Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
أَيْنَمَا تَكُونُواْ يُدْرِككُّمُ الْمَوْتُ وَلَوْ كُنتُمْ فِي بُرُوجٍ مُّشَيَّدَةٍ
“Qayerda bo‘lsangiz ham, hattoki mustahkam qal’alarda bo‘lsangiz ham, o‘lim sizni topadir” (Niso surasi, 78-oyat).
Ha, o‘lim kelishi haq bo‘lgan narsadir. Banda bu haqiqatni doim esida saqlab, bir kun keladigan o‘limga go‘zal amallar bilan hozirlik ko‘rib yurishi kerak.
Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam biz ummatlariga o‘limni ko‘p eslab turishimizni tavsiya etganlar. Zero, o‘limni ko‘p eslash solih amallarni ko‘proq qilishga sabab bo‘ladi. U zot sollallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflaridan birida: “Lazzatlarni vayron qiluvchi o‘limni ko‘p eslanglar!” deb marhamat qilganlar. Imom Termiziy va Nasoiy rivoyat qilishgan.
Nega ba’zi kimsalar o‘lim haqida gaplashishni yoqtirishmaydi? O‘lim mavzusini ochsangiz, «O‘limdan gapirmang. Boshqa mavzuda gaplashaylik» deyishadi. Chunki, ular dunyoni obod qilishga qattiq berilib, qabrni obod qilishni unutib qo‘yishgan. Shuning uchun obod uydan xaroba uyga borishni yoqtirishmaydi. Agar dunyoga e’tibor berganchalik qabr hayotiga ham e’tibor qaratganlarida, o‘lim degan haqiqatga go‘zal tayyorgarlik ko‘rganlarida, o‘limni va u haqidagi suhbatni yomon ko‘rishmagan bo‘lardi.
O‘limga tayyorgarlik deganda kafanlik, atir, sovun olib qo‘yish, qabr kavlatib qo‘yish, g‘assolni gaplashish kabilarni emas, balki, solih amallarni ko‘proq qilib, ma’naviy tayorgarlikni tushunamiz. Chunki, moddiy narsalarni boshqalar olib, baribir, bizni kafanlashadi, dafn etishadi.
Bizga qabrimizda as qotadigan narsa kafan emas, balki, solih amallarimizdir. Mana shu solih amallarni qilib, qabrimizni obod qilishga urinib, o‘limni doim yodimizda tutsak, obod uydan obod uyga ko‘chib o‘tishimizni anglaymiz va o‘lim haqida gaplashishdan qochmaydigan, aksincha, o‘lim haqida ko‘proq gaplashishni xohlaydigan va shunga yarasha chiroyli amallarni qiladigan bo‘lamiz.
Alloh taolo barchamizning xotimamizni go‘zal aylab, iymon bilan vafot etishimizni nasib etsin, omin!
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi