Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Farzandlaringizga Rasulullohni taniting

21.08.2019   3220   6 min.
Farzandlaringizga Rasulullohni taniting

Agar siyrat kitoblarini yosh bolalarga o‘qib bersangiz Rasullulloh haqlarida ularda qanday tasavvur hosil bo‘ladi? Go‘yoki ul zotning hayotlari faqat urush, g‘azotlardan iboratday tuyuladi. Badr, Uhud, Xudaybiya, Makka fathi va shu kabilar ul zotning xarbiy yurishlaridagi kechirgan vaqtlari xolos. Siyrat kitoblarida bu g‘azotlar orasidagi oddiy hayotlariga kam e’tibor berilganday ko‘rinadi. Aslida mana shu oraliqda Madinada islom davlatini qurish bilan bir qatorda oddiy hayot ham o‘z yo‘lida davom etgan. Allohning rasuli ayollari, farzandlari, do‘stlari bilan doimo birga muloqotda bo‘lganlar.

Ul zot sollallohu alayhi va sallam Madinada istiqomat qilgan vaqtlarida 50, 60 yosh bo‘lishlariga qaramasdan, ko‘rinishlari juda chiroyli bo‘lib, ular bolalar uchun qari bir mo‘ysafid ko‘rinishida emasdilar. Ularning oldilariga yosh bola qo‘rqmasdan bora oladigan suratda edilar. Ya’ni ular bilan birga o‘ynasa bo‘ladigan, hazil qilsa ko‘taradigan, shu bilan birga ularga nisbatan hurmat qilinadigan salobatlari bo‘lgan. Xuddi bola otasini yaxshi ko‘rib, unga erkalik qila olganidek, bir vaqtni o‘zida uning haybat, salobatidan o‘zining haddini bilib turgan kabi edi. Chunki yosh bolaga payg‘ambar kim ekanligi, ularga osmon eshiklari ochiqligi, xohlagan vaqtda ularga vahiy kelishi mumkinligini tushuntirib bo‘lmaydi. Bu holatlarni bola faqat katta bo‘lgandagina tushuna olishi mumkin. Shunga qaramasdan yosh bolalar ularni kim deb tasavvur qilganliklari muhim. Odatda, xoh yosh bola bo‘lsin, yoki katta inson bo‘lsin birinchi ko‘rgan inson haqidagi tasavvur notanish insonning ko‘ziga qarab paydo bo‘ladi. Ul zotning ko‘zlari har doim tiniq, qon tomirchalari hech qachon qizarib bo‘rtib turmagan, ko‘zlarining oq qismi tim oppoq bo‘lib, yoqimli tabassum va yorug‘ yuz bilan mujassam bo‘lganida bu holatni ifodalab berishga so‘z ojizlik qiladi.                                                                                                                  

Ularning yuzlari juda yoqimli edi.  Bu go‘zal yuzning o‘zi hammani o‘ziga jalb qilar, uni ko‘rgan insonlar ularni hali islom diniga da’vat qilmaslaridan oldin o‘z xohishlari bilan islomni qabul qilishga tayyor bo‘lib qolar edilar. Nima uchun? Chunki bu go‘zal yuz, mehrga to‘la ko‘zlar bilan boqilgan nigohning o‘zi har bir insonda ul zotni dunyodagi eng yaxshi inson ekanligini, ulardan hech ham yomonlik chiqmasligini, zinhor yolg‘on gapirmasliklarini aniq, tiniq namoyon qilardi. Birgina yahudiy olimi bo‘lgan Abdulloh ibn Salomni eslang: “Men ularning yuzlariga qarab bu yolg‘onchi inson emas, balki haqiqiy rostgo‘y insonning siymosi ekanini bir ko‘rishdayoq bildim. Aslo yolg‘onchi yo bezori inson emas, balki unga chin dildan ishonsa bo‘ladigan, xohlasa ham alday olmaydigan samimiy bir inson edi. Men unga ishondim va shu sabab iymon keltirdim”, degan ekan. Demak ul zotning muborak yuzlariga qarashning o‘zi boshqa din vakillarida ham go‘zal bir taassurot qoldirgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam as'hoblarining u zotning muborak yuzlari haqidagi taasurrotlari qanday bo‘lgan?

Abu Tufayl roziyallohu anhudan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tavsiflab bering», deb so‘raganlarida u kishi shunday degan: «U zot sollallohu alayhi vasallam oq (tiniq) rangli, go‘zal yuzli edilar. Agar xursand bo‘lsalar, yuzlari xuddi oydek chaqnab ketar va go‘yoki u zotning yuzlarida to‘lin oy ko‘rinib turgandek bo‘lar edi». (Imom Muslim rivoyati.)

Jobir roziyallohu anhu aytadi: «Ul zotning yuzlari quyosh bilan oyga o‘xshardi». (Imom Muslim rivoyati.)

Yana bu haqda ularning as'hoblaridan biri: “Biz Rasulluloh sollallohu alayhi va sallamni doimo yuzlarida tabassum balqigan holatdagina ko‘rganmiz. Biron marta ularni baqirgan, jahl qilgan holatda ko‘rmaganmiz”, deya ta’kidlaganlar. Demak bunday holat ularning oddiy, kunlik ko‘rinishlari bo‘lgan ekan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xutba qilganlarida, g‘azotlarda ishtirok etganlarida, vahiy kelgan vaqtlaridagina jiddiylashganlar xolos. Bu albatta tabiiy edi. Guvohi bo‘lganingizdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ta’riflarini keltirgan sahobalar bir ovozdan muborak yuzlarining nurli, yorqin hamda porlab turganini va o‘zgacha tiniqlik kasb etganini ta’kidlamokdalar.

Tasavvur qiling, Rasulluloh sollallohu alayhi va sallam sizga tabassum qilmoqdalar... Yana qo‘lingizdan tutib, sizning ko‘zingizga mayin nigohlarini yo‘naltirdilar... Sizga yoqimli so‘zlar bilan murojaat qilmoqdalar... Shu bilan birga yana sizga rahm-shafqatlidirlar... Sizni biron narsada ayblamaydilar, sizga baqirmaydilar, tana qilmaydilar, aslo sizga qo‘l ko‘tarmaydilar yoki sahobalarga “borib, uni urib keling” demaydilar... U zotning shaxsiy qo‘riqlovchilari bo‘lmagan, u zotning nigohlarida tahdidni ko‘rmaysiz, u zot o‘zlarini mirshabdek tutmaganlar, u zotni ko‘rish bilanoq hamma o‘zini bexavotir, xotirjam tutgan. Ularning huzurlarida katta inson o‘zini bexavotir tutgan bo‘lsa, endi u zotning yoqimli, to‘lin oyga o‘xshagan  mehr, muruvvat taralib turgan yuzlarini ko‘rgan yosh bolani tasavvur qiling...

Saodat asrining bolalariga Rasulluloh sollallohu alayhi va sallamning yuzlariga boqishning o‘zi ularda his-hayajon tug‘dirardi.

Abdulloh ibn Horisa roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Qachon men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni uchratsam har doim ularning yuzlari tabassumli bo‘lardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan ko‘ra ko‘proq tabassum qiladigan insonni ko‘rmadim”, deya ta’kidlaganlar. (Termiziy rivoyati.)

 Anas ibn Molik roziyallohu anhu ul zotning huzurlarida o‘n yil xizmat qilgan baxtli bola edi. Saxobalardan eng oxirgi 103 yoshga kirib vafot etgan bu sahoba ul zotni eslab shunday degan edi: “Umrimning oxirigacha tushimda Rasulluloh sollallohu alayhi va sallamni ko‘rmagan biron tun yo‘q edi. Har safar tushimda ul zotning yuzlarini ko‘rganimda, yig‘lamagan biron tun yo‘q edi.”

Ha, azizlar, bu Rasulluloh sollallohu alayhi va sallamning muborak yuzlari vasflaridan bir shingil xolos... Inshaalloh, oxiratda ul zotning muborak yuzlariga to‘yib-to‘yib boqish baxti hammamizga nasib etsin!

Xadichai Kubro ayol- qizlar bilim yurti mudarrisasi G.Qurbonova

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat

9.01.2025   1216   10 min.
Dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.

Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufr­ga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.

Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.

Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.

Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.

Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.

Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.

Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.

Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.

Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘sh­lash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.

Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.

Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.

Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.

Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.

Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.

Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, bosh­qa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.

Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.

Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val ja­moa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning ta­rafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.

Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.

Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.

Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini ayt­gan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘l­ganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.

Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.

Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mash­hur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:

«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).

Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».

«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi

Maqolalar