2019 yil 5 iyul, muborak juma kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Omonxona qishlog‘ida yangi “Shayx Shamsiddin” nomidagi masjidi ochildi. Qishloq aholisining sevinchi cheksiz. Tillari-yu dillari shukronada, duoda. Avvallari masjid uchun 12 km uzoqlikdagi tuman markaziga borishiga to‘g‘ri kelar, marosimlar, to‘y-ma’rakalarda qiyinchilikka duch kelinar edi. Ko‘p yillik armonlar bugun barham topdi. Endi ularning o‘z masjidlari, imom-xatiblari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim domla Inomov hudud aholisini yangi ro‘yxatdan o‘tgan masjid bilan muborakbod etdilar. Muftiy hazratlarining ezgu tilaklari, duoi xayrlarini yetkazdilar.
Yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati avvalo insonlarni rozi qilish, ularning og‘irini yengil qilishdir. Aslida XX asr boshlarida qurilgan, biroq o‘tgan davr mobaynida turli sabablar bilan yopib qo‘yilgan ushbu masjidni ochish uchun bir qancha jonkuyar ixlos egalari ko‘p ter to‘kdilar. Barcha zaruriy hujjatlarni tayyorladilar. Masjid binosi hashar yo‘li bilan qayta ta’mirlanib, yangi tahoratxona qurildi. So‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy soxada olib borilayotgan islohotlar samarasining yana bir isboti o‘laroq masjid ochilib, qishloq ahli, ayniqsa, nuroniy keksalarning shodligiga sabab bo‘lmoqda. Zero masjidlardan Alloh taoloning rahmat nurlari taralib turadi. Ibodat, ma’rifat, birodarlik maskani bo‘lib, musulmonlar e’tiqodini mustahkamlashga, axloqining go‘zallashishiga, yomonliklardan uzoqda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Ibrohim domla Inomov masjidda birinchi juma namozini ado etib berdilar. Allohning baytida toat-ibodatlar, solih amallar, Qur’oni karim tilovati Qiyomat qadar davom etishini tiladilar. Shuningdek, tashkiliy ishlarda faollik ko‘rsatgan pok niyatli kishilar haqqiga duolar qildilar.
Shu bilan O‘zbekistondagi masjidlar soni 2060 taga yetdi. Eslatib o‘tamiz, shu yilning o‘zida Toshkent shahrida “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Fayzullaxo‘ja o‘g‘li Murodhoji”, Termiz shahrida “Hakim Termiziy” nomidagi yangi masjidlar ochilgani edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Bir o‘smir “ulg‘ayib, boy bo‘lsam hammaga yordam beraman” deb yurar edi. U boylik bo‘lsagina odamlarga yordam berish mumkin, degan fikrda ekan, bir kuni Payg‘ambar alayhissalomning bir xurmoni yarmini sadaqa qilib bo‘lsa ham do‘zaxdan saqlanish lozimligi haqidagi hadisini eshitib qoldi. Bir kichik xurmoning yarmi qancha bo‘lardi, deb tasavvur qilolmadi.
Ertasiga ko‘chaga chiqish oldidan bir xurmoni cho‘ntagiga solib oldi. Yo‘l bo‘yda tilanib turgan otaxonning yonidan o‘tarkan, cho‘ntagiga qo‘lini tiqib, beixtiyor kechagi hadisni esladi. Xurmoni olib, yarmini otaxonga uzatdi. Shunda otaxonning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi. O‘smir yigit o‘yladiki, “hatto ko‘p pul berilsa ham bu qadar xursand bo‘lmasdi”, deb o‘yladi. Qilgan ishidan o‘ziyam shodlandi. Angladiki, otaxon o‘ziga berilgan narsaning qiymatidan emas, o‘ziga berilgan e’tibor va baham ko‘rishdan nihoyatda shodlangandi.
Yigitcha bu ishidan keyin yuqoridagi hadisning hikmatini tushunib ketdi. Endi u bir ko‘ngilni obod qilish uchun boy bo‘lishni kutib yurmaslik kerakligini bildi. Zero, ko‘ngil Xudoning nazargohidir. Uni quvontirgan kishini Alloh quvontirishi shubhasizdir.
Akbarshoh Rasulov