Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Mart, 2025   |   17 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:13
Quyosh
06:32
Peshin
12:36
Asr
16:44
Shom
18:35
Xufton
19:48
Bismillah
17 Mart, 2025, 17 Ramazon, 1446

Alloma Ali Tantoviy nasihatlari

13.07.2019   4506   7 min.
Alloma Ali Tantoviy nasihatlari

Yoshlarga go‘zal odoblardan juda ko‘p misollar keltirgan ulamo Ali Tantoviyning hikmatli so‘zlari nihoyatda sermazmun.  Qalbga fayz va orom beruvchi bu so‘z­lar har bir mo‘min kishini befarq qoldirmaydi, chu­qur o‘yga toldiradi, hidoyatga chorlaydi, dillarga surur va qanoat baxsh etadi.

Ulamo Ali Tantoviy hazratlari “Ey o‘g‘lim” deb nomlangan risolalarida bunday deydi:

“Ey o‘g‘lim, menga nima uchun ikkilanib va ­uyalib yozasan? Ey o‘g‘lim, tinchlan, sen shikoyat qilayotgan dard yol­g‘iz senda emas, u barcha yigitlar dardi. O‘n yetti yoshingda bu dard seni uyqusizlikka olib kelgan bo‘lsa, bosh­qalarni ham bedorlikka olib borgan, ularning ham uyqu-oromini yo‘q qilgan. U ko‘p o‘quvchini darsdan, ishchini mehnatdan, tojirni savdodan qaytargan.

Bunday yigit nima qiladi? U shahvat qiynog‘i, tana azobi va qoni qaynaganida qanday yo‘l tutadi? Bu juda qiyin, albatta! Allohning yo‘li unga uylan, deydi. Bosh­qa fikrlar esa uni chalg‘itib, uch yo‘ldan birini tanla, qolgani bekor, deydi.

Sen to‘rtinchisi haqida fikr qilishni o‘zingga lo­zim tut. Faqat shu to‘rtinchisi yaxshi. U ham bo‘lsa “uylanish”dir.

Yuqorida aytilgan uch xato yo‘l quyidagilar:

  1. Shahvat orzusiga berilish, uni o‘ylashni odat qilish, turli hayosiz hikoyalar, buzuq film va suratlarga qarab vaqt o‘tkazish. Hatto o‘ylashning o‘zi nafsni buzadi, quloq va ko‘zga ta’sir qiladi. Har yerda faqat fitna uyg‘otuv­chi surat namoyon bo‘ladi, hatto kitobga qaraganida ham shunday. To‘lin oy chiqqanida ham, ufq qizarganida ham, qorong‘i kechada ham, orzuda va tushda ham shu narsa ko‘ri­nadi. Go‘yoki har yo‘lda Laylo misoli ko‘rinadi. So‘ng bu holat yosh yigitni majnunsifat insonga aylantiradi.
  2. Onanizm (kapaki)ni qasd qilish sababli nafs g‘amga, jism esa kasallikka mubtalo bo‘ladi. Bu illat yoshni bechorahol keksaga, g‘amgin kishiga va yolg‘izlikka duchor qiladi. Odamlardan qochadigan bo‘ladi. Ularga yo‘liqishdan qo‘rqadi. Hayotdan qo‘rqib qoladi va hayot mas’uliyatidan uzoqlashadi.
  3. Harom lazzat va zalolat yo‘lini tutish. O‘tkinchi lazzat yo‘lida din, yoshlik va sihatni sarflash. Agar shunday bo‘lsa, inson harakat qilib top­gan maqomini, sharafli vazifasini va olgan ilmini zoye qiladi. Quvvati qol­maydi. Kishi mana shundan keyin bo‘ldi, deb o‘ylaydi. Har qachon unga yetganida istak ziyoda bo‘laveradi. Xuddi sho‘r suv ichuvchi ichgani sayin chanqog‘i ziyoda bo‘lganidek. Uni yo‘qotganida yana hech bu ayolni bilmagan kishidek azobni his qiladi. Ana shunday g‘ariblikka mahkum bo‘ladi.

Bu qabih yo‘l imkonini berayotgan mol-dunyodir. Ma’lum muddat o‘tib, “rohat” berayotgan tana bo‘y­su­nadi­mi? Ana o‘shanda sog‘liq kuchi shahvat talabini ko‘tara oladimi?

Qancha-qanchalar ajoyib quvvatli, kuchli kishilar kurashda, tosh otishda va yugurishda g‘olib edi. Ular shahvatiga ergashib o‘ta nimjon, bo‘sh, kambag‘al, bechora bo‘lib qolishdi.

Allohning ajib hikmatiga ergashganlar fazilatli amal evaziga sog‘lom va quvvatli bo‘lib ajrga ega bo‘ladi. Razolat va gumrohlik yo‘lini tutgan esa tanazzul va kasallik azobiga loyiq bo‘ladi.

Ko‘pincha o‘ttiz yoshdan o‘tmagan o‘z nafsiga jabr qil­ganidan go‘yo oltmishga kirgandek ko‘rinadi. Ko‘pgina keksalar iffatliligidan xuddi o‘ttiz yoshli yigitdek ko‘rinadi. Shunday hikmat bor: “Kim yoshligini saqlasa, unga keksaligi saqlanur”.

Bu dardning davosi nima? Buning davosi Allohning yo‘lini tutish. Albatta, Alloh nimani harom qilgan bo‘lsa, uning o‘rniga boshqasini halol qilgan. Riboni harom qildi va savdoni halol qildi. Zinoni harom qil­di va uylanishni halol qildi. Bas, davo – uylanish. Agar uylanishga qurbi yetmasa, o‘zini pok tutishdir.

Bir misol. Olov ustida qaynab turgan choynakni ko‘r­ganmisiz? Agar siz uni mahkam berkitsangiz va olov yoqsangiz, to‘silgan bug‘ uni yorib chiqadi. Agar uni teshsangiz, suvi oqib ketadi va choynak kuyadi. Agar unga parovoz richagiga o‘xshash richak qo‘ysangiz-chi, sizga motorni aylantiradi va poyezdni yurgizadi!

Shahvat girdobidan qutulish choralari:

Birinchi, shahvatdan nafsini tiygan kishi uning tuban oqibati haqida fikr qila boshlaydi va unga qarshi qattiq kurashadi.

Ikkinchi, zalolat yo‘liga ergashgan kishining hola­ti, harom lazzat o‘chog‘iga tinmasdan tortayotganini pay­qay­di va buning oldini oladi.

Uchinchi, oldin yo‘l qo‘ygan xatolaridan batamom tiyilgan kishi ulardan o‘zini uzoqda saqlaydi.

Ruhiy, aqliy va qalbiy jiddu jahd ila nafsdan bunday g‘amni uloqtirish lozim. Ana shunda to‘p­lanib qolgan shaytoniy quvvat tamom bo‘ladi va g‘aflat bosib, qama­lib qolgan nur yana zohir bo‘ladi. Bu esa Allohga iltijo qilish, ibodatda qoim bo‘lish, tavbada bardavom bo‘lish va ixlos bilan bo‘ladi. Shuning barobarida tasavvurda paydo bo‘ladigan manzaralardan forig‘ bo‘lish va shahvat uyg‘otuvchi narsalardan butunlay voz kechish shart. Albatta, sport bilan muntazam shug‘ullanish ham bunday yomon odatlarni esdan chiqarishga katta yordam beradi.

Ey o‘g‘lim, inson o‘zini yaxshi ko‘radi. Biron kishini o‘zidan afzal ko‘rmaydi. U oyna oldida turib, yelkasi doirasimon bo‘lganini va tanasi qattiq, qo‘li baquvvat bo‘lganini ko‘rsa, bu unga har qanday ayol zotidan sevimli bo‘ladi. Haqiqiy imonli, mard yigit esa, qandaydir bir hayosizni deb, bunday ko‘rkam viqorni yo‘qotishga, quvvatini boy berishga, mushaklari kuchsiz va qomati dol bo‘lishiga zinhor rozi bo‘lmaydi.

Eng ma’qul yo‘l – uylanish yo‘lini tanlaydi. Bu mukammal davodir. Agar bunga qodir bo‘lmasa, ro‘za tutgani yaxshi.

Xullas, to‘g‘ri yo‘l tutsang, ey o‘g‘lim, uylanish lozim. Agar uylanishga qodir bo‘lmasang, Allohga taqvo qilish, ibodat va bilimga sho‘ng‘ish, barcha fanlar va sport bilan shug‘ullanishni mahkam tutish lozim. Chunki bu ishlar nafsni jilovlashda juda yaxshi choradir.

Ey  yigit-qizlar, bu usullar jinsiy muammolarni yechishdagi halol yo‘llar. Sizlarga buzuqlikni ziynat­lab ko‘rsatayotganlarni eshitishdan saqlaning. Ular ax­loqsizlikni go‘zal qilib aytadi. Bu mushkullarni yengish go‘daklik yoki yoshlik vaqtidan boshlab, ichki tuyg‘u va tarbiyani yaxshilash bilan bo‘ladi.

G‘alamis kimsalar o‘zlarining qabih maqsadlarini amalga oshirishga urinadi. Yigit-qizlarni sog‘lom jamiyatdan buzuq maydonga va axloqsizlik ko‘lamiga tortadi. Nima uchun, bilasizmi?! Ma’rifatli yoshlarni urish bilan emas, balki ushbu yaltiroq usul bilan to‘g‘ri yo‘l­dan burib, ularning boshini egish va buzuqlikni joriy qilish fitnachi kimsalarning qing‘ir maqsadidir.

Bunday yolg‘on, aldamchi chaqiriqlardan sabr qilish va qalblarni Allohga bog‘lash yo‘li bilan saqlaning. Alloh taoloning bu ulug‘ amriga quloq tuting:

 “…Oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafs­lariga ergashmangiz!” (Moida surasi, 77-oyat).

 

 

 

Usmonxon ALIMOVning

“Yoshlar kelajagimiz” kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida

14.03.2025   13942   4 min.
Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Buyuk vatandoshimiz, islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur  Moturidiyning (keyingi o‘rinlarda – Imom Moturidiy) ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganishni rag‘batlantirish, moturidiylik ta’limotiga xos bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida qaror qilaman:

1. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Samarqand viloyati hokimligi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2025 yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qo‘mita (A.Aripov) ikki hafta muddatda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini allomaning islom olamidagi obro‘-e’tibori va nufuziga munosib tarzda yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutadigan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin:

(a) 2025 yil aprel oyida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazish;

(b) xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, g‘oliblar ishtirokida O‘zbekistonda madaniy-ma’rifiy uchrashuv va seminar-treninglar tashkil etish;

(v) Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” asarlari va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr etish;

(g) Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bag‘ishlangan esdalik suvenirlarini muomalaga chiqarish hamda pochta markalari, taqvimlar, buyuk mutafakkirning hayoti va ilmiy merosini yoritib beradigan boshqa ko‘rgazmali axborot vositalari turkumini yaratish;

(d) Imom Moturidiyning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish;

(ye) Samarqand viloyatida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti yo‘nalishida faoliyat olib borgan allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy merosiga bag‘ishlangan asarlarning nodir qo‘lyozma va nashr nusxalari hamda kitoblari ko‘rgazmasini tashkil etish;

(j) Samarqand shahridagi Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish.

4. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

(a) Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan birgalikda 2025 yil may va oktyabr oylarida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini hamda ilmiy maqolalar tanlovini o‘tkazsin;

(b) moturidiylik ta’limotiga mansub allomalarning ilmiy merosi va noyob qo‘lyozma asarlarni o‘rganish bo‘yicha Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini belgilangan tartibda shakllantirib borsin.

5. O‘zbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar hamda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Moturidiylik ta’limoti bilimdoni” tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash tavsiya etilsin.

6.Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2025 yil davomida joylarda Imom Moturidiyning ilmiy merosiga bag‘ishlangan davra suhbatlarini tashkil etsin.

7. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Madaniy meros agentligi bilan birgalikda:

(a) xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Moturidiy va  moturidiylik ta’limotiga mansub allomalarning hayoti va ilmiy merosiga oid noyob qo‘lyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tadqiq qilishni tizimli ravishda tashkil etsin;

(b) Imom Moturidiyning hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan yuqori sifatli mediamahsulotlar hamda audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish, internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish choralarini ko‘rsin.

8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va O‘zbekiston milliy media assotsiatsiyasiga Imom Moturidiy tavalludining 1155  yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

manba: https://president.uz/uz/lists/view/7946

O'zbekiston yangiliklari