Agar Alloh taolo kislorod va vodorod atomlarini yog‘dirib, o‘zinglar suv qilib olinglar desa, nima qila olardik?!
Qaysi laboratoriya u atomlarni suvga aylantirishni eplay olardi?!
Bu ishga qancha mablag‘ sarf bo‘lib ketardi?!
Allohning bizga rahmati tufayli ichadigan suvimiz yomg‘ir-qor ko‘rinishida tayyor suv bo‘lib yog‘adi. U Zot Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَهُوَ الَّذِي يُنَزِّلُ الْغَيْثَ مِن بَعْدِ مَا قَنَطُوا وَيَنشُرُ رَحْمَتَهُ وَهُوَ الْوَلِيُّ الْحَمِيدُ
“U zot (odamlar) noumid bo‘lganlaridan keyin yomg‘irni nozil qilur va O‘z rahmatini taratur. U valiy va maqtalgan zotdir” (Shuro surasi, 28-oyat).
Ma’lumki, yomg‘ir juda katta tezlikda yerga tushadi. Aslida, bunday tezlikda tushgan narsa balandlik, erkin tushish tezligi hamda yerning tortishish kuchi natijasida ulkan kuchga aylanib, boshimizni majaqlab, halokatimizga sabab bo‘lishi kerak edi. Lekin undoq bo‘lmay, katta tezlikda tushayotgan yomg‘ir tomchilari yuzimizga mayin uriladi. Bu ham Rahmonning marhamati, mehribonligidir.
Nozimjon Hoshimjon