Nursulton shahridagi “Hazrat Sulton” masjidi imomi Maqsatbek Qairg‘aliyev navbatdagi haj mavsumiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida nima uchun qarz-havola qilib haj amalini bajarib bo‘lmasligini izohlab berdi.
“Islom dinining shartlaridan biri bo‘lmish haj amalini bajarish uchun birovdan qarz yoki kredit olib bo‘lmaydi. Negaki, haj safari xarajatlariga va safarga borib kelgunicha farzandlarini xarajatlariga yetadigan mablag‘ga ega bo‘lgan kishigagina haj farz bo‘ladi. Ya’ni, shu xarajatlarni qoplashga imkoniyati bor kishigina haj amalini bajarishi mumkin”, - dedi imom.
Uning fikriga ko‘ra, bunga u ham moddiy, ham ruhiy, ham sog‘liq jihatdan tayyor bo‘lishi kerak.
“Hozir shunday imkoniyatga ega emas ekan, u keyingi yilgacha pul to‘plashi va haj amalini bajarsa bo‘ladi. Tashqaridan mablag‘ jalb qilish, kimdandir qarz olishga ehtiyoj yo‘q”, dedi Maqsatbek Qairg‘aliyev.
Aytilishicha, shu yilning 31 iyulidan 20 avgustga qadar Qozog‘istondan ajratilgan kvota bo‘yicha 3200 nafar inson haj amalini bajaradi. Bo‘lajak hojilarga qozog‘istonlik «Scat» va saudiyalik «FlyNas» aviakompaniyalari xizmat ko‘rsatishadi. Birinchi reys Oqtov va Chimkent shaharlaridan bo‘lishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Inson biror ishni qilayotganida men bu kasbni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashib, zimmamdagi haqni ado qilyapman, deb niyat qilsa, o‘sha ishga sarf qilgan har daqiqa vaqti ulkan ibodat darajasiga ko‘tariladi.
Abu Maxoriqdan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan o‘tirganlarida, yosh a’robiy yigit o‘tib qoldi. Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumo: “Agar u yigitligiyu kuch-quvvatini Alloh yo‘lida sarflaganida, katta ajr olgan bo‘lardi”, deyishdi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Agar qarib qolgan otaonasiga yordam berishga harakat qilsa, u Alloh yo‘lidadir. Kichik bolalari uchun harakat qilsa, u Alloh yo‘lidadir. Agar u o‘z nafsi uchun, odamlardan behojat bo‘laman, deb harakat qilsa, u Alloh yo‘lidadir. Agar odamlar ko‘rsin va eshitsin, deb harakat qilsa, u shayton yo‘lidadir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Hadisdan xalq orasida keng tarqalgan “din boshqa, dunyo boshqa” degan fikrning xato ekanini anglaymiz. O‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, biz dunyoviy ish, deb o‘ylaydigan halol rizq talab qilish ham dinning bir bo‘lagi ekan. Faqat shart shuki, talabimiz shariatga muvofiq, joiz yo‘l bilan bo‘lsin.
Shariatda: “Dinim menga ahli ayolimning nafaqasini vojib qilgan, halol yo‘l bilan luqma topib, oilamga tutay”, degan niyat bilan dalada ishlayotgan dehqon, dastgoh oldida turgan ishchi, o‘z kasbidan qolmayotgan hunarmand, o‘z vazifasini ado etayotgan idora xodimi yoki ziyoli, ibodat qilayotgan bo‘ladi. Bundan boshqa niyatni qilgan odam esa mo‘ljalidagi narsaga erishishi mumkin, ammo ajru savobga yetisha olmaydi.
Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Amallar faqat niyatlarga ko‘radir. Har kimga niyat qilganigina bo‘ladi”, deb bejizga aytmaganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Xullas, o‘ziga munosib qudrati, ilmi, ma’rifati yetadigan, risoladagidek ado etishiga ishonchi komil ishga kirgan inson har kuni ishga ketayotib, yaxshi niyatini takrorlaydi. Haloldan rizq topish, elga, vatanga xizmat qilish, ishni puxta ado etish, dangasalikka yo‘l qo‘ymaslik kabi narsalarni niyat qiladi. Bu bilan rizq topishga sarflagan vaqti ham ibodatga aylanadi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mo‘min-musulmon qanday ishda bo‘lmasin, eng yaxshi ishchi, eng yaxshi kosib, yaxshi dehqon, yaxshi muhandis, yaxshi xizmatchi, yaxshi tabib, yaxshi o‘qituvchi, xullas, har bir kasbning eng mohiri, eng omili, eng tadbirlisi bo‘lishga harakat qilishi, Allohning roziligini va halol rizqni niyat qilishi lozim bo‘ladi.
“Halol kasb-hunar – qut-baraka keltirar” kitobidan