Sayt test holatida ishlamoqda!
03 May, 2025   |   5 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:18
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:25
Xufton
20:50
Bismillah
03 May, 2025, 5 Zulqa`da, 1446

Toshkent masjidlari tarixini bilasizmi?

18.08.2023   1178   8 min.
Toshkent masjidlari tarixini bilasizmi?

Masjid musulmonlar jamoa bo'lib, birgalikda ibodat qiladigan, xususan, kundalik, juma va hayit namozlarini ado qiladigan maskan hisoblanadi. “Masjid” so'zi namoz ibodatining asosiy rukni bo'lmish “sajda” so'zining negizida shakllangan bo'lib “sajda qilinadigan joy”, “sajdagoh” degan ma'noni anglatadi.

Diyorimizga islom dini VII asr oxirlarida kirib kelgan bo'lsada, Markaziy Osiyo mintaqasida ilk masjid milodiy 713 yili Buxoroda eski zardo'shtiylik ibodatxonasi o'rnida hamda Samarqandda hozirgi “Hazrati Hizr” masjidi o'rnida qurilgan. Qisqa vaqt ichida, mahalliy iqlim va qurilish uslublari asosidagi o'ziga xos masjid me'morchiligi yuzaga kelib, bugungacha taraqqiy etib kelmoqda. VIII asr boshida barpo qilingan dastlabki masjidlar bugungi kunda yurtimizda faoliyat yuritib turgan 2126 ta masjidning har birining tamal asosi bo'lib xizmat qilgan, desak mubolag'a bo'lmaydi.

Toshkentda dastlabki masjid shahar Binkat nomi bilan atalgan X asrlarda bunyod etilgani aytilsada, u davrdagi biror masjid nomi haqida ma'lumot bizgacha etib kelmagan.

XIII asrga oid ma'lumotlarda Shosh (bu davrda shahar shunday atalgan) mahallalarida minglab masjidlar bo'lgani aytiladi.

XVIII asrda Toshkent muhim ijtimoiy-siyosiy va madaniy-ma'naviy shaharlardan biri bo'lgani sabab shaharda oldingiga qaraganda ko'proq masjid faoliyat yuritgan.

XIX asrga kelib shaharda Masjidlar soni ortgan. Buning sababi bir tomondan, shaharning kengayib borishi va undagi mahallalar sonining ortishi bilan bog'liq. 1860 yillarda shaharda 280-310 ta atrofida masjid bo'lgan. 1876 yilgi ma'lumotda Beshyog'och dahasida 68 ta, Shayxontohur dahasida 60 ta, Ko'kcha dahasida 51 ta, Sebzor dahasida 10 ta Masjid borligini qayd qilingan.

XX asr boshlariga kelib Toshkentdagi masjidlar soni 400 taga yaqinlashgan. Jumladan, arxiv ma'lumotlarida 1912 yilda shaharda 333 ta masjid bo'lgani qayd qilingan. Bu davrda Toshkentdagi masjidlar “jome masjid”, “mahalla masjidi”, “guzar masjidi”, “madrasalar tarkibidagi masjid”, “mozor-ziyoratgohlar qoshidagi masjid”, “bozor va rastalardagi masjid” kabi toifalarga bo'lingan. Bundan tashqari, shaharda aholi namozgohlar va iydgohlarda ham jamoat bo'lib namoz o'qigan.

Masjidning asosiy qismi xonaqoh, minora, mezana, ayvon va darvozaxonadan iborat bo'lgan. Toshkentda Balandmasjid, Gulbozor, O'razaliboy, Fo'lodboy, Tinchbofiy, Sharafiboy, Qaffol Shoshiy mozoridagi jome masjid, Hoja Ahror Valiy jome masjidi va boshqa aksariyat jome masjidlar katta gumbazlar bilan yopilgan. Jumladan, Balandmasjidning gumbazi 8 burjli hashamatli qilib ishlangan.

Bu davrdagi masjidlar hokimlar, amaldorlar, tasavvuf vakillari, shaharlik boylar hamda mahalla aholisi vakillari tomonidan qurilgan. Ayrim masjidlar esa o'ziga to'q ayollar mablag'i evaziga bunyod etilgan. Eskijo'vadagi “Hotin”, Ko'kcha dahasining “Tugma xotin” masjidlari shular jumlasidan.

Masjidning barqaror moddiy ta'minoti uchun vaqf mulklari ajratilgan. Masjidning vaqflari, avvalo, masjid quruvchisi, qolaversa, hokimlar va o'ziga to'q kishilar tomonidan ajratilgan. Masjid vaqflari, asosan, shahardagi do'kon va erlar tashkil qilgan. Masjidga tutash erda va Masjid hovlilarida ham vaqf sifatida do'konlar ishga tushirilgan. Bundan tashqari, karvonsaroylar, tegirmonlar, objuvozlar, ekinzorlar, bog'lar, daraxtzorlar, hovlilar va pul mablag'lari ham egalari tomonidan belgilangan shartlar asosida vaqf qilingan. Vaqf mulklarini nazorat qilish masjidning xo'jalik ishlarini yurituvchisi – mutavalli tomonidan olib borilgan. Masjidlarda imom, muazzin, mutavalli, yirik masjidlarda esa farrosh, sartarosh va qorovul xizmat qilgan. Ular masjidning vaqf mulkidan belgilangan tartibda mablag' bilan ta'minlangan.

Masjidlar boshqaruvi markazlashuvining dastlabki belgilari 1917 yil iyun' oyida ta'sis etilgan “Ulamo jamiyati” faoliyatida ko'zga tashlanadi. Mazkur jamiyat rus imperialistik siyosati va madaniyatining targ'iboti keng yoyilayotgan bir davrda musulmonlarning axloqiy asoslarini muhofaza qilishni maqsad qilib diniy muassasalar faoliyatini markazlashtirishda katta rol' o'ynagan. Biroq 1918 yil 13 mayda tashkilotining tugatilishi natijasida 1918-20 yillar masjidlar faoliyatida beqaror davr bo'lgan.

1921 yil boshidan Toshkentda tashkil etilgan “Diniya boshqarmasi” (“Mahkamai sha'riya”) o'lka vaqf boshqarmasi sifatida keng ko'lamda faoliyat olib borgan. Bu paytga kelib Toshkentda faoliyat yuritayotgan masjid soni 1917 yildagiga nisbatan ancha kam bo'lgan.

1925 yilda O'zbekiston sobiq ittifoq tarkibiga kiritilgach, dinlarga, xususan, Islom diniga bo'lgan munosabat keskin o'zgardi.

1927 yilda “Din va dinga munosabat” rezolyutsiyasi qabul qilinishi oqibatida dinga qarshi tashviqotlar boshlandi. O'zbekiston, jumladan, Toshkent shahridagi deyarli barcha masjid yopilib, binolari boshqa maqsadlarda foydalanishga topshirib yuborildi.

1943 yil Toshkentda Eshon Boboxon tashabbusi bilan rasman O'rta Osiyo va Qozog'iston musulmonlar idorasi tashkil etilgach, Toshkent masjidlar faoliyati yana jonlandi.

Diniy idora tomonidan shahardagi ayrim masjidlar ta'mirlandi. Toshkentda 1944-46 yillarda qaytadan ochilib ishga tushirilgan Tillashayx, Mo'g'ulko'cha, Allon, Chig'atoy-Chaqar, Mahkama, Shayx Zayniddin, Qizil Tovush, Sarichopon, Hoja Alambardor, Novza, Yakkasaroy, Rakat, Qiyot, Mirza Yusuf, Otchopar, Olmazor, Orqako'cha masjidlari faoliyat yuritgan.

Biroq oradan ko'p vaqt o'tmay yana butun respublika bo'ylab masjidlarni yopish boshlandi. Birgina Toshkent shahrining o'zida 1951 yilda jome masjidga qo'shib yuborish yo'li bilan 8 ta masjid yopildi. Jumladan, Mo'g'ulko'cha, Chig'atoy, Oqilon, Chaqar masjidlari Tillashayx masjidiga, Olmazor va Mahkama masjidi Sarichopon masjidiga qo'shib yuborildi. Ularning binolari esa foydalanish uchun tuman ijroiya komitetlariga berildi. Natijada Toshkent shahridagi ko'plab masjid binolaridan ko'rlar jamiyatlari, turli artellarning tsexlari, omborxonalari, choyxonalar, yotoqxonalar, klublar sifatida foydalanildi. 1954 yilda Toshkent shahridagi 60 ga yaqin masjid binolari turli muassasalar ixtiyorida bo'lgan va ularning ko'pchiligi o'zining asl holatini yo'qotgan edi. Ayrim masjidlar esa buzib tashlangan.

1960-70 yillarida Toshkent shahridagi masjidlarning ko'pchilik qismi xarobaga aylangan yoki ularning binosidan boshqa maqsadlarda foydalanish davom etgan, ayrimlarigina tarixiy yodgorlik sifatida saqlab qolingan. 1966 yilgi Toshkent zilzilasi va shaharda olib borilgan qurilish ishlari jarayonida ham ko'plab eski masjidlar buzib tashlangan.

O'zbekiston mustaqillikka erishgandan so'ng dinga va dindorlarga bo'lgan munosabat tubdan o'zgardi. Hukumat tomonidan tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylash va asl holida ta'mirlash borasida olib borilayotgan sa'y-harakatlar natijasida Toshkent shahridagi saqlanib qolgan masjidlar ta'mirlanib, foydalanishga berildi. Hususan, Shayx Zayniddin va Hoja Ahror jome masjidlari ayni shu yillarda o'z faoliyatini qaytadan boshladi.

Shu bilan birga shaharning turli tumanlarida yangi masjidlar qurilib, ishga tushirildi. Ayniqsa, 2007 yilda Toshkentning islom madaniyati poytaxti deb e'lon qilinishi bilan Hazrati imom majmuasida ta'mirlash ishlari olib borilib, Hastimom jome masjidi sharqona uslubda qaytadan bunyod qilindi.

Hozirgi vaqtda Toshkent shahrida 134 ta masjid faoliyat yuritadi. Ular orasida tarixiy ahamiyatga ega masjidlardan “Hoja Ahror Valiy”, “Mo'yi Muborak Ukkosha”, “Kohota Buzruk”, “Ho'ja Alambardor”, “Suzuk ota”, “Qo'yliq ota”, “To'xtaboy”, “Eshonguzar”, “Imom at-Termiziy”, “Hazrati imom” va boshqalarni ko'rsatish mumkin.

Muhammadamin NASRIYeV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi

Toshkent islom instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi

katta o'qituvchisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saida Mirziyoyeva Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» nufuzli mukofotining xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga kiritildi

02.05.2025   1692   2 min.
Saida Mirziyoyeva Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» nufuzli mukofotining xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga kiritildi

Kuni kecha S.Mirziyoyeva hamda Musulmon donishmandlar kengashi bosh kotibi Muhammad Abdusalom o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. (https://t.me/SShMirziyoyeva/2834) O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi islom dini asosida yotgan umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mazkur xalqaro tashkilotga minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, Saida Mirziyoyeva har yili o‘tkaziladigan Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofotining 2026 yilgi hakamlar hay’ati tarkibiga kiritilganidan benihoya mamnun ekanini izhor etdi.

«Faqat birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan biz bu dunyoni yanada yaxshiroq qila olamiz», — deya ta’kidladi S.Mirziyoyeva.

Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» mukofoti — dunyo taraqqiyotiga katta hissa qo‘shayotgan, inson huquqlari, tinchlik va adolat uchun kurashayotgan shaxslarga beriladigan, xalqaro darajada eng yuqori baholanadigan yuksak e’tiroflardan biridir.

Ushbu mukofot 2019 yilda Rim papasi Fransisk va Al-Azhar universiteti bosh imomi Ahmad At-Toyib o‘rtasida Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan tarixiy uchrashuv sharafiga ta’sis etilgan bo‘lib, ular birgalikda insoniy birodarlik haqidagi hujjatni imzolagan edi.

BAA asoschisi marhum Shayx Zoid ibn Sulton Al-Nahayon nomi bilan ataladigan ushbu mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lib, sovrin puli ijtimoiy muammolarga yechim topayotgan, tinchlik va birdamlikka hissa qo‘shayotgan shaxslar va tashkilotlar o‘rtasida taqsimlanadi.

Hakamlar hay’ati tarkibiga turli yillarda oliy martabali va nufuzli shaxslar kiritilgan, jumladan:

Doktor Uided Bushamaui, Janob Kaylash Satyartxi — tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohiblari; Katerin Samba-Panza — Markaziy Afrika Respublikasining sobiq prezidenti; Megavati Sukarnoputri — Indoneziyaning sobiq prezidenti; Irina Bokova — YUNЕSKOning sobiq bosh direktori; Rebeka Grinspan Mayufis xonim — BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) bosh kotibi; Avraam Kuper — AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi raisi.

2025 yildagi hakamlar hay’ati quyidagilardan iborat:

Makki Sall — Senegal va Afrika Ittifoqining sobiq prezidenti;
Xose Luis Rodriges Sapatero — Ispaniyaning sobiq bosh vaziri;
Ngozi Okonjo-Iveala — Jahon savdo tashkiloti bosh direktori;
Kardinal Piter Kudvo Appiah Turkson — Pontifik Fanlar akademiyasi va Pontifik Ijtimoiy fanlar akademiyasining maslahatchisi;
Patrisiya Skotland — Millatlar hamdo‘stligi bosh kotibi;
Muhammad Abdusalom — «Insoniy birodarlik» mukofoti bosh kotibi.

Saida Mirziyoyeva Shayx Zoid nomidagi «Insoniy birodarlik» nufuzli mukofotining xalqaro hakamlar hay’ati tarkibiga kiritildi
O'zbekiston yangiliklari