Haj amalini ado etgan tojikistonliklarning ilk guruhi 18 avgust kuni vataniga qaytadi. Bu haqda Din ishlari hamda an’analar va urf-odatlarni tartibga solish qo‘mitasi ma’lum qildi, deya xabar (https://azon.uz/content/views/tojikistonda-hojilarning-qaytishini-dabd) bermoqda AsiaPlus nashri.
Avgust oyining oxirigacha tojikistonlik hojilarning bari vataniga qaytgan bo‘ladi. Qaytishdan oldin ular bilan Makka va Madinada tushuntirish ishlari olib boriladi, hojilarni kutib olishni faqatgina oila davrasida o‘tkazish kerakligi uqtiriladi.
Qo‘mitaning ta’kidlashicha, “qonunga binoan “hojitalbon” va “hoji oshi” singari marosimlar taqiqlangan. Zam-zam suvi va xurmo qoqisini tarqatsa bo‘ladi. Aholi hojilarni eson-omon qaytib kelganlari bilan tabriklashi mumkin”.
Eslatib o‘tamiz, joriy mavsumda 6 ming tojikistonlik haj ziyoratini amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 28 iyul kuni poytaxtimizning Sergeli tumanidagi «Nurul islom» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tumanlar bosh imom-xatiblari, imom-domlalar, ulamolar, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari qatnashgan tadbirni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib bordilar.
Yig‘ilishdan so‘ng mahallalarga chiqilib, yoshi ulug‘ insonlar, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj kishilar, ehtiyojmand, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ajirim yoqasida turgan 120 dan ortiq oilalar holidan xabar olindi.
Hududdagi ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan bir uy Sergeli tumani imomlari, homiylar ko‘magida qayta qurib berilishi tadbirning ahamiyati naqadar ulug‘ ekanini ko‘rsatadi.
Tumandagi 350-umumiy o‘rta ta’lim maktabi uchun hojatxona qurib berish masalasi ham homiylarni jalb qilgan holda hal etildi.
Peshin namozidan so‘ng Abduqahhor domla Yunusov «Nurul islom» masjidi qavmiga «O‘zgalarga yaxshilik qilish» mavzusida mav’iza qilib berdilar.
Tadbir ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Xayrli duolar yig‘ilishga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
MuslimShosh.uz