Bu rasmda dengiz sohillaridagi quyosh nurlari ta’sirida yarim yalong‘och holda yuruvchi hamda ko‘cha-ko‘ylarda tanasining katta qismini ochib yuruvchi ayollarning teri saratoniga chalinish belgilari ko‘rsatilgan ekan.
Tibbiyot mutaxassislari ayollarga quyoshning to‘g‘ridan to‘g‘ri tushuvchi nurlaridan va erkaklarning nazarlaridan saqlanish uchun tanani o‘rab, berkitib yurishni tavsiya qilmoqdalar.
Quyoshdan keladigan ultrabinafsha nurning ko‘p miqdorda qabul qilinishi teri saratoniga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, nomahramlar nazariga ko‘p nishon bo‘lgan tana ham saratonga chalinadi.
Dinimizda bejizga ayollarga ham, erkalarga ham avratlarini berkitib yurish buyurilmagan.
Alloh taolo Qur’oni Karimning Nur surasida shunday marhamat qilgan:
قُل لِّلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ
وَقُل لِّلْمُؤْمِنَاتِ يَغْضُضْنَ مِنْ أَبْصَارِهِنَّ وَيَحْفَظْنَ فُرُوجَهُنَّ وَلَا يُبْدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا مَا ظَهَرَ مِنْهَا وَلْيَضْرِبْنَ بِخُمُرِهِنَّ عَلَى جُيُوبِهِنَّ وَلَا يُبْدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا لِبُعُولَتِهِنَّ أَوْ آبَائِهِنَّ أَوْ آبَاء بُعُولَتِهِنَّ أَوْ أَبْنَائِهِنَّ أَوْ أَبْنَاء بُعُولَتِهِنَّ أَوْ إِخْوَانِهِنَّ أَوْ بَنِي إِخْوَانِهِنَّ أَوْ بَنِي أَخَوَاتِهِنَّ أَوْ نِسَائِهِنَّ أَوْ مَا مَلَكَتْ أَيْمَانُهُنَّ أَوِ التَّابِعِينَ غَيْرِ أُوْلِي الْإِرْبَةِ مِنَ الرِّجَالِ أَوِ الطِّفْلِ الَّذِينَ لَمْ يَظْهَرُوا عَلَى عَوْرَاتِ النِّسَاء وَلَا يَضْرِبْنَ بِأَرْجُلِهِنَّ لِيُعْلَمَ مَا يُخْفِينَ مِن زِينَتِهِنَّ وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعاً أَيُّهَا الْمُؤْمِنُونَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
(Ushbu oyatda Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, mo‘mina ayollarga kiyim kiyish va avrat berkitish borasida o‘zlarini qanday tutishlari lozimligini bayon qilib berishini buyurmoqda. Muslima ayollar ham nomahramlarga shahvat nazari bilan qaramasliklari lozimligi ushbu oyatdan tushuniladi. Ayolning ayolga nisbatan avrati kindigidan tizzasigachadir. Ayol kishining nomahram erkaklarga nisbatan avrati yuzi va ikki kaftidan boshqa butun badanidir. Mo‘mina-muslima ayol sharafini saqlash uchun Allohning amriga itoat etib, avratini nomahram erkaklardan berkitmog‘i kerak. Buning uchun esa, yuzi va ikki kaftidan boshqa butun tanasini to‘sib turadigan kiyim kiymog‘i lozim. Shuningdek, kiyim yupqa, badanga yopishgan, tor bo‘lmasligi ham zarur. Nomahram erkaklarning e’tiborini jalb qilmaydigan darajada bo‘lishi kerak. Ziynat deganda chiroyli kiyimlar, taqinchoqlar va ayollar o‘zlarini chiroyli ko‘rsatish uchun ishlatadigan turli vositalar ko‘zda tutiladi. Ayol kishi ushbu oyatga amal qilib, ziynatini nomahramlardan berkitmog‘i lozim, berkitishning imkoni bo‘lmay qolganda gunoh emas. boshlariga o‘ragan ro‘mollari faqat sochlarini emas, balki tomoqlari, ko‘ksilari va ko‘kraklarini ham to‘sib tursin. Toki, ularning jamoli begona ko‘zlarga mo‘ljal bo‘lmasin, turli fitnalar keltirib chiqarmasin. Johiliyat davrida ayollar oyoqlariga ham turli taqinchoqlar, qo‘ng‘iroqlar taqib olishar ekan. Keyin esa, erkaklarning e’tiborini jalb etish uchun oyoqlarini yerga qattiq-qattiq urib yurib, haligi taqinchoqlarning ovozini chiqarishar ekan. Bu esa, o‘z navbatida, erkaklarning shahvatini qo‘zg‘agan, ayolning ortidan tushib xiralik qilishiga va oxir-oqibat zinoga olib borishi mumkin bo‘lgan.)
Erkak kishining shahvat bilan yoki ayol kishining begona jinsga shahvat bilan qarashi, narigi tomonning teri to‘qimalarida shikastlanishni yuzaga keltirar ekan.
Avratni ochib yurish teri saratoniga chalinishni paydo qilsa, Allohning amriga xilof ish qilingani uchun banda qattiq gunohkor bo‘ladi.
Buni qarangki, erkak kishi belidan to tizzasi ostigacha berkitib olib, orqasi, yelkasini ochib yursa, o‘sha ochiq a’zolari saratonga chalinmas ekan.
Nega?
Chunki, Alloh taolo erkakning avratini kindigidan to tizzasining ostigacha deb belgilab qo‘ygan.
Alloh taoloning belgilab qo‘ygan joyi berkitilmagandagina, o‘sha ochilgan a’zolarda ushbu kasallik bo‘y ko‘rsatar ekan.
Ma’lumot o‘rnida avrat haqida tushuncha berib o‘tsak.
«Erkakning avrati kindigi ostidan tizzasi ostigachadir. Cho‘riniki mana shu (kindik ostidan tizzasi ostigacha) orqa va qorni bilan birgadir. Hur (ozod va erkin) ayolning avrati butun badanidir. Magar, yuzi, kafti (bo‘g‘imigacha) va qadami (to‘pig‘igacha) avrat emas». (Ubaydulloh ibn Toj ush-shari’a: «Muxtasar ul-viqoya», Qozon-1911 y., 12-bet.).
Demak, Imomi A’zam Abu Hanifa rahimahulloh mazhabiga ko‘ra, erkakning avrat, ya’ni begonalardan yashirishi lozim bo‘lgan badanidagi joylari kindigi ostidan tizzasi ostigacha ekan. Bunda kindik avrat emas, tizza va uning tepasi avratdir. Ayollarning yuzi, kafti va qadamidan tashqari butun badanlari avratdir.
Alloh taolo barchamizni turli kasalliklardan asrasin! Doim Uning amriga itoat qilib, barchamiz berkitishimiz lozim bo‘lgan a’zolarimizni berkitib yurishimizni nasib etsin!
Nozimjon Hoshimjon
“Arafot” so‘zi lug‘atda – “bilish, tanish” ma’nolarini bildiradi.
Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.
Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.
Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 93 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.
Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).
Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.
Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).
Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:
“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.
“Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn”.
“Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.
“Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar”.
“Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin”.
“A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai”.
Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib, barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.
Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!
Davron NURMUHAMMAD