Saudiya Arabistoniga Haj ziyorati uchun yetib kelgan hindistonlik muslimaning farzandi shu yerning o‘zida tug‘ilgan. Bu haqda Saudiya Arabistoni axborot agentliklari xabar tarqatdi. Ma’lum qilinishicha, har yili Haj mavsumida o‘nlab ziyoratchilarning farzandlari muqaddas zaminda tug‘iladi.
Bu yilgi Hajga tashrif buyurgan oilaning farzandi ham ushbu mavsumda dunyoga keldi va ular farzandlarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlari sabab Madina deb nomladilar.
Ma’lumot uchun, joriy yilda Hindistondan rekord miqdorida musulmonlar Haj ziyoratini ado etish uchun tashrif buyuradilar. Ularning soni 200 ming nafarni tashkil etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va boshqa maqsadlarda borgan yurtdoshlarimiz bilan samimiy muloqot qilish, ular bilan dildan gaplashish, ma’rifiy suhbatlar qilib berish maqsadida ayni kunlarda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov mazkur mamlakatda bo‘lib turibdi.
Dastlab Moskva viloyati Odinsovo shahridagi "Monotek" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish shirkatida ishlayotgan vatandoshlarimiz bilan, so‘ngra Moskva shahridagi "AntYapi" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish firmasida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan samimiy muloqot qildi.
Vatandoshlarimiz ma’rifiy suhbatlar asnosida Abduqahhor domladan o‘zlarini qiziqtirgan diniy va boshqa mavzulardagi savollarga atroflicha javoblar oldi.
Bosh imom vatandoshlarimizga qayerda bo‘lsa ham yurtimiz sha’nini baland tutishni, aqidasi buzuq har xil oqimlarga qo‘shilib qolmaslik zarurligini alohida ta’kidladi.
Xizmat safari Sankt-Peterburg shahrida davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati