysak, jazosi so‘ngsiz azob bo‘ladigan g‘iybatning ham, to‘xmatning ham, chaqimchilikning ham oldini olgan bo‘lamiz. Bunda ham bir insonning qalbiga ozor yetmaydi, ham arzimagan bir gap deb jamoat orasida obro‘yimiz to‘kilmaydi. Alloh nazdida ham darajamiz ko‘tariladi, ham yolg‘on gapirishimiz mumkin bo‘lgan bir vaqtda rostini aytib, savob va ajrlarga ega bo‘lamiz inshaalloh!
Alloh taolo aytadi:
«Shak-shubha yo‘qki, Alloh yolg‘onchi va kofir kimsalarni hidoyat qilmas» (Zumar surasi, 3).
«Albatta, Alloh isrofchi va kazzob bo‘lgan shaxsni hidoyat qilmas» (G‘ofir surasi, 28).
Ya’ni, Alloh yolg‘onchi va kofir kimsani haq dinga yo‘llab qo‘ymaydi. U haddan oshib zalolatga botgan va U zot sha’niga yolg‘on to‘qiydigan kimsani hidoyati - iymonga, muvaffaq qilmaydi.
Iymon tushunchasi faqatgina musulmonlarga emas, har bir bandasiga beriladigan ulug‘ ne’mat hisoblanadi. Banda dunyoga kelib, o‘zi umri davomida topgani eng buyuk rizq bu – iymondir. O‘z – o‘zidan yuqoridagi oyatlardan anglashiladiki, bir banda rostgo‘y bo‘lsa, unga musulmon bo‘lish sharafi nasib etishi bilan birgalikda, iymon ham qalbga o‘rnashar, rostgo‘yligi sababidan Allohning nazariga tushar ekan. Tasavvur qiling, shuning aks holati bo‘lsa, aslida u musulmon bo‘lsada nimadir “sabab” bo‘lib yolg‘onni kasb etib olib, tavbani kechiktirib, bunda bardavom bo‘lgudek bo‘lsa o‘zi uchun berilgan iymon ne’mati va uning nuridan mosuvo bo‘lishi ham mumkin ekan.
O‘zining haq kalomida keltirilgan quyidagi oyatga diqqat qilaylik:
«Yolg‘on so‘zlarni ham faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydigan kimsalargina to‘qirlar. Ana o‘shalar yolg‘onchidirlar» (Nahl surasi, 105).
Ya’ni, Allohga va oyatlariga iymon keltirmagan kimsagina U zot sha’niga yolg‘on to‘qiydi. Chunki u azobga duchor bo‘lishidan qo‘rqmaydi. U haqiqiy yolg‘onchidir. Yolg‘on gapirish ulkan jinoyat bo‘lgani bois, mo‘min unga yaqinlashmaydi.
“Yaxshi bilan yursang yetarsan murodga, Yomon bilan yursang qolarsan uyatga” degan hikmatli so‘z bor xalqimizda. Buyuk Arshning sohibi bo‘lgan Alloh azza va jalla yolg‘on gapirishning og‘ir gunohligini va unga mo‘min bo‘lganlar yaqinlashmasligini uqtiradi. Shunday ekan, banda do‘st tanlashda ham ehtiyotkor bo‘lmog‘i lozim ekan. Mo‘min kishi nafaqat yolg‘ondan uzoq turishi, balki yolg‘onchi kimsalarga ham yaqin bo‘lmasligi kerak ekan. Albatta, musulmonga hamma amalni ham, hamma narsaning ham eng a’losi, yaxshisi yarashadi.
Mehrli va rahmli bo‘lgan Alloh taolo barchamizni gunoh amallarni qilishdan, ularga yaqin bo‘lib Uning roziligini topolmay qolishimizdan panoh bersin,, O‘zi rozi bo‘ladigan ishlarga yo‘llab, qalblarimizni go‘zal, xayrli ishlarga ilhomlantirib qo‘ysin. Amin Ya Robbil A’lamin.
(Davomi bor...)
Viloyat bosh imom xatibi: T.Ro‘ziyev
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ كَعْبِ بْنِ مَالِكٍ t - وَكَانَ يَقُودُ أَبَاهُ بَعْدَ ذِهَابِ بَصَرِهِ - قَالَ: كَانَ أَبِي إِذَا سَمِعَ النِّدَاءَ يَوْمَ الْجُمُعَةِ تَرَحَّمَ لِأَسْعَدَ بْنِ زُرَارَةَ، فَسَأَلْتُهُ عَنْ ذَلِكَ، فَقَالَ: لِأَنَّهُ أَوَّلُ مَنْ جَمَّعَ بِنَا فِي هَزْمِ النَّبِيتِ مِنْ حَرَّةِ بَنِي بَيَاضَةَ فِي نَقِيعٍ، يُقَالُ لَهُ نَقِيعُ الْخَضِمَاتِ، قُلْتُ: كَمْ أَنْتُمْ يَوْمَئِذٍ؟ قَالَ: أَرْبَعُونَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَابْنُ حِبَّانَ وَالْبَيْهَقِيُّ.
Abdurrahmon ibn Ka’b ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Otalarining ko‘zi ojiz bo‘lib qolgach, u kishi yetaklab yurar edilar: «Otam qachon juma kuni azonni eshitsa, As’ad ibn Zurorga rahmat tilar edi. Men bu haqda so‘radim. U kishi: «Chunki u bizga ilk bor Naqiy’ul Xazimot deb nomlanadigan «Naqiy’»da Banu Bayoza Harrasining «Hazmun nabiyt»ida juma o‘qitgan kishidir», – dedi. Men: «O‘sha kuni necha kishi edinglar?» – dedim. U kishi: «Qirqta», – dedilar».
Abu Dovud, Ibn Hibbon, Bayhaqiy rivoyat qilishgan.
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: إِنَّ أَوَّلَ جُمُعَةٍ جُمِّعَتْ بَعْدَ جُمُعَةٍ فِي مَسْجِدِ رَسُولِ اللهِ r فِي مَسْجِدِ عَبْدِ الْقَيْسِ بِجُوَاثَى مِنَ الْبَحْرَيْنِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlaridagi jumadan keyingi o‘qilgan birinchi juma Bahraynda, Juvosodagi abdulqaysliklar masjididagi edi» (Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilishgan).
«Juma haqidagi oyat va hadislar» kitobidan