Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Fevral, 2025   |   26 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:46
Quyosh
07:04
Peshin
12:41
Asr
16:25
Shom
18:12
Xufton
19:25
Bismillah
25 Fevral, 2025, 26 Sha`bon, 1446

O‘zbekistonlik ziyoratchilar Qubo masjidiga tashrif buyurdi

3.08.2019   2559   2 min.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar Qubo masjidiga tashrif buyurdi

Joriy yilda Haj ziyoratini amalga oshirish maqsadida Saudiya Arabistoniga 4 milliondan ortiq ziyoratchilar tashrif buyuradi. Ularning ko‘pchiligi Makka va Madina shaharlaridagi tarixiy maskanlarni va muzeylarni tomosha qilish istagini bildiradilar.

Makka va Madina shaharlaridagi tarixiy joylarni tomosha qilish har bir ziyoratchining orzusidir.

Uhud jangi bo‘lib o‘tgan maydon, Said al-Shuhada, Al Juma, Qubo, Qiblatayn, Ijabah, Jamama, masjidlarini ko‘rish istagida bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Joriy yilning 1 avgust kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning bir guruhi Madina shahridagi Qubo masjidini ziyorat qildilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim uyida tahorat qilib, Qubo masjidiga kelib namoz o‘qisa, umraning savobini oladi”, deb marhamat qilganlar. Yurtdoshlarimiz ana shu hadisi sharifga amal qilib, chiroyli tahoratlar olib, xushbo‘yliklar sepib, pokiza holda Qubo masjidi ziyoratiga kelib, bu yerda ham ikki rakatdan namoz o‘qidilar.

Qubo masjidi Madinai munavvarada qurilgan dastlabki masjiddir. Bu masjidni Alloh taolo Qur’oni karimning Tavba surasida zikr qilgan:
لاَ تَقُمْ فِيهِ أَبَداً لَّمَسْجِدٌ أُسِّسَ عَلَى التَّقْوَى مِنْ أَوَّلِ يَوْمٍ أَحَقُّ أَن تَقُومَ فِيهِ فِيهِ رِجَالٌ يُحِبُّونَ أَن يَتَطَهَّرُواْ وَاللّهُ يُحِبُّ الْمُطَّهِّرِينَ
“Sen u (masjid)da hech qachon turma! Albatta, birinchi kundan taqvo asosida qurilgan masjidda turmoqliging haqdir. Unda poklanishni sevadigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevadir” (108-oyat).

Bu muborak joylarni ko‘rgan, Payg‘ambarimizning muborak qadamlari tekkan zaminda yurganiga sevinib ko‘zlariga ishona olmayotgan, ularning ibratli o‘tmishidan xabardor bo‘lgan otaxonu onaxonlarning quvonchlari cheksiz bo‘lib, qalblari to‘lqinlanib, imon-e’tiqodlari yanada ziyoda bo‘ldi.
Ularning lablari tinimsiz pichirlab, Alloh taologa hamdu sano, Payg‘ambar alayhissalomga durudu salavot, shunday muborak joylarga yetib kelishlariga sharoit yaratib bergan muhtaram Prezidentimizga va barcha mutasaddilarga rahmatlar aytishdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Ikkovlariga qanotingni pastlat" nima degani?

24.02.2025   2736   2 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

عَنْ هِشَامِ بْنِ عُرْوَةَ، عَنْ أَبِيهِ، فِي قَوْلِ اللهِ تَعَالَى: ﮋﯓ ﯔ ﯕ ﯖ ﯗ ﯘﮊ، قَالَ: لَا تَمْتَنِعْ مِنْ شَيْءٍ أَرَادَاهُ.

Hishom ibn Urva otasidan rivoyat qiladi:

«Alloh taoloning «Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat», degan qavli haqida: «Ikkovi iroda qilgan biror narsadan bosh tortma», dedi».

Sharh: Ya’ni ota-onang sendan xohlagan hech bir narsadan bosh tortmagin. Nimani xohlasalar, «Xo‘p», deb qilib bergin. Faqat bu yerda oldingi qoida, ya’ni Allohga ma’siyat ish bo‘lmasligi shart qilinadi.

Alloh taoloning Isro surasidagi «Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat» (24-oyat) degan qavlidan mana shu ma’no kelib chiqar ekan.

Farzand ota-onaning huzurida o‘zini qanchalik xokisor tutsa, shunchalik yaxshi. U o‘z rahmatini xokisorlik ila ota-onasiga pastlatib, poyandoz qilsa ham oz. Shu bilan birga, doimo ularga Alloh taolodan rahm-shafqat tilab duo qilib turishi lozim.

Ota-onani hurmatlash, e’zozlash masalasida hech bir tuzum yoki tarbiya vositasi Islomga teng ham, yaqin ham kela olmaydi. Ota-onaning hurmati, farzand ustidagi haqqi to‘g‘risidagi oyatlar, hadislar, islomiy hikmatlar, musulmonlar hayotidagi tajribalar dunyo tarixida bu borada misli ko‘rilmagan oliymaqom narsalar ekanligi ma’lum va mashhurdir.

عَنْ هِشَامِ بْنِ عُرْوَةَ قَالَ: قَالَ لِي أَبِي: هَلْ تَدْرِي مَا قَوْلُهُ: ﮋﯓ ﯔ ﯕ ﯖ ﯗ ﯘﮊ؟ أَنْ لَا تَمْتَنِعَ مِنْ شَيْءٍ أَرَادَاهُ.

Hishom ibn Urvadan rivoyat qilinadi:

«Otam menga: «U Zot taoloning «Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat» degan qavli nima ekanini bilasanmi? «Ikkovlari iroda qilgan biror narsadan bosh tortma», dedi».

Sharh: Bu rivoyat ham o‘zidan oldingi rivoyatga juda o‘xshash bo‘lishiga qaramay, biz undan avvalgisida yo‘q ma’noni chiqarib olamiz. Bu rivoyatda nasihatni ota o‘z bolasiga qilmoqda. Ha, otalar bolalarini tarbiya qilishda Qur’oni Karim oyatlarini anglatishlari, ota-onani hurmatlash haqida o‘gitlar berishlari oldin o‘tgan azizlarimizning tutgan yo‘llari bo‘lgan. Biz bu borada ham ulardan o‘rnak olishimiz lozim.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.

Maqolalar