Misrning etakchi «Sada al-Balad» axborot agentligi veb-saytida «O'zbekiston ochiq ma'lumotlar reytingida dunyo bo'yicha 30-o'ringa ko'tarildi» sarlavhali maqola ingliz tilida e'lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
«O'zbekiston Open Data Inventory ochiq ma'lumotlar reytingida 70 ball to'plagan holda dunyoda 30-o'ringa ko'tarildi, - deyiladi nashrda. - Ushbu natija respublikada ochiqlik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning yaqqol ifodasi hisoblanadi. Open Data Inventory ochiq ma'lumotlar reytingida dunyoning 195 mamlakati baholandi».
Maqolada mazkur reytingda O'zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi o'rinni egallagani ma'lum qilingan.
«Jahon reytingida Qozog'iston 51-, Qirg'iziston 92-, Tojikiston 126- va Turkmaniston 195-o'rinda qayd etilgan. 2022 yili O'zbekiston mazkur reytingda jahonning 192 davlati orasida 66 ball to'plagani holda 40-o'rinni egallagan edi», - deb yozadi «Sada al-Balad».
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Xabaringiz bor, O‘zbekisto Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, Samarqand shahrida yirik xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjumanda ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurgan Musulmon donishmandlari kengashi bosh kotibi Muhammad Abdussalom bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, professor Muzaffar Komilov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Suhbat avvalida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash eng ustuvor vazifalardan ekanligi alohida ta’kidlandi.
Musulmon donishmandlari kengashi bilan aloqalarni rivojlantirish, diniy bag‘rikenglik hamda an’anaviy islom qadriyatlarini mustahkamlash borasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, Musulmon donishmandlari kengashi bilan hamkorlikda buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqand shahrida qayta barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi faoliyati doirasida samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari xususida so‘z yuritildi.
Bugungi kunda butun dunyo musulmonlari uchun ahillik, totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarni turli xavf-xatarlardan asrash masalalari har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Bu yo‘nalishda tomonlar keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish, delegatsiyalar tashriflarini amalga oshirish, birgalikda turli ilmiy va amaliy tadbirlarni tashkil etishga kelishib olindi.