Saudiya Arabistonida jinoyatlari uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning haj amalini ado etishiga ilk bor ruxsat berildi.
Ellik nafar mahkumdan iborat guruh boshqa ziyoratchilar singari ehromga kirib, haj ibodatini amalga oshirdi. Bu paytda ularga nazoratchilar emas, qaridoshlari hamrohlik qildi. Ziyorat tamomlangach, mahkumlarning bari turmaga qaytarilgan.
Jazoni ijro etish muassasalari bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, ushbu tajribadan ko‘zda tutilgan maqsad jazo muddatlari tugashidan avval mahkumlarning kundalik hayotga qo‘shilishlarini va moslashishlarini ta’minlashdir. Bunday tajribani kelgusi haj mavsumida ham qo‘llash rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Masjidimizda tut, olma kabi mevali daraxtlar bor. Ular pishgan paytda, namozga kelganlar ulardan olib yeyishadi. Shu ish joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Masjid hovlisidagi mevali daraxtlar vaqf qiluvchi yoki daraxt ekkan shaxs tomonidan odamlarning umumiy foydalanishi uchun ekilgan bo‘lsa, odamlar bu daraxtlarning mevasini yeyishlari mumkin. Ammo agar bu daraxtlar masjid daromadi uchun ekilgan bo‘lsa, ya’ni ekkan odam “shu daraxtning mevalari mana shu masjid uchun daromad bo‘lsin” degan maqsadda ekkan bo‘lsa, yoki nima niyatda ekkani ma’lum bo‘lmasa, bu holatda ularni sotib, pulini masjid ehtiyojlariga sarflash zarur bo‘ladi. Shuning uchun, bu turdagi daraxtlarning mevalarini pulini to‘lamay yeyish joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.