Er erta tongda uyqudan turdi. Nonushtani qilib bo‘lgach, kiyimlarini kiyib, ishga jo‘nashga chog‘landi. Ofisning kalitini olish uchun o‘zining kitoblari turadigan xonasiga kirdi. Qarasa, stolning va kompyuter turadigan xonning usti qalin chang bilan qoplangan ekan. Ohistalik bilan u yerdan chiqdi va xotiniga: “Ayolim, sevgilim, xonamga kirib, stol ustidan kalitlarimni olib chiqib ber” dedi. Ayol kalitlarni olish uchun haligi xonaga kirdi. Kalitlarni olib, endi chiqmoqchi edi, xon ustidagi changning o‘rtasiga barmoq bilan: “Xonimim, seni sevaman. Ey umrimning yo‘ldoshi, seni juda ham sevaman” deb yozib qo‘yilibdi. Ortga qayrilib, xonadan chiqmoqchi edi, kompyuter turadigan xonning ustidagi changning o‘rtasiga ham barmoq bilan: “Xonimim, seni sevaman. Ey umrimning yo‘ldoshi, seni juda ham sevaman” deb yozib qo‘yilibdi. Ayol xonadan chiqib, kalitlarni eriga uzatar ekan, yuzida tabassum ko‘rinardi. Go‘yoki, u erining nima demoqchiligini tushungandek, bundan keyin uyining tozaligiga jiddiy e’tibor berishga qasd qilgandek edi. Ha, bu hodisa xato qilgan ayoliga yomon muomala qilmasdan, balki uning xatosini go‘zal shaklda tushuntirib, noqulay va ko‘ngilsiz vaziyatni hursandchilikka aylantirgan aqlli erning uyida sodir bo‘lgan. Mana shu haqiqiy muhabbat, haqiqiy baxtiyor oiladir. Zero, oilaparvar dinimiz Islom ham bizlarni ana shunday muloyimlikka, og‘ir vaziyatlarni ham yumshoqlik bilan hal etishga chorlaydi. Alloh taolo yurtimizdagi barcha oilalarni baxtiyor oilalardan qilsin, omin!
Nozimjon Hoshimjon
Shu kunlarda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar Diniy idoralari huzuridagi Fatvo kengashining navbatdagi seminari Turkiya poytaxti Anqara shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Ozarbayjon davlatlaridan kelgan mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Tadbir Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati tashabbusi va Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan yig‘ilish olti kunlik maxsus seminar shaklida o‘tkazilmoqda.
Mazkur yig‘ilishda yangi oyni kuzatish, namoz vaqtlari, taqvim tuzish, ozuqa mahsulotlariga qo‘shiladigan jelatin moddasining hukmi, safar masofasi, zakot nisobini aniqlashga oid masalalar bo‘yicha har bir yurt vakili o‘z tajribalarini bayon qilib, fikr-mulohaza almashmoqda. Shuningdek, tadbir qatnashchilari Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi ish faoliyati bilan ham yaqindan tanishmoqda.
Yig‘ilishdan ko‘zlangan maqsad Turkiy davlatlar o‘rtasida diniy-ma’rifiy aloqalarni yanada mustahkamlash, fatvolar chiqarishda o‘zaro yakdillik va birxillikni ta’minlashdir.
Ushbu xalqaro seminarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamolari G‘ulomiddin domla Xolboyev, Hikmatulloh domla Toshtemirov, Abdulatif domla Tursunov qatnashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati