G‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy hazratlari o‘zlarining beqiyos ijodlarida Qur’oni karim oyatlari va ko‘plab hadisi shariflarning ma’nolarini go‘zal va ta’sirli tarzda sharhlab berganlar. Quyida u zotning ijodlaridan ba’zilarini e’tiboringizga havola qilamiz.
Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: “O‘zi yaxshi ko‘rgan narsani o‘zgalarga ham ravo ko‘rmaguncha (komil) mo‘min bo‘la olmaydi”.
Ushbu hadisi sharifni Alisher Navoiy hazratlari shunday sharhladilar:
Mo‘min emasdur ulki iymondin
Ro‘zgorida yuz safo ko‘rgay
Toki qardoshiga ravo ko‘rmas,
Har nakim o‘ziga ravo ko‘rgay.
Bu hadisi sharifni ulamolar Muqaddas dinimizning madori bo‘lgan hadislardan sanaydilar. Chunki, agar jamiyatda har bir shaxs faqat o‘z manfaati uchun yashasa, unday shaxsni boshqa maxluqlardan farqi qolmaydi. E’tibor bering, hayvonlar bir-biri bilan talashib yeydi, insonlar, xususan mo‘minlar bir-birlariga iltifot bilan yeydilar. Bu faqat taom borasida emas, balki mo‘min kishi hamma vaqt iltifotli, saxiy, bag‘rikeng, qo‘li ochiq, ochiq yuzli va boshqalar dardiga g‘amxo‘r bo‘lishi lozim. Boshqa baytlarida:
Odami ersang demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami
deganlar. Bu ham kishini insonparvarlikka chaqiruvchi, xudbinlikdan qaytaruvchi hikmatli so‘zdir. Shu ondan boshlab qolgan umrimizni ana shunday o‘tkazishga harakat qilaylik. Zero oxirat mukofotlaridan umid qilgan mo‘min kishi xalq manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yadi. Elu yurt manfaati yo‘lida qilingan har bir ezgu amal Allohning huzurida ajrsiz qolmaydi. Qur’oni karimda:
“Albatta, Alloh taolo mo‘minlarning ajrlarini zoye qilmaydi” (Oli Imron surasi, 71-oyat) deyilgan.
Shuning uchun ham Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “O‘zi yaxshi ko‘rgan narsani o‘zgalarga ham ravo ko‘rmaguncha (komil) mo‘min bo‘la olmaydi”, – deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Komil musulmon qo‘li va tilidan musulmonlar omonlikda bo‘lgan zotdir”, – dedilar.
Ushbu hadisi sharifni Alisher Navoiy hazratlari shunday sharhlaydilar:
Kim musulmonlig‘ aylasa davo,
Chin emas gar fido qilur jonlar.
Ul musulmon dururki, solimdir,
Tiliyu ilkidin musulmonlar.
Bir kishi musulmonman deb jonini fido qilsa ham, uning da’vosi chin emasdir. Balki tili va qo‘lidan odamlar omonlikda bo‘lgan, ya’ni zarar ko‘rmagan kishi komil musulmondir.
Bu hadisi sharif bilan payg‘ambrimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarning eng komili – odamlarga qo‘li va tili bilan manfaat yetkazuvchilari ekanini bayon qilganlar.
Xulosa kilib aytadigan bo‘lsak, islom dini insonni yaxshilik va ezgulikka chorlovchi dindir. Musulmon kishi esa, tili va qo‘li bilan hech kimga ozor bermasligi, balki hammaga yaxshilik qilish bilan komillikka erishar ekan. Alloh taolo hammamizni qo‘limiz va tilimiz bilan faqat yaxshilik qilishga muvaffaq qilsin!
M.G‘aniyev,
Qo‘qon shahar «Zinbardor» masjidi imom-xatibi
-67وَإِنِّي الدَّهْرَ أَدْعُو كُنْهَ وُسْعِي لِمَنْ بِالْخَيْرِ يَوْمًا قَدْ دَعَا لِي
Ma’nolar tarjimasi: Men umrim bo‘yi toqatim yetgancha men uchun biror kun ezgu duo qilgan kishining haqqiga duo qilaman.
Nazmiy bayoni:
Men doimo duoda yetgancha kuchim,
Ezgu duo qilganga meni biror kun.
Lug‘atlar izohi:
وَإِنِّي – oltita nasb qiluvchi harflardan biri, ta’kidlash ma’nosida keladi. اِنَّ ga yopishib turgan mutakallim ي uning ismi, jumla xabaridir.
الدَّهْرَ – lug‘atda “zamon”, “asr” va “uzun umr” ma’nolarini anglatadi. Bu yerda Nozim o‘zining umri muddatini iroda qilgan. Zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi.
أَدْعُو – noqis muzori’ fe’li. Bu fe’lda faqatgina و ning zammasini sukun qilish qoidasi bor xolos.
كُنْهَ – maf’ul. Bu kalima lug‘atda biror narsaning aslini, g‘oyasini va miqdorini anglatish uchun ishlatiladi.
وُسْعِي – mutakallim ي ga izofa qilingan. Bu kalima lug‘atda “toqat” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
لِ – jor harfi اِلَى ma’nosida kelgan.
مَنْ – jor majrur اَدْعُو fe’liga mutaalliq. Bu kalima turli ma’nolarda qo‘llaniladi:
1. Ismi shart. Masalan, مَنْ يَعْمَلْ
2. Ismi istifhom. Masalan, مَنْ أَتَى
3. Ismi mavsula. Masalan, (Haj surasi, 18-oyat);
4. Nakrai mavsufa. Bunga ushbu matnda kelgan مَنْ misol bo‘ladi.
بِ – maf’ulun bihga qo‘shilib kelgan zoida jor harfi.
الْخَيْرِ – jor majrur دَعَاfe’liga mutaalliq.
يَوْمًا – zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi. Bu kalima ikki xil ma’noda ishlatiladi:
1. Tong otgandan quyosh botguncha bo‘lgan vaqt;
2. Mutlaq vaqt.
Bu o‘rinda ikkinchi ma’noda ishlatilgan.
قَدْ – “tahqiqiya” ma’nosida kelgan.
دَعَا – moziy fe’li, foili مَنْ ga qaytadigan yashirin هُوَ dir.
لِي – jor majrur دَعَا fe’liga mutaalliq.
Matn sharhi:
O‘shiy rahmatullohi alayh “men umrim davomida, xususan, ushbu ishimning so‘ngida menga biror marta bo‘lsin, ezgu duo qilgan barcha do‘stlarim haqlariga doimo duo qilib yurishni o‘zimning burchim deb bilaman”, – deya o‘quvchilarining haqlariga duo qilib so‘zlarini yakunlagan.
Alloh taolo O‘shiy bobomizga va to‘g‘ri e’tiqodni yetkazish yo‘lida xizmat qilib o‘tgan barcha ulamolarga mo‘l-ko‘l mukofotlar ato qilib, yotgan joylarini jannat bog‘laridan qilgan bo‘lsin. Bizlarni hidoyatda sobitqadam qilib, go‘zal oqibatga erishish baxtiga muvaffaq qilsin!
Mana shu o‘rinda sharhimiz poyoniga yetdi. So‘ngi so‘z o‘rnida kitobni O‘shiy bobomizning uslublariga ergashib nazm bilan yakunlash ma’qul ko‘rildi:
Amal poyoniga yetganda alhol,
Shukr-la duoga o‘tamiz darhol:
“Robbimiz Sengadir hamdu sanolar,
Rahmatlari cheksiz Oliy Zul jalol”.
Bo‘lsin salavotu salom barkamol,
Hoshimiy Nabiyga sohibi jamol.
U zotning sunnatin tutgan jamoa,
Havzi kavsaridan bo‘lgaylar xushhol.
E’tiqod musaffo bo‘lsa qay bir hol,
Sunnat, jamoadan ayrilmoq muhol[1].
Musaffo e’tiqod da’vosi bilan,
Ixtilof-la o‘tgan qancha ahli zol[2].
Amal e’tiqod-la bo‘lsa ittisol,[3]
Jonlanar, tashnaga yetgandek zilol.
Yoki tun qo‘ynida yulduzlar aro,
Zulmatni yoritgan to‘lin oy misol.
Sharhimiz cho‘zilib ketdi, ehtimol,
Ammo bari zarur, olmangiz malol.
“Muqiyn”[4] lar safida bo‘lolgan banda,
Dunyo oxiratda ko‘rmagay zavol.
Allohdan yolvorib so‘raymiz shu hol:
O‘shiy bobomizni rahmatingga ol,
Qilgan duolarin ijobat etib,
Oxiratda bergin saodat navol![5]
Qodir Zotga duo qilganda alhol,
Uning quliga ham so‘rangiz iqbol.
Sizlarga saodat tilarman mudom,
Toki mavjud ekan bu tanda majol!
Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin!
Keyingi mavzu:
“Bad’ul amoliy” matni va nazmiy bayoni.