Yoshlarga go‘zal odoblardan juda ko‘p misollar keltirgan ulamo Ali Tantoviyning hikmatli so‘zlari nihoyatda sermazmun. Qalbga fayz va orom beruvchi bu so‘zlar har bir mo‘min kishini befarq qoldirmaydi, chuqur o‘yga toldiradi, hidoyatga chorlaydi, dillarga surur va qanoat baxsh etadi.
Ulamo Ali Tantoviy hazratlari “Ey o‘g‘lim” deb nomlangan risolalarida bunday deydi:
“Ey o‘g‘lim, menga nima uchun ikkilanib va uyalib yozasan? Ey o‘g‘lim, tinchlan, sen shikoyat qilayotgan dard yolg‘iz senda emas, u barcha yigitlar dardi. O‘n yetti yoshingda bu dard seni uyqusizlikka olib kelgan bo‘lsa, boshqalarni ham bedorlikka olib borgan, ularning ham uyqu-oromini yo‘q qilgan. U ko‘p o‘quvchini darsdan, ishchini mehnatdan, tojirni savdodan qaytargan.
Bunday yigit nima qiladi? U shahvat qiynog‘i, tana azobi va qoni qaynaganida qanday yo‘l tutadi? Bu juda qiyin, albatta! Allohning yo‘li unga uylan, deydi. Boshqa fikrlar esa uni chalg‘itib, uch yo‘ldan birini tanla, qolgani bekor, deydi.
Sen to‘rtinchisi haqida fikr qilishni o‘zingga lozim tut. Faqat shu to‘rtinchisi yaxshi. U ham bo‘lsa “uylanish”dir.
Yuqorida aytilgan uch xato yo‘l quyidagilar:
Bu qabih yo‘l imkonini berayotgan mol-dunyodir. Ma’lum muddat o‘tib, “rohat” berayotgan tana bo‘ysunadimi? Ana o‘shanda sog‘liq kuchi shahvat talabini ko‘tara oladimi?
Qancha-qanchalar ajoyib quvvatli, kuchli kishilar kurashda, tosh otishda va yugurishda g‘olib edi. Ular shahvatiga ergashib o‘ta nimjon, bo‘sh, kambag‘al, bechora bo‘lib qolishdi.
Allohning ajib hikmatiga ergashganlar fazilatli amal evaziga sog‘lom va quvvatli bo‘lib ajrga ega bo‘ladi. Razolat va gumrohlik yo‘lini tutgan esa tanazzul va kasallik azobiga loyiq bo‘ladi.
Ko‘pincha o‘ttiz yoshdan o‘tmagan o‘z nafsiga jabr qilganidan go‘yo oltmishga kirgandek ko‘rinadi. Ko‘pgina keksalar iffatliligidan xuddi o‘ttiz yoshli yigitdek ko‘rinadi. Shunday hikmat bor: “Kim yoshligini saqlasa, unga keksaligi saqlanur”.
Bu dardning davosi nima? Buning davosi Allohning yo‘lini tutish. Albatta, Alloh nimani harom qilgan bo‘lsa, uning o‘rniga boshqasini halol qilgan. Riboni harom qildi va savdoni halol qildi. Zinoni harom qildi va uylanishni halol qildi. Bas, davo – uylanish. Agar uylanishga qurbi yetmasa, o‘zini pok tutishdir.
Bir misol. Olov ustida qaynab turgan choynakni ko‘rganmisiz? Agar siz uni mahkam berkitsangiz va olov yoqsangiz, to‘silgan bug‘ uni yorib chiqadi. Agar uni teshsangiz, suvi oqib ketadi va choynak kuyadi. Agar unga parovoz richagiga o‘xshash richak qo‘ysangiz-chi, sizga motorni aylantiradi va poyezdni yurgizadi!
Shahvat girdobidan qutulish choralari:
Birinchi, shahvatdan nafsini tiygan kishi uning tuban oqibati haqida fikr qila boshlaydi va unga qarshi qattiq kurashadi.
Ikkinchi, zalolat yo‘liga ergashgan kishining holati, harom lazzat o‘chog‘iga tinmasdan tortayotganini payqaydi va buning oldini oladi.
Uchinchi, oldin yo‘l qo‘ygan xatolaridan batamom tiyilgan kishi ulardan o‘zini uzoqda saqlaydi.
Ruhiy, aqliy va qalbiy jiddu jahd ila nafsdan bunday g‘amni uloqtirish lozim. Ana shunda to‘planib qolgan shaytoniy quvvat tamom bo‘ladi va g‘aflat bosib, qamalib qolgan nur yana zohir bo‘ladi. Bu esa Allohga iltijo qilish, ibodatda qoim bo‘lish, tavbada bardavom bo‘lish va ixlos bilan bo‘ladi. Shuning barobarida tasavvurda paydo bo‘ladigan manzaralardan forig‘ bo‘lish va shahvat uyg‘otuvchi narsalardan butunlay voz kechish shart. Albatta, sport bilan muntazam shug‘ullanish ham bunday yomon odatlarni esdan chiqarishga katta yordam beradi.
Ey o‘g‘lim, inson o‘zini yaxshi ko‘radi. Biron kishini o‘zidan afzal ko‘rmaydi. U oyna oldida turib, yelkasi doirasimon bo‘lganini va tanasi qattiq, qo‘li baquvvat bo‘lganini ko‘rsa, bu unga har qanday ayol zotidan sevimli bo‘ladi. Haqiqiy imonli, mard yigit esa, qandaydir bir hayosizni deb, bunday ko‘rkam viqorni yo‘qotishga, quvvatini boy berishga, mushaklari kuchsiz va qomati dol bo‘lishiga zinhor rozi bo‘lmaydi.
Eng ma’qul yo‘l – uylanish yo‘lini tanlaydi. Bu mukammal davodir. Agar bunga qodir bo‘lmasa, ro‘za tutgani yaxshi.
Xullas, to‘g‘ri yo‘l tutsang, ey o‘g‘lim, uylanish lozim. Agar uylanishga qodir bo‘lmasang, Allohga taqvo qilish, ibodat va bilimga sho‘ng‘ish, barcha fanlar va sport bilan shug‘ullanishni mahkam tutish lozim. Chunki bu ishlar nafsni jilovlashda juda yaxshi choradir.
Ey yigit-qizlar, bu usullar jinsiy muammolarni yechishdagi halol yo‘llar. Sizlarga buzuqlikni ziynatlab ko‘rsatayotganlarni eshitishdan saqlaning. Ular axloqsizlikni go‘zal qilib aytadi. Bu mushkullarni yengish go‘daklik yoki yoshlik vaqtidan boshlab, ichki tuyg‘u va tarbiyani yaxshilash bilan bo‘ladi.
G‘alamis kimsalar o‘zlarining qabih maqsadlarini amalga oshirishga urinadi. Yigit-qizlarni sog‘lom jamiyatdan buzuq maydonga va axloqsizlik ko‘lamiga tortadi. Nima uchun, bilasizmi?! Ma’rifatli yoshlarni urish bilan emas, balki ushbu yaltiroq usul bilan to‘g‘ri yo‘ldan burib, ularning boshini egish va buzuqlikni joriy qilish fitnachi kimsalarning qing‘ir maqsadidir.
Bunday yolg‘on, aldamchi chaqiriqlardan sabr qilish va qalblarni Allohga bog‘lash yo‘li bilan saqlaning. Alloh taoloning bu ulug‘ amriga quloq tuting:
“…Oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida surasi, 77-oyat).
Usmonxon ALIMOVning
“Yoshlar kelajagimiz” kitobidan