O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etilishi nazarda tutilgan. Mazkur akademiya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining O‘zbekiston islom akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti negizida tashkil etilishi, shuningdek Xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita muassisligidagi Qur’on ilmlari, hadis, islom huquqi, aqida, tasavvuf, islom iqtisodiyoti va moliyasi, xalqaro munosabatlar, xorijiy tillar (arab, fors, ingliz, rus, urdu, turk va b.) va boshqa xalqaro miqyosda ehtiyoj mavjud bo‘lgan sohalar bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlashi belgilangan.
Joriy yil 11-iyul kuni Nukus shahri Imom eshon Muhammad jome masjidi majlislar zalida O‘zbekiston xaqaro Islom akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy filiali Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi diniy soha xodimlarining malakasini oshirish o‘quv-seminarini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi, respublikadagi Oliy talim muassasalari professor-o‘qituvchilari, qoziyot xodimlari, imom-xatiblar va Muhammad ibn Axmad al Beruniy nomidagi o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
1 oktyabr – o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, fidoiy mudarrislar hamda jonkuyar murabbiylarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining qutlovlari yo‘llandi.
Diniy idora tizimidagi oliy va o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasalarida ushbu tabrik o‘qib eshittirildi. Jumladan, “Ilm va uni talab qilishning fazilati naqadar ulug‘ bo‘lsa, ilm o‘rgatish, ya’ni, ustozlik qilishning fazilati undan-da ulug‘dir. Alloh taolo ilm qadrini baland qildi va uning orqasidan ilm ato etilgan insonlarning ham qadrini yuksak qilib qo‘yganini Qur’oni karimda bayon etdi”, deyiladi tabrik matnida.
Shuningdek, unda so‘nggi yillarda diniy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, pedagog-o‘qituvchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi rejalar ham eslab o‘tildi.
Qutlov so‘ngida diniy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan barcha o‘qituvchi va murabbiylarga sihat-salomatlik, uzoq umr, sharafli va mashaqqatli faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati