Nishonga urilgan gaplar: “Inson gapirishni o‘rganishi uchun ikki yilga muhtoj bo‘ladi. Jim turishni o‘rganishi uchun esa, ellik yilga muhtoj bo‘ladi”
Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.
Qur’on haqida
Qur’onni tadabbur bilan o‘qishda ko‘p foydalar bor. Qur’ondagi har bir oyat, har bir jumla, har bir kalima, har bir harf, har bir harakat va har bir nuqtada ulkan hikmatlar bordir. Qur’onni tadabbur bilan o‘qigan kishi qalbida o‘ta yoqimli lazzatni, halovatni, ma’rifatni his etadi.
Tadabbur deganda Qur’onni ixlos bilan, shoshmasdan, har bir kalima va jumlaning ma’nosiga e’tibor berib, hikmatini tushunib, oyatdan ibrat, pandu nasihat olib, buyruqlariga itoat qilib, qaytarganlaridan qaytib tilovat qilishni tushunsak to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman. Vallohu a’lam.
*****
ISLOM DININING USTUNLARI
Alloh taolo Ro‘zani Madinada, hijriy 2-yilda farz qildi. Zakotni ham Madinada, hijriy 2-yilda farz qildi. Hajni ham Madinada farz qildi. Ya’ni, Alloh taolo Islom dinimizning ustunlari bo‘lgan bu farz ibodatlarni Madinada (Yerda) farz qildi. Ammo Namozni Me’rojda farz qildi. Bu esa, Namozning sha’ni, qadri, ahamiyati naqadar yuksak ekanini ko‘rsatadi.
*****
Qur’on o‘qib, tilovatga berilib ketib, ovqat qilishga kechroq urindim, birozdan so‘ng pishadi desang, kechqurunga ovqat yemay, non va suv bilan kifoyalanishga mingdan ming roziman.
*****
Zolim ko‘zini ochsin!
Agar mazlum zolimga qonuniy yoki jismoniy javob qaytarmay, indamay qo‘ya qolsa, zolim yanada ko‘proq ehtiyot bo‘lsinki, Alloh taolo o‘sha zolim kimsadan mazlum bandasining o‘chini, haqqini olib beradi.
*****
Inson gapirishni o‘rganishi uchun ikki yilga muhtoj bo‘ladi. Jim turishni o‘rganishi uchun esa, ellik yilga muhtoj bo‘ladi.
Ernest Heminguey,
amerikalik yozuvchi, jurnalist, Nobel mukofotining laureati
*****
Agar bir insonni aldagan bo‘lsang, bu uning ahmoqligini anglatmaydi. Balki o‘sha odam senga loyiq bo‘lganingdan-da ko‘proq ishonganini anglatadi.
Charlz Bukovskiy,
amerikalik shoir, jurnalist.
*****
Agar yoqtirmaslik, nafrat degan narsalarning elektrga aylanishi mumkin bo‘lganda, (o‘sha elektr) butun dunyoning yorug‘ bo‘lishiga kifoya qilgan bo‘lardi.
Nikola Tesla,
kashfiyotchi, injener, fizik
*****
Muhabbat umrda bir marta keladi. Yoqtirish esa, bir necha marta. Sen bularning orasini aralashtirma, tag‘in nadomat qilib yurmagin.
Mark Tven,
amerikalik yozuvchi, jurnalist
*****
A’zolarning toati
Sabr - qalbning toati.
Tafakkur - aqlning toati.
Namoz - jasad va ruhning toati.
Zikr - tilning toati.
Ko‘zni pastga qaratish - ko‘zning toati.
Zakot - molning toati.
*****
Bir yigit donishmandning oldiga borib, unga: “Nafsimda ikkita bo‘ri urushyapti. Ulardan biri yaxshilikka chorlaydi, boshqasi yomonlikka” dedi. Shunda donishmand “Qaysi biriga taom bersang, o‘sha g‘olib bo‘ladi” dedi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Abu Usmon Nahdiydan, u esa Hanzala Usaydiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Hanzala Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning yozuvchilari (kotiblari)dan biri edi, bunday deydi: Abu Bakr roziyallohu anhu menga yo‘liqib qoldilar va: — Ey Hanzala, ahvoling qanday? — deb so‘radilar.
Men u kishiga javoban: — Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim. Abu Bakr hayron bo‘lib: — Subhanalloh! Bu nima deganing? — dedilar.
Men: — Biz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bo‘lganimizda, u zot bizga do‘zax va jannat haqida zikr qilib, eslatadilar. Shundayki, biz ularni xuddi ko‘z bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin, u zotning huzurlaridan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchiligimiz bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, - dedim.
Abu Bakr roziyallohu anhu: — Allohga qasamki, biz ham xuddi shunday holatni boshdan kechiramiz! - dedilar. Shunda men va Abu Bakr roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordik.
Men: — Yo Allohning Rasuli, Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: — Bu nima deganing? - deb so‘radilar.
Men: — Yo Allohning Rasuli, biz sizning huzuringizda bo‘lganimizda, siz bizga do‘zax va jannat haqida eslatasiz, shu darajadaki, biz ularni xuddi ko‘zimiz bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin sizning huzuringizdan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, dedim.
Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: — Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar sizlar mening huzurimda bo‘lganingizdek holatingizni uzluksiz davom ettiradigan bo‘lsangiz, farishtalar yotoqlaringizda va yo‘llaringizda sizlar bilan ko‘rishib, salomlashib yurar edilar. Lekin, ey Hanzala, (har narsaning) o‘ziga yarasha vaqti bor (Bu so‘zni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uch marta takrorladilar) (Imom Muslim rivoyati).
Hadisdan olinadigan xulosa:
Odamning ba’zi vaqtlarda Allohning zikri va ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishi, ba’zi vaqtlarda esa o‘zining hayotiy ehtiyojlarini ta’minlashi tabiiy holdir. Bu uning munofiqligiga dalolat qilmaydi. Shuning uchun, ushbu hadisdan noto‘g‘ri xulosa chiqarib, uni gunohlarga yo‘l berish bahonasiga aylantirish mumkin emas.
Hadisdagi ma’no shundan iboratki, musulmon kishi ibodat qilishi bilan birga, vaqti-vaqti bilan tanasiga hordiq berishi va halol narsalardan bahramand bo‘lish huquqini ham ado etishi kerak.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV