O‘zbekistonlik hojilar ulug‘ ibodat manosiklarining asosiylarini ado etib, Mino vodiysidan Makka shahridagi mehmonxonaga qaytdilar. Yetti mingdan ziyod yurtdoshimiz dunyodagi millionlab dindoshlari qatori zimmalaridagi Allohning farzi – haj amallarini bajardilar.
“Haj – 2019” ishchi guruhi hojilarning ibodatlari dinimiz talablariga muvofiq, qiyinchiliksiz va talafotlarsiz o‘tishi uchun hamma ishni qilib, bor kuch-g‘ayratlarini safarbar etdilar.
Hojilarimiz buyuk ibodat, poklanish, bandalikni izhor qilish orqali dunyo hayotida bilib-bilmay qilgan gunohlarini avf etishi va rahmatini so‘rab, Alloh azza va jallaga iltijo qildilar.
Hojilar Makkai mukarramada Hazrati Ibrohim, Hazrati Ismoil alayhimussalom va Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallam yurgan yerlarini ziyorat etdilar. Arafot ma’rifatga, Muzdalifa shuurga erishish joyi ekanini anglab yetdilar. Arafotda turish – mahsharning bu dunyodagi kichik bir ko‘rinishi ekanini tushunib yetdilar.
Mino vodiysidagi minglab chodir barcha shahar va qishloqlarning qadridan ustun ekanini fahm etdilar. Minoda shayton bilan mujodala etish uchun tosh otish va qurbonlik so‘yib, hazrati Ibrohim va Ismoilning itoatkorligidan o‘rnak olish imkoni katta saboq bo‘ldi.
Shaytonni toshbo‘ron qilish yomonliklarni inkor qilishdir. Haj ibodatining yakuniga yetib kelayotgan hoji bu sa’y-harakati ila shaytonga va uning yo‘liga ergashganlarga o‘zining nafratini izhor etdi.
Tili, rangi, millati, madaniyati turlicha bo‘lgan millionlab mo‘min-musulmonlar bir tanu bir jon bo‘lib ado etgan muborak haj ana shunday muhim ahamiyatlarga egadir. Ibodat niyati ila muqaddas yerlar tomon qilingan ushbu safar kishiga o‘zining hayotini yangidan sarhisob qilish, o‘zlikni anglash imkonini berdi.
Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamga ko‘ra, haj ibodatini mukammal ado etgan kishining mukofoti jannatdir. Yosh to‘la ko‘zlarini, poklanib, top toza bo‘lib qolgan qalbini Allohning Baytidan uza olmay, o‘z ona-Vataniga qaytishga chog‘langan hoji endi mutlaqo boshqa insondir.
Biz barcha hojilarning hajlari mabrur, ibodatlari maqbul bo‘lishini Alloh taolodan so‘raymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muborak haj safari davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kutubxona bo‘limi boshlig‘i Kamoliddin Mahkamov, Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muzaffarxon Joniyev, Hadis ilmi maktabi rektori Barot Amonov Madinai munavvaradagi Masjidun Nabaviy kutubxonasi bilan tanishish barobarida muassasa bo‘lim boshlig‘i Ahmad Naim Mulla muloqot qilishdi.
Uchrashuv asnosida ulug‘ allomalarimizning ilmiy meroslari joy olgan “O‘zbekiston burchagi” tashkil etildi. Shu munosabat bilan ushbu kutubxona vakillariga Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” va Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” va boshqa kitoblar topshirildi.
Muloqot chog‘ida “Sahihi Buxoriy” va “Sunani Termiziy” asarlari “Olti sahih hadislar”dagi o‘rni, islom olamidagi olti buyuk muhaddisdan ikki nafari Movarounnahrdan yetishib chiqqani, buyuk ajdodlarimizning dinimiz taraqqiyotidagi xizmatlari e’tirof etildi.
Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekistonda diniy sohada olib borilayotgan siyosat yuqori baholanib, Kutubxonaga taqdim etilgan o‘zbek tilidagi hadislar to‘plamlari sharhlari Haj va Umra ziyoratiga keluvchi ziyoratchilarga muhim manba bo‘lib xizmat qilishi aytib o‘tidi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati