Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

Omonxonada yangi masjid ochildi!

08.07.2019   6660   2 min.
Omonxonada yangi masjid ochildi!

2019 yil 5 iyul, muborak juma kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Omonxona qishlog‘ida yangi “Shayx Shamsiddin” nomidagi masjidi ochildi. Qishloq aholisining sevinchi cheksiz. Tillari-yu dillari shukronada, duoda. Avvallari masjid uchun 12 km uzoqlikdagi tuman markaziga borishiga to‘g‘ri kelar, marosimlar, to‘y-ma’rakalarda qiyinchilikka duch kelinar edi.  Ko‘p yillik armonlar bugun barham topdi. Endi ularning o‘z masjidlari, imom-xatiblari bor.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim domla Inomov hudud aholisini yangi ro‘yxatdan o‘tgan masjid bilan muborakbod etdilar. Muftiy hazratlarining ezgu tilaklari, duoi xayrlarini  yetkazdilar.

 Yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati avvalo insonlarni rozi qilish, ularning og‘irini yengil qilishdir. Aslida XX asr boshlarida qurilgan, biroq o‘tgan davr mobaynida turli sabablar bilan yopib qo‘yilgan ushbu masjidni ochish uchun bir qancha jonkuyar ixlos egalari ko‘p ter to‘kdilar. Barcha zaruriy hujjatlarni tayyorladilar. Masjid binosi hashar yo‘li bilan qayta ta’mirlanib, yangi tahoratxona qurildi. So‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy soxada olib borilayotgan islohotlar samarasining yana bir isboti o‘laroq masjid ochilib, qishloq ahli, ayniqsa, nuroniy keksalarning shodligiga sabab bo‘lmoqda. Zero masjidlardan Alloh taoloning rahmat nurlari taralib turadi. Ibodat, ma’rifat, birodarlik maskani bo‘lib, musulmonlar e’tiqodini mustahkamlashga, axloqining go‘zallashishiga, yomonliklardan uzoqda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Ibrohim domla Inomov masjidda birinchi juma namozini ado etib berdilar. Allohning baytida toat-ibodatlar, solih amallar, Qur’oni karim tilovati Qiyomat qadar davom etishini tiladilar. Shuningdek, tashkiliy ishlarda faollik ko‘rsatgan pok niyatli kishilar haqqiga duolar qildilar.

Shu bilan O‘zbekistondagi masjidlar soni 2060 taga yetdi. Eslatib o‘tamiz, shu yilning o‘zida Toshkent shahrida “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Fayzullaxo‘ja o‘g‘li Murodhoji”, Termiz shahrida “Hakim Termiziy” nomidagi yangi masjidlar ochilgani edi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘tadillik - saodat

04.07.2025   4913   2 min.
Mo‘tadillik - saodat

Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.

Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.

Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida  “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar. 

Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”. 

Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.

Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi

Bahodir Mirfayziyev

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA