Joriy yilda Haj ziyoratini amalga oshirish maqsadida Saudiya Arabistoniga 4 milliondan ortiq ziyoratchilar tashrif buyuradi. Ularning ko‘pchiligi Makka va Madina shaharlaridagi tarixiy maskanlarni va muzeylarni tomosha qilish istagini bildiradilar.
Makka va Madina shaharlaridagi tarixiy joylarni tomosha qilish har bir ziyoratchining orzusidir.
Uhud jangi bo‘lib o‘tgan maydon, Said al-Shuhada, Al Juma, Qubo, Qiblatayn, Ijabah, Jamama, masjidlarini ko‘rish istagida bo‘lganlar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Joriy yilning 1 avgust kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning bir guruhi Madina shahridagi Qubo masjidini ziyorat qildilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim uyida tahorat qilib, Qubo masjidiga kelib namoz o‘qisa, umraning savobini oladi”, deb marhamat qilganlar. Yurtdoshlarimiz ana shu hadisi sharifga amal qilib, chiroyli tahoratlar olib, xushbo‘yliklar sepib, pokiza holda Qubo masjidi ziyoratiga kelib, bu yerda ham ikki rakatdan namoz o‘qidilar.
Qubo masjidi Madinai munavvarada qurilgan dastlabki masjiddir. Bu masjidni Alloh taolo Qur’oni karimning Tavba surasida zikr qilgan:
لاَ تَقُمْ فِيهِ أَبَداً لَّمَسْجِدٌ أُسِّسَ عَلَى التَّقْوَى مِنْ أَوَّلِ يَوْمٍ أَحَقُّ أَن تَقُومَ فِيهِ فِيهِ رِجَالٌ يُحِبُّونَ أَن يَتَطَهَّرُواْ وَاللّهُ يُحِبُّ الْمُطَّهِّرِينَ
“Sen u (masjid)da hech qachon turma! Albatta, birinchi kundan taqvo asosida qurilgan masjidda turmoqliging haqdir. Unda poklanishni sevadigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevadir” (108-oyat).
Bu muborak joylarni ko‘rgan, Payg‘ambarimizning muborak qadamlari tekkan zaminda yurganiga sevinib ko‘zlariga ishona olmayotgan, ularning ibratli o‘tmishidan xabardor bo‘lgan otaxonu onaxonlarning quvonchlari cheksiz bo‘lib, qalblari to‘lqinlanib, imon-e’tiqodlari yanada ziyoda bo‘ldi.
Ularning lablari tinimsiz pichirlab, Alloh taologa hamdu sano, Payg‘ambar alayhissalomga durudu salavot, shunday muborak joylarga yetib kelishlariga sharoit yaratib bergan muhtaram Prezidentimizga va barcha mutasaddilarga rahmatlar aytishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarini Ramazon oyi uchun tayyorgarlik ko‘rishga undar va bu ishni Ramazon oyi ro‘zasining xususiyatlari, unga beriladigan ulkan savoblar haqidagi hadislar bilan amalga oshirar edilar. Bunga dalolat qiladigan hadislar ko‘p. Quyida ularning ayrimlari bilan tanishamiz:
"Agar Ramazon oyi kirib kelsa, osmon eshiklari ochilib, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi" (Imom Buxoriy rivoyati, 1899-hadis).
«Ramazon oyining ilk kechasi kirib kelganida, shaytonlar va jinlar kishanlanadi, jahannam eshiklari yopiladi, uning birorta eshigi ochilmaydi, jannat eshiklari ochiladi, uning birorta eshigi yopilmaydi. Bir nido qiluvchi bunday nido kiladi: "Ey yaxshilik istovchi! Kutib ol! Ey yomonlik istovchi! O‘zingni tiy!". Alloh bu oyda bandalarni jahannam olovidan ozod qiladi. Bu har bir kechada bo‘ladi» (Imom Termiziy rivoyati, 682-hadis).
"Sizlarga Alloh taoloning farzi va muborak oy – Ramazon keldi. Uning ro‘zasini tutinglar. Bu oyda osmon eshiklari ochilib, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi. Unda Allohning ming oydan yaxshiroq bo‘lgan bir kechasi bor. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, (hamma yaxshiliklardan) mahrum bo‘ladi" (Nasoiy rivoyati, 2106-hadis).
«Jannatda «"Rayyon" nomli bir eshik bor. Undan qiyomat kuni ro‘zadorlar kiradi. Ulardan boshqa hech kim kirmaydi. U kunda: "Ro‘zadorlar qayerda?" deb nido qilinadi. Shunda ro‘zadorlar o‘rinlaridan turadilar. Ulardan boshqa hech kim Rayyon eshigidan kira olmaydi. Ro‘zadorlar kirib bo‘lgach, eshik yopiladi, shundan keyin u eshikdan hech kim kirmaydi» (Imom Buxoriy rivoyati, 1797-hadis).
Bu ulug‘ sunnatni targ‘ib qilish, bu chaqiriq va xushxabarlarni ovoza qilish, odamlarga Ramazon fazilati va barakotini yetkazish, bu oyda fursatni g‘animat bilib, ulkan savoblarga erishish va saodat sari chorlash barchamizning munosib vazifamiz sanaladi. Mo‘min-musulmon bandalar Ramazon kirib kelishidan qalbidan mamnuniyat tuyishi, Ramazonga alohida tayyorgarlik ko‘rishga, Ramazon oyidagi savob va ajrlardan to‘liq istifoda etishga, turli lazzat va taomlarga mahliyo bo‘lmasdan, ibodatga ko‘proq e’tibor qaratishga undashi ayni muddaodir. Afsuski, ko‘plab insonlar Ramazon kirib kelganini bilmay qolishadi, ro‘za tutsa-da, ro‘zaning maqsadini to‘liq anglamaydi. Shu bois Alloh taolodan hidoyat va to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasligini so‘raymiz!
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda» kitobi asosida tayyorlandi.