Nursulton shahridagi “Hazrat Sulton” masjidi imomi Maqsatbek Qairg‘aliyev navbatdagi haj mavsumiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida nima uchun qarz-havola qilib haj amalini bajarib bo‘lmasligini izohlab berdi.
“Islom dinining shartlaridan biri bo‘lmish haj amalini bajarish uchun birovdan qarz yoki kredit olib bo‘lmaydi. Negaki, haj safari xarajatlariga va safarga borib kelgunicha farzandlarini xarajatlariga yetadigan mablag‘ga ega bo‘lgan kishigagina haj farz bo‘ladi. Ya’ni, shu xarajatlarni qoplashga imkoniyati bor kishigina haj amalini bajarishi mumkin”, - dedi imom.
Uning fikriga ko‘ra, bunga u ham moddiy, ham ruhiy, ham sog‘liq jihatdan tayyor bo‘lishi kerak.
“Hozir shunday imkoniyatga ega emas ekan, u keyingi yilgacha pul to‘plashi va haj amalini bajarsa bo‘ladi. Tashqaridan mablag‘ jalb qilish, kimdandir qarz olishga ehtiyoj yo‘q”, dedi Maqsatbek Qairg‘aliyev.
Aytilishicha, shu yilning 31 iyulidan 20 avgustga qadar Qozog‘istondan ajratilgan kvota bo‘yicha 3200 nafar inson haj amalini bajaradi. Bo‘lajak hojilarga qozog‘istonlik «Scat» va saudiyalik «FlyNas» aviakompaniyalari xizmat ko‘rsatishadi. Birinchi reys Oqtov va Chimkent shaharlaridan bo‘lishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh ﷺ aytdilar:
"Albatta, Muso (alayhissalom) nihoyatda kuchli hayo egasi bo‘lib, badanini doimo yopib yuradigan kishi edi. U hayo qilgani uchun o‘z tanasidan biror joyini ochib yurmas edi. Banu Isroil orasida ba’zi kimsalar uni kamsitib: ‘U doimo o‘z tanasini yashiradi, bu – uning badani nuqsonli bo‘lgani uchun shunday qilar. Balki u abras (pes), yoki moyaksiz (odar), yoki yana biror baloga uchraganidandir’, deyishdi.
Alloh taolo esa ularning bu gap-so‘zlaridan Musoni poklashni iroda qildi.
Bir kuni Muso alayhissalom cho‘milgani bordi. Kiyimlarini tosh ustiga qo‘yib, cho‘milishga kirishdi. Suvdan chiqib, kiyimlarini olish uchun tosh oldiga qaytganida, tosh uning kiyimlarini olib qochdi.
Muso alayhissalom hassasini oldi-da, tosh ortidan quvdi va: "Ey tosh, kiyimimni qaytar! Ey tosh, kiyimimni qaytar!", der edi.
U shu holatda Banu Isroilning bir guruhiga duch keldi. Ular Musoni kiyimsiz holda ko‘rishdi – Alloh yaratganlar ichida eng chiroyli, eng sog‘lom badan egasi ekaniga guvoh bo‘lishdi.
Alloh taolo Musoni ularning gap-so‘zlaridan poklab qo‘ydi.
Tosh to‘xtashi bilan Muso alayhissalom kiyimlarini olib kiydi-da, asosi bilan toshni ura boshladi.
Payg‘ambarimiz ﷺ aytdilar: "Allohga qasamki, Muso urgan toshda uch, to‘rt yoki beshta iz qoldi (ya’ni, urilgan zarbalar izi qoldi)."
Bu borada Alloh subhanahu va taolo bunday dedi: "Ey mo‘minlar! Musoga ozor berganlar kabi bo‘lmanglar. Bas, Alloh uni ayblaridan pokladi. Va u Allohning huzurida obro‘li zot edi" (Ahzob surasi, 69-oyat).