Barchamizga ma’lumki, masjid musulmonlar uchun ibodat maskani bo‘lib, unda yagona Alloh taologa ibodat qilinadi, qalban va ruhan U zotga qurbat hosil qilinadi. Shuning uchun ham, masjid – Allohning uyi, deb e’tiqod qilinadi. Shu o‘rinda, masjidga kirishning nomozxon amal qilishi kerak bo‘lgan odoblari bo‘lib, bunga nomozxonning ma’naviy va jismiy nopokliklardan pok bo‘lishi misol bo‘ladi. Bu borada buyuk imomlarimiz hayotlaridan biz uchun go‘zal namunalar bisyor bo‘lib, quyida shulardan birini keltiramiz.
Bu namuna buyuk ajdodimiz, hadis ilmi sultoni Imom Buxoriy rahmatullohi alayh to‘g‘risida bo‘lib, voqeani o‘tgan asrimiz shayxlaridan biri Abdulfattoh Abu G‘udda rahimahulloh o‘zining Imom Abu Abdulloh Muhasibiy qalamiga mansub “Risalatul mustarshidin” asariga yozgan sharhida keltiradi:
“Imom Buxoriy rahimahullohning amallari to‘g‘risida gapirganda, bunga Hofiz Ibn Hajarning “Sahihi Buxoriy” sharhida Imom Buxoriy haqidagi rivoyatlari kifoyadir. Hofiz aytadi: “Muhammad ibn Mansur shunday deydi: “ Biz masjidlardan birida Abu Abdulloh Buxoriy bilan birga edik. Bir kishi soqoli orasidan nopok narsani oldida, uni yerga tashladi. Imom Buxoriyga nazar soldim. U kishi bir yerdagi narsaga qarardi, bir atrofdagi odamlarga qarardi. Nihoyat, odamlar g‘aflatda turishganida, yerdan narsani olib, cho‘ntaklariga solib qo‘ydi. Masjiddan chiqqanlarida, uni cho‘ntagidan chiqarib, yerga tashlaganini ko‘rdim”.
Ko‘rib turganimizdek, Imom Buxoriy hazratlari masjid yerini nopokliklardan asradi. Menga nima, deb e’tiborsizlik qilmadi. Bu esa, u kishining ilmu amali, taqvosi naqadar ekanligiga dalolat qiladi. Shuning uchun ham, Alloh taolo bizlarga o‘zining solih bandalariga ergashishni buyuradi:
أولئك الذين هدى الله فبهداهم اقتده
“Ana o‘shalar Alloh hidoyat qilgan zotlardir. Bas, ularning hidoyatiga ergash”[1].
Xalilulloh Yusuf
[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.