Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

"Markaziy Osiyo mamlakatlari HHI asrda madaniyatlarning yaxshi qo'shnichiligi" xalqaro konferentsiyasi o'tkazildi

19.08.2023   558   6 min.

Joriy yilning 17 avgust kuni N. Nazarboyev dinlararo va madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish markazi maydonchasida "Markaziy Osiyo mamlakatlari HHI asrda madaniyatlarning yaxshi qo'shnichiligi"onlayn konferentsiyasi doirasida Qozog'iston, O'zbekiston, Tojikiston, Qirg'iziston, Turkiya, Pokiston davlat organlari va tadqiqot doiralari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy diplomatik vakolatxonalar vakillari tomonidan mazmunli muhokama bo'lib o'tdi.
Konferentsiyaning asosiy maqsadi dinlararo sohada va madaniyatlarni yaqinlashtirishda ma'naviy etakchilar - manfaatdor tomonlarning mintaqaviy sa'y-harakatlarini birlashtirish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining samarali hamkorligini faollashtirishdan iborat.
Tadbirda N. Nazarboyev Markazi boshqaruvi raisi B. Sarsenbayev, Qozog'iston Respublikasi Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligining Din ishlari bo'yicha qo'mitasi raisining o'rinbosari A. Hatiyev, IHT Islom, san'at va madaniyat tarixini o'rganish markazi rahbari (IHT) E. Kilich, Tojikiston islom markazi raisi, muftiy Saidmukarram Abduqodirzoda, Islomobod xalqaro Islom universiteti Islomni o'rganish instituti Bosh direktori Ziyo Ul-Haq Muhammad, Tojikiston Respublikasining Qozog'iston Respublikasidagi elchixonasi maslahatchisi S. Rajabov, O'zbekiston musulmonlari diniy idorasi raisining o'rinbosari U. G'afurov, Markaziy Osiyo katolik episkoplari konferentsiyasi raisi, Olmaotadagi eng Muqaddas uch birlik eparxiyasi episkopi ordinariysi Hose Luis Mumbiyela Siyerra, Qozog'iston Respublikasi Musulmonlari diniy idorasi raisining maslahatchisi K. Duysenbay, YuNYeSKOning Markaziy Osiyodagi Klaster byurosining ijtimoiy-gumanitar fanlar bo'yicha mutaxassisi M. Baybekov, Bulg'or Islom Akademiyasi dinlararo muloqot markazi rahbari E. Sodiqova va boshqa ekspertlar ishtirok etdi.
B. Sarsenbayev o'zining qutlov nutqida Jahon va an'anaviy dinlar etakchilari qurultoyining diniy bag'rikenglik va tsivilizatsiyalararo muloqotni mustahkamlashdagi muhim rolini ta'kidladi:"Bugungi kunda konferentsiya ishtirokchilarining asosiy vazifasi – madaniy merosni saqlash bilan Markaziy Osiyoni obod mintaqaga aylantirishga hissa qo'shish hisoblanadi".
Bundan tashqari, B. Sarsenbayev bu yil qurultoyning 20 yilligi - dinlar va millatlar o'rtasidagi o'zaro hurmatga erishish uchun noyob muloqot maydonchasi nishonlanayotganini ta'kidladi. Hozirgi vaqtda Qozog'iston Respublikasi parlamenti Senati Spikeri – Jahon va an'anaviy dinlar etakchilari qurultoyi kotibiyati rahbari M. Ashimbayev raisligi ostida shu yilning 10-11 oktyabr' kunlari Ostona shahrida bo'lib o'tadigan qurultoy kotibiyatining yubiley XXI yig'ilishini tayyorlash va tashkil etish bo'yicha maqsadli ishlar olib borilmoqda.
"Muloqot mintaqadagi do'stlik, o'zaro tushunish va barqarorlik muhitini mustahkamlashning eng ishonchli usuli hisoblanadi. Holbuki, madaniyatlar va xalqlarning yaqinlashishi mamlakatlarimizning sa'y-harakatlarini umumiy manfaat tamoyili asosida birlashtirish orqali mumkin bo'ladi", - deya ta'kidladi N. Nazarboyev markazi boshqaruvi raisi.
O'z navbatida, Qozog'iston Respublikasi Axborot va ijtimoiy rivojlanish vazirligining Din ishlari bo'yicha qo'mitasi raisining o'rinbosari A. Hatiyev "Qozog'iston madaniyat, til, urf-odatlar, ilm-fan va ta'lim sohasidagi konstruktiv siyosatni ilgari surishga katta e'tibor qaratmoqda, bu ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Ishonchim komilki, kelajakda Markaziy Osiyoning barcha davlatlari ham turli etnik guruhlar va dinlarning tinch-totuv yashashi uchun beshik bo'lib qoladi".
IHT Islom tarixi, san'ati va madaniyatini o'rganish markazi rahbari E. Kilich o'z videomurojaatida "Markaziy Osiyo a'zo davlatlari o'zlarining ilmiy, badiiy va me'moriy merosi bilan IHT madaniy sohasiga birgalikda muhim hissa qo'shmoqdalar. Bunday meros bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari dunyoning eng o'ziga xos madaniy mintaqalaridan birini ifodalaydi. Biz Islom olimlari va faylasuflarining asarlarini, kitob va qo'lyozmalar to'plamlarini, badiiy va me'moriy merosini ularning institutlari bilan qo'shma loyihalar orqali yoritishda davom etamiz".

Markaziy Osiyo davlatlarini madaniy-gumanitar sohada yanada rivojlantirish g'oyasini davom ettirib, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori Sh. Minovarov o'z nutqida "so'nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasida yaxshi qo'shnichilik, do'stona va o'zaro manfaatli munosabatlar jadal va izchil rivojlanmoqda. Mintaqalararo ko'p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish qardosh xalqlarimizning uzoq muddatli manfaatlariga javob beradi, shuningdek, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta'minlashda muhim omil bo'lib xizmat qiladi", deb ta'kidladi.
O'z navbatida, Islomobod xalqaro Islom universiteti Islomni o'rganish instituti Bosh direktori Ziyo ul-Haq Muhammad Qozog'istonning Jahon va an'anaviy dinlar etakchilari qurultoyini o'tkazish tashabbusini yuqori baholadi va VII qurultoy deklaratsiyasining tarixiy ahamiyatini ta'kidladi:"Halqaro hamjamiyat tomonidan keng e'tirof etilgan forum Qozog'istonning haqiqiy tashrif qog'ozi va tinchlik va totuvlik g'oyalarini targ'ib qilish borasidagi sa'y-harakatlarning daliliga aylandi. Bu masalalarning barchasi bizning dunyomiz uchun nihoyatda muhim va dolzarbdir. Jamiyatimizning kelajagi, tinchlik va barqarorlik ularning muvaffaqiyatli hal etilishiga bog'liq. Qurultoy jahon dinlari vakillari uchun interaktiv platformadir".
Tojikiston islom markazi raisi, muftiy Saidmukarram Abduqodirzoda o'z nutqida "Hozirgi paytda barcha xalqlar va millatlarning gullab-yashnashi uchun integratsiya, yaratish, birlashtirish asosiy vazifa ekanligini ta'kidladi,shuningdek, konferentsiya ishtirokchilarining himoya qilish, saqlab qolish bo'yicha pozitsiyasi, ma'naviy-madaniy merosni asrab-avaylash va yuksaltirish xalqaro hamkorlikni teng huquqli va o'zaro manfaatli asosda yanada rivojlantirishga xizmat qiladi", -dedi.
Umuman olganda, konferentsiya ishtirokchilari konfessiyalararo muloqot, shuningdek, ko'p tomonlama hamkorlik va madaniy-gumanitar aloqalarni, shu jumladan konferentsiyada ishtirok etuvchi davlatlar o'rtasidagi mintaqalararo aloqalarni rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish muhimligi to'g'risida kelishib oldilar.


O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar

13.06.2025   6472   5 min.
Havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar

Musulmonlar Hunayn g‘azotida g‘alaba qozonishdi. Hunayn g‘azoti Shavvol oyida, hijratning sakkizinchi yili, Makka fathidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Havozin va Saqiyf qabilalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan edi. Jangda g‘alaba qozongan musulmonlar katta g‘animatga (o‘ljaga) ega bo‘ldilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu g‘animatlarni qalbi Islomga moyil bo‘lgan yangi musulmonlarga taqsimlab berdilar. Qavmning kattalari Abu Sufyon, Uyayna, Aqra’, Suhayl ibn Amr va boshqalarga ham berdilar.

Vaholanki, ular Quraysh mushriklarining eng kattalari bo‘lib, uzoq yillar Payg‘ambarimizga qarshi urushgan kishilar edi. Ushbu g‘animatlar taqsimlanishidan bir necha kun oldingina islomni qabul qilishgan edi. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarga (Madinalik sahobalarga) ushbu g‘animatlardan hech narsa bermadilar.

Holbuki, ular Islomni yoyish va Payg‘ambar alayhissalomni himoya qilish uchun qonlarini to‘kkan, jonlarini fido qilgan kishilar edi. Bu holat ularning qalblariga og‘ir botdi va xasratlanib shunday deyishdi: «Qilichlarimizning tig‘idagi dushmanning qoni hali qotgani yo‘q, ammo g‘animatlardan boshqalar bahramand bo‘ldi. Bizga esa, hech narsa berilmadi».

Bu borada Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu kelib Payg‘ambarimizga bo‘layotgan gaplar xaqida, odamlarning qalbidagi xafalikni aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Sa’d, sen bu haqda nima deysan?” dedilar. Sa’d: Men ham qavmim tarafidaman, deb javob berdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: Qavmingni mening huzurimga yig‘, dedilar. Ular to‘planganlaridan keyin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamjuda buyuk, nihoyatda ta’sirli, qalblarni jumbushga keltiruvchi, ko‘zlarni yoshga to‘ldiruvchi xutba qildilar.

U zot ularga muloyimlik va muhabbat bilan quyidagicha murojaat qildilar: “Ey ansorlar! Men sizlarni gumroh holda topmaganmidim? Alloh taolo men tufayli sizlarni hidoyat qilmadimi? Sizlar tarqoq va parokanda emasmidinglar, Alloh taolo men sababli sizlarni birlashtirmadimi? Sizlar faqir va muhtoj emasmidinglar, Alloh taolo men orqali sizlarni boy qilmadimi?”.

Har safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol bilan murojaat qilganlarida, ular: “Alloh va Uning Rasulidan minnatdormiz”, deb javob qaytarishardi.

So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Nima uchun menga javob qaytarmayapsizlar? dedilar. Ular yana: Alloh va Rasulidan minnatdormiz!, deyishdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar istasangiz, sizlarning ham shunday deyishga haqqingiz bor: “Siz bizning huzurimizga qavmingiz tomonidan inkor qilingan holda keldingiz, biz esa, sizni tasdiqladik. Siz qavmingiz tomonidan yolg‘onchiga chiqarilgan edingiz, biz sizga ishondik, imon keltirdik va sizga yordam berdik. Siz o‘z yurtingizdan quvildingiz, biz esa, sizga panoh berdik. Siz muhtoj holda keldingiz, biz esa, Sizni o‘z mol-mulkimizga sherik qildik”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zlarni aytganlarida ular: Alloh va Uning rasuligina bizlarga minnat qilishga haqli, deyishdi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlarni ularga tavozelik va insof yuzasidan aytgan edilar. Lekin, haqiqatan olganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minnat qilishga haqli edilar, ular har qancha minnatdor bo‘lsalar arziydi. Chunki agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari bo‘lmaganida, ularning orasida yashamaganlarida, ularning boshqalardan farqlari bo‘lmas edi. Ansorlarning sha’ni yuksalmas edi, qadrlari ko‘tarilmas edi.

Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab: “Ey ansorlar! Nima deb o‘ylaysizlar, boshqalar qo‘y va tuyalar bilan uylariga qaytsalar, sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uylaringizga qaytishni istamaysizlarmi? Bundan rozimasmisizlar?-dedilar.

Bu gapning naqadar ulug‘ligi, ansorlarning qalbiga yetib borishligini bilganlari uchun ham Rasululloh ularga g‘animatdan bermagan edilar.

So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Agar hijrat qilmaganimda, albatta men ansorlardan bo‘lar edim, agar odamlar bir vodiyda yursalar, men ansorlar yurgan yo‘llardan yurar edim, ansorlar men uchun ichki kiyimimdek, boshqalar esa tashqi kiyimimdek”, dedilar va: “Allohim ansorlarga rahmatingni yog‘dir, ularning farzandlariga va farzandlarining farzandlariga ham”, deb ularning haqqiga duo qildilar.

Bu so‘zlarni tinglagan ansorlarning ko‘zlaridan yoshlar to‘kildi, soqollari xo‘l bo‘ldi. Ular yig‘lagan holatda: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni biz bilan bo‘lishlariga rozimiz, bizning g‘animatimiz, bizning ulushimiz bo‘lganlaridan rozimiz!” — deyishdi.

Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni kelajakda bo‘ladigan fitnalardan ogohlantirib shunday dedilar:

“Mendan keyin sizlar o‘zingizga nisbatan adolatsizlikni ko‘rasizlar, ammo sabr qilinglar. Mening havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar!”.

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV