Qur’oni Karimda “Niso” (“Ayollar”) degan sura bor.
*****
Ayol kishining iltimosi tufayli bir sura nozil bo‘ldi. Bu Mujodala surasidir.
*****
Oisha onamizning pokliklarini ta’kidlab oyatlar nozil bo‘ldi.
*****
Agar erkak ikkita xotinga uylanib, ularning orasida adolat qilmasa, qiyomat kuni yarmi shol holda tiriladi.
*****
Agar er xotiniga belgilangan mahrni bermasa, u zaifaning molini o‘zlashtirgan o‘g‘ri hisoblanadi.
*****
Agar er xotinini taloq qilsa ham, unga bergan mahrni qaytarib olishga haqqi yo‘q.
*****
Agar erkak opa-singlisi, buvisi, ayoli va qizlarining merosdagi ulushini tortib olsa, Alloh taoloning belgilab qo‘ygan chegarasidan oshib o‘tgan bo‘ladi. Kim shunday qilsa, o‘ziga ko‘p zulm qilgan bo‘ladi.
*****
Agar er ayolini ursa yoki xo‘rlasa, pastkash kimsa, agar ikrom qilsa, oliyjanob kishi hisoblanadi.
*****
Agar er ayolini yomon ko‘rsa ham sabr qilsin, Alloh taolo o‘sha ayolda ko‘p yaxshiliklarni paydo qiladi.
*****
Agar er ayoli bilan ajrashsa ham o‘rtadagi nikoh, birga yashaganlik e’tiboridan uni haqorat qilmasin, g‘iybat qilmasin, odamlarga yomonlamasin.
*****
Agar er ayoli bilan ajrashsa ham undan ko‘rgan farzandlariga nafaqasini berish majburiyatida qolaveradi. Bu nafaqa otaning zimmasidan hech qachon soqit bo‘lmaydi.
*****
Agar ayolning shaxsiy mulki bo‘lsa, u shu mulkini o‘zi istagandek tasarruf qilish haqqiga ega. Er bu mulkni tortib olishga aslo haqli emas.
*****
Er ayolining taomi, ichimligi, libosi, uyi, ta’limi va dori-darmonlariga mas’uldir.
*****
Ayolini himoya qila turib vafot etgan erga shahidlik hukmi beriladi.
*****
Kishi oxiratda jannatga kirishi uchun otasi bilan birga onasini rozi qilishi kerak.
*****
Qizlarini, singillarini tarbiya qilib, odobli, iffatli o‘stirgan otaga va akaga jannatga kirish va do‘zaxdan qutulib qolish imkoni berildi.
*****
Islom dini ayol kishiga ana shunday haqlarni berdi va uning qadrini ko‘tarib qo‘ydi.
Nozimjon Hoshimjon tarjimasi
FITR SADAQASI NIMA UCHUN BЕRILADI?
Fitr sadaqasi – ro‘zadan chiqish munosabati bilan beriladigan sadaqa. U Ramazon oyida behuda gap-so‘zlar, qilingan xato va kamchiliklarni yuvish hamda kambag‘al, miskinlar, yetim va bechoralarning ochliklarini ketkazish maqsadida joriy qilingan.
Imom Vaki’ ibn Jarroh rahimahulloh aytadilar: “Fitr sadaqasi – sahv sajdasiga o‘xshaydi. Namozning vojib amali tark bo‘lganda, sahv sajdasi bilan namoz to‘g‘rilangandek, fitr sadaqasi ham ro‘zaning kamchiliklarini to‘ldiradi”.
Hanafiy mazhabida fitr sadaqasi vojib amal hisoblanadi.
QACHON BЕRILISHI KЕRAK?
Fitr sadaqasini ramazon hayiti kuni tong otgandan ya’ni bomdod namozining vaqti kirgandan boshlab hayit namoziga chiqishdan oldingi vaqtga qadar berish vojib. Ramazon oyi boshlanishi bilan berilsa ham bo‘ladi.
Ammo hayit namozidan keyinga qoldirmaslik kerak. Agarda kishi fitr sadaqasini hayit namozigacha bera olmasa, namozdan keyin beradi, lekin savobi ramazon oyida berganchalik bo‘lmaydi, ammo berishi shart. Ya’ni uni berolmay qolgan kishi zimmasida fitr sadaqasini berish vojib bo‘lib qolaveradi.
KIMLAR BЕRISHI KЕRAK?
Xur, nisob miqdoridagi mulkka ega bo‘lgan (fitr sadaqasining nisobida molning o‘suvchi bo‘lishi e’tiborga olinmaydi) musulmon erkak va ayolning zimmasiga fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi. Nisob miqdoridagi mulkka ega kishi balog‘atga yetmagan bolalari nomidan fitr sadaqasini berishi vojib.
Kishi ayoli va balog‘atga yetgan farzandlari uchun fitr sadaqasini berishi vojib emas, balki ularning o‘zlari berishi maqsadga muvofiq sanaladi. Ammo balog‘atga yetgan farzandlari va ayoli uchun ular aytishmasa ham, fitr sadaqasini bersa, ular zimmasidan fitr sadaqasi soqit bo‘ladi.
Hayit kechasi tug‘ilgan chaqaloq uchun ham otasi fitr sadaqa berishi vojib bo‘ladi. Homila va hayit kunidan oldin vafot etganlar uchun esa vojib bo‘lmaydi.
KIMLARGA BЕRILADI?
Fitr sadaqasi musulmon kambag‘al-miskinlarga beriladi. “Fatavoi Hindiya” kitobida keltirilishicha, fitrni berishda eng afzali, avvalo, (kambag‘al) aka-uka, opa-singillar hisoblanadi. So‘ngra ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar, so‘ngra ularning farzandlari. Tog‘a-xolalar va ularning farzandlari so‘ng yuqoridagilardan tashqari qarindoshlar. Ulardan keyin qo‘shnilar, kasbdoshlar, keyin hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqli hisoblanadi.
KIMLARGA BЕRILMAYDI?
Fitr sadaqasi nisob miqdoricha moli bo‘lgan boy kishiga, o‘zining ota-onasi, bobo-momosiga, o‘zining o‘g‘il-qizlariga va ularning farzandlariga, er-xotin bir-biriga berish mumkin emas.
Shuningdek, g‘ayridinga, fosiqqa, gunoh va ma’siyatga, shuningdek musulmonlarga zarar keltiradigan har qanday ishlarga sarflaydigan kimsalarga berilmaydi.
Fitr sadaqasini muhtojlarning qo‘llariga qiymatini berish joiz. Bu pullar masjid qurilishi, umumiy xayriya ishlari uchun berilishi mumkin emas.
RO‘ZA TUTMAGANLAR HAM FITR SADAQASINI BЕRADIMI?
Biror uzr sababli ro‘za tuta olmaganlar ham o‘zlari yoki ular nomidan nafaqa berishi kerak bo‘lgan odam fitr sadaqasini berishi kerak.
FITR SADAQASI QANCHA MIQDORDA BЕRILADI?
2025 yil uchun har bir jon boshiga fitr sadaqasining miqdori:
Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.
Eslatma! Fitr sadaqasi qiymatlari Toshkent shahar bozorlaridagi narxga asosan belgilangan bo‘lib, har bir viloyat o‘z bozorlaridagi narxga qarab fitr sadaqasini belgilaydi.
Davron NURMUHAMMAD