Kuni kecha 9 iyul kuni Hadis ilmi maktabiga 2019-2020 o‘quv yili uchun “Hadis va mustalahul hadis” va “Arab tili” fanlaridan ijodiy imtihon bo‘lib o‘tdi. Imtihon olish uchun Hadis ilmi maktabi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom institutidan jami 12 nafar yetakchi professor-o‘qituvchilar jalb etildi. Ijodiy imtihonlarda 53 nafar abituriyent ishtirok etmoqda.
Ijodiy imtihon sinovlari jarayonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov, diniy-ma’rifiy ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov, Diniy idora ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri Salohiddin Sherxonov kuzatuvchi sifatida ishtirok etdilar hamda imtihonlar xolis, shaffof va adolatli o‘tishini nazorat qildilar.
Bugun, 10 iyul kuni Hadis ilmi maktabiga kirish imtihonlarining ikkinchi kuni, “O‘zbekiston tarixi” fanidan test sinovlari soat 8:30 da boshlandi. Test sinovlarida 51 nafar abituriyent qatnashdi.
Test sinovlari hujjatlari solib muhrlangan maxsus qop abituriyentlar hamda kuzatuvchilar guvohligida ochildi. Abituriyentlarga imtihon hay’ati a’zolari tomonidan test sinov varaqalarini to‘ldirish qoidalarini tushuntirildi.
Shuningdek, imtihon va test sinovlariga Payariq tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari va Payariq tumani Tez tibbiy yordam xodimlari jalb qilinib, zarur bo‘lgan holatda abituriyentlarga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rildi.
Test sinovi jarayonlarining adolatli, shaffof va xolis o‘tishi to‘liq ta’minlanmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Mana, bu yilgi Haj safarini ado qilish uchun yurtimizdan otlangan barcha ziyoratchilar muqaddas amallarni bajarib, eson-omon vatanga qaytdilar. Bu ulug‘ safar nihoya topgan bo‘lsada, uning xotirasi doimo yodda qoladi.
Yurtimizdan 15 000 dan ziyod, Farg‘ona viloyatidan esa 1600 dan ortiq mo‘min-musulmonlar Haj amallarini ado etdilar. Ziyoratda bo‘lgan hojilarning ayrimlari taassurotlarini bo‘lishdi.
Ibrohimjon Rustamov:
– Hojilarning ulug‘ safarga yo‘l olishida hujjat ishlaridan tortib, shifokor ko‘rigidan o‘tishgacha barcha jarayonlar tizimli va xavfsiz tashkil etildi. Madinai munavvaraga kelib, amallarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ravzalariga kirish bilan boshlash biz uchun juda xursandlik bag‘ishladi. O‘zimizning va yuborilgan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamda hazrati Abu Bakr va Umar roziyallohu anhularga yetkazdik. Duolarda yurtimiz tinchligi, el farovonligi, yaqinlarimiz va barcha yurtdoshlarimizning xayrli holati uchun iltijo qildik.
Ziyoratlar chog‘ida Uhud va Qubo masjidi, ikki qiblali masjid va boshqa muqaddas joylar sayohat qilindi. Ilmiy suhbatlar va tarixiy voqealar qalbimizga chuqur ta’sir qildi. Madinadagi vaqtimiz ibodat bilan o‘tdi.
Makkai mukarramaga avtobuslarda “Labbayka” sadolari ostida yo‘l oldik va shu kuniyoq guruhimiz bilan to‘liq Umra ibodatini ado etdik. Mino, Arofot, Muzdalifa va Ka’ba atrofidagi ibodatlar davomida jamoaviy duo va zikrlar bilan tavof qilish, guruhimiz tartibi hamda birdamligi boshqalar uchun ham ibrat bo‘ldi.
Shu ulug‘ safarda o‘zimni musulmon va o‘zbekistonlik sifatida baxtli his etdim. Hotirjam ibodat qilishimga yaratilgan imkoniyatlar uchun yuragimdan shukronalar aytdim. Guruhimizdagi har bir ziyoratchi yurt tinchligi, oilalar barakati, farzandlar saodati uchun chin dildan duo qildi.
Bu safar biz uchun buyuk imkoniyat bo‘ldi. Barcha tashkilotchilar, yo‘lboshchilar, xizmatchilar va, albatta, davlatimiz rahbariyatiga chuqur minnatdorlik izhor etamiz. Kelgusida manaviyat targ‘ibotchisi sifatida vatanimga va xalqimga sidqidildan xizmat qilishda davom etaman, insha Alloh.
Qurbonali Aripov:
— Haj safari juda chiroyli o‘tdi. Juda ham hursandmiz. Prezidentimizga shunday sharoitlarni yaratib berganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Yurtimiz uchun duolar qildik, muqaddas ziyoratni ado etishga imkon bo‘lgan kunlarga shukronalar aytamiz. Endilikda mahallamizda yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda, ma’naviyat targ‘ibotida faol ishtirok etamiz. Ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lishga harakat qilamiz.
Hojilarning ulug‘ safarga kelishida hujjat tayyorlashdan tortib shifokor ko‘rigidan o‘tishda tizimli ish tashkil etib, namunali holda xavfsizligimizni ta’minlab, bizni safarga kuzatishdi.
Tolibjon O‘rmonov:
— Men avval ziyoratga borganlardan eshitgan-bilganlarimga taqqoslasam, buyilgi ziyorat umuman o‘zgacha bo‘ldi. Ishchi guruh, elikboshilar xizmatini alohida qayd etish kerak. Davlat rahbarining hojilarga bergan e’tibori hammani xursand qildi.
Muborakxon Inomova:
— Taassurotlarimni til bilan ifodalay olmayman, Madinai munavvara, Makkai mukarrama kabi ulug‘ dargohlarga avvalo qadamim yetgani men uchun katta baxt. Ayniqsa, yurtboshimizni bizni ortimizda turib hol-ahvol so‘ragani, bizga tabrik yo‘llaganlaridan ko‘zimga yosh oldim. Juda ham quvondim, shunday prezidentim borligidan.
Qaysi bir hoji bilan suhbatlashmang yuzida xursandchilik va shukronalik ifodasini ko‘rasiz. Alloh barchalarini ibodatu duolarini qabul qilsin!
Rahmatulloh Jalilov
tayyorladi