Muborak Haj safaridan oldin vatandoshlarimizning yurtimizning muqaddas qadamjolariga va ziyoratgohlariga tashrif buyurishi an’anaga aylangan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati vakilligi hamda Toshkent viloyati hokimligi hamkorlikda yaxshi an’anani davom ettirish maqsadida Haj-2019 Toshkent viloyati bu yilgi taraddudda bo‘lib turgan hojilardan 3 ta guruhi ziyoratchilarining qadimiy va go‘zal Samarqand viloyatiga sayohatini tashkil qildilar.
100 nafarga yaqin yurtdoshlarimiz Imom al- Buxoriy, Go‘ri Amir, Hazrati Hizr va Shohi Zinda majmualariga tashrif buyurib, ziyorat qildilar. Ziyoratchilarga majmua va madaniy yodgorliklarimizning tarixi, buyuk bobokalonlarimiz qoldirgan boy ilmiy meros haqida ma’lumotlar berilishi bilan birgalikda, ziyorat odoblariga doir bilimlar ham taqdim etildi.
Asori atiqalar, tarixiy obidalar, buyuk ajdodlarimiz yotgan va go‘zal majmuaga aylantirilgan maskanlar ziyoratchilarda juda katta taassurotlar qoldirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov rahbarliklarida viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar mutavallilari uchun yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda viloyat Adliya boshqarmasi mutaxassisi Z.Axmedxodjayeva, Yangi Namangan tumani kadastr bo‘limi boshlig‘i O.Usmanov, notarius A.Artiqovlar ishtirok etdilar.
Unda notiqlar tomonidan mutavalli masjid imom-xatibining xo‘jalik ishlari bo‘yicha yordamchisi, masjidlarning iqtisodiy faoliyatini yaxshilash, xodimlarning oylik ish xaqi bilan ta’minlash, qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan tartib va me’yorlarga rioya qilgan holda amalga oshirish, masjid mulkini iqtisod qilish maqsadida geleokollektorlar o‘rnatish, mavjud qozonxonalarni xavfsiz hududlarga olib chiqish, ish yuritish nomenklaturasiga, ichki mehnat tartib qoidalariga va muomala madaniyatiga rioya qilish, masjidlarning tozalik va obodonlashtirish ishlariga mas’ul ekanini aytib o‘tildi.
Masjidlarning ta’sis xujjatlari, ish haqlarini me’yorlashtirish, yangi xodim ishga qabul qilinganda Adliya boshqarmasini onlayn xabardor qilish, masjidlardagi mavjud “tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni yuritish tartibi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Yig‘ilish davomida masjidlarning qo‘shimcha yer maydonlarini qonuniylashtirish, kadastr hujjatini rasmiylashtirish tartib-qoidalari va huquqiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilish davomida qatnashchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati