Shu yil 11 avgust kuni Vatanimiz mustaqilligining o'ttiz ikki yillik bayrami oldidan ko'p yillar diniy sohada fidoyilik bilan xizmat qilgan, faxriy imom, ustoz Ahmadjon domla Bobomurodzodaga Respublikamizdagi Turon Fanlar akademiyasi akademigi ilmiy unvoni taqdim etildi.
Nufuzli unvonni topshirish marosimida mutasaddi vakillar Ahmadjon domla Bobomurodzodaga Turon Fanlar akademiyasi akademigi oltin medali, akademik diplomi va guvohnomasi, shuningdek, Turon Fanlar akademiyasining o'n yilligi ko'krak-nishonini tantanali tarzda topshirishdi.
Ma'lumot o'rnida, Ahmadjon domla Bobomurodzoda 1946 yili Samarqand shahrida tavallud topgan. U kishi 1971 yil Buxorodagi Mir Arab madrasasini, 1975 yili Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini tomomlagan.
Ahmadjon domla ilk faoliyatni 1973 yili poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Olmazor” jome masjidida imom-xatib sifatida boshlagan. 1974-1980 yillarda Toshkent viloyatining Toshkent tumani “Ko'kterak” jome masjidida, 1980-2006 yillarda Toshkent shahridagi “Islom ota” jome masjidida samarali mehnat qilgan. Bir vaqtning o'zida 1982-2006 yillar davomida Toshkent shahar Yashnabod va Mirobod tumanlari bosh imom-xatibi vazifasini ham bajarib kelgan.
Shuningdek, 1989-2020 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida katta o'qituvchi bo'lib, ko'plab shogirdlarni etishtirgan.
Eslatib o'tamiz, Turon Fanlar akademiyasi akademigi unvoni Shayx Abdulaziz Mansur, Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Sayyid Rahmatulloh Termiziy singari bugungi kunda diniy sohada faoliyat yuritib kelayotgan ulamolarimizga ham taqdim etilgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Xorijiylar
(hijriy 38, milodiy 658 yil)
Hazrati Aliy roziyallohu anhuning askarlari ichidan keyinchalik xorijiylar (xavorij) deb nomlangan alohida guruh ajralib chiqdi. Aslida «xorijiy» so‘zi «xuruj», ya’ni «qarshi chiqish» so‘zidan olingan bo‘lib, ular hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi chiqqanlari uchun shu nom bilan atalgan edilar. Ular Aliy hakamlikni (Allohning hukmi o‘rniga bandaning hakamligini) qabul qilgani uchun u zotni kofir bo‘ldi deb fatvo chiqarishdi. Ularga hazrati Aliyning hakamlikni qabul qilganlari yoqmagan edi. Aslida hazrati Aliy roziyallohu anhuni hakamlikni qabul qilishga xorijiylarning o‘zlari majburlashgan edi. Endi esa Muoviyaga qarshi urushga qaytishni talab qila boshlashdi. Hazrati Aliy roziyallohu anhu ularning talabini qabul qilmadilar.
Hazrati Aliy roziyallohu anhu hakamlik ishlarida xiyonat bo‘lganini e’lon qilib, katta lashkar bilan Shom tomon yurdilar. Ammo u kishi yo‘lda ketayotganlarida, orqadan xunuk va o‘ta tashvishli xabar keldi. Xorijiylar paytni g‘animat bilib, yer yuzidagi eng katta fasod ishlarga qo‘l urishgandi. Ular Alloh harom qilgan ishlarni o‘zlari uchun halol hisoblab, musulmonlarning qonlarini nohaq to‘kish, yo‘lto‘sarlik qilishga qo‘l urishayotgan edi. Ular o‘ldirgan kishilar ichida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari Abdulloh ibn Xabbob ibn Arat roziyallohu anhumo va u kishining homilador ayoli ham bor edi.
Hazrati Aliy roziyallohu anhu ortga qaytishga majbur bo‘ldilar. Borib ularga va’z-nasihat qildilar va ogohlantirdilar. Ammo xorijiylarga bu narsalar ta’sir qilmadi. Ular sulhni istamay, bir-birlarini jangga hozirlik ko‘rishga targ‘ib qila boshlashdi.
Xorijiylar birinchi bo‘lib urush boshlashdi. Urushda ularning deyarli barchalari qirilib bitdi. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning odamlaridan yetti kishi shahid bo‘ldi, xolos.
Xorijiylardan juda kamchilik odam qutulib qoldi. Ushbu jangning natijalari juda ham xatarli bo‘ldi. O‘lmay qolgan oz sonli xorijiylar har tarafga tarqalib ketishdi: ulardan ikkitasi Umonga, ikkitasi Kirmonga, ikkitasi Sijistonga, ikkitasi Arabiston yarimoroliga va bittasi Yamanga qochib ketdi. Ular borgan joylarida o‘z jamoalarini tuza boshlashdi.
Misrdagi qo‘zg‘alon
Yuqorida bo‘lib o‘tgan ishlar Shom ahliga shijoat bag‘ishladi. Ular bay’at qilmaslikda yana ham bardavom bo‘ldilar va o‘z ishlarini kengaytirdilar. Amr ibn Os roziyallohu anhu Misr tomon yurdi va u yerni egallab oldi. Hijriy 38, milodiy 658 yildan boshlab o‘sha yerda o‘z hukmini o‘rnatdi. Shu tariqa Muoviyaning hukmronligi kengaya boshladi. Muoviya ibn Abu Sufyon Madinai munavvarani, Makkani, Yamanni ham egallab oldi. Lekin hazrati Aliy roziyallohu anhuning askarlari u joylarni qaytarib olishdi. Shu orada hazrati Aliy roziyallohu anhu o‘ldirildilar.
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi