Saudiya Arabistonining turistik yangiliklar agentligining Twitterdagi sahifasida Toshkent va Jidda o'rtasida aviaqatnovlar yo'lga qo'yilayotgani haqidagi axborot materiali joylashtirildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Nashrda shu yil 4 sentyabrdan boshlab «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi Toshkentdan Jiddaga va ortga qaytuvchi muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirishni boshlashi ma'lum qilingan.
«Uzbekistan Airways» aviakompaniya ma'lumotiga ko'ra, bu Makka va Madinaning musulmon ziyoratgohlariga tez va qulay tarzda borish imkonini beradi, - deyiladi xabarda. - Toshkent-Jidda-Toshkent muntazam parvozlari har kuni amalga oshiriladi».
Habar yakunida, ushbu yo'nalishdagi aviachiptalarni aviakompaniya veb-sayti va kompaniyaning rasmiy agentlaridan xarid qilish mumkinligi ta'kidlangan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish maqsadida joriy yilning 29 iyun – 2 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Vladivostok shahrida xizmat safarida bo‘lishdi. Delegatsiya tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi B.Asadov, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Bosh konsuli M.Xayriddinov kabi nufuzli vakillar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov ham ishtirok etdi.
Safar davomida Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Vladivostok shahridagi pasport-viza xizmatida, Vladivostok, Xabarovsk shaharlaridagi o‘zbek diasporasi rahbarlari va Primorsk o‘lkasidagi o‘zbek diasporasi vakillari, o‘zbekistonlik talabalar, turli xizmatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan migrantlar bilan, Vladivostokdagi “Vladtorg” savdo kompaniyasida, Vladivostokda OOO “Viktoriya” qurilish firmasida, Primorsk o‘lkasidagi “Dobroflot” baliqovlash kompaniyasi zavodlarida xizmat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi.
“Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” kabi mavzularda o‘tgan suhbatlardan yurtdoshlarimiz kerakli tushunchalar hosil qilib, mamnun bo‘lishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati