Muborak dinimizning ta’limotlari yana bir muhim tarbiyani ota-onaning vazifalaridan qilib belgilagan. Bu yuksak mas’uliyat farzandlarni inson xulqini ixtiyorsiz buzadigan, jinsiy moyillik va rag‘bat uyg‘otadigan har bir narsa va holatlardan saqlashdir. Bu jarayon bola to‘qqiz yoshdan to voyaga yetgungacha bo‘lgan muddatni o‘z ichiga oladi.
Ta’lim-tarbiya olimlari fikricha, bu inson hayotidagi eng muhim bosqich. Agar ota-ona farzandning bu boradagi tarbiyasini o‘z vaqtida to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysa va nojo‘ya xatti-harakatlarning oldini olsa, bu katta yutuq. Chunki sog‘lom jamiyat taraqqiyoti va ravnaqi uchun fazilatli, odobli, yuksak ma’naviyatli va tarbiyali farzand voyaga yetadi.
Shu bois dinimiz har bir ota-ona va murabbiyga farzandlarning jinsiy qiziqishlari erta uyg‘onishidan ehtiyot choralarini ko‘rishga buyuradi.
Alloh taolo bunday deydi: “…ayollarning avratlaridan xabardor bo‘lmagan go‘daklardan boshqa kishilarga ko‘rsatmasinlar!..” (Nur surasi, 31-oyat).
Imom ibn Kasir Nur surasining ushbu oyatini bunday tafsir qiladi: “Go‘dak ayollarning turli holatlarini bilmaydi. Ularning avratlarini, nozik ovozlarini, nozlanib yurishlarini fahmlamaydi. Agar bola yosh bo‘lib, bularni tushunmasa, unda ayollar huzuriga kirishida zarar yo‘q”.
Bu oyat tafsiridan xulosa shu: agar bola ayollarning holatlarini va avratlarini fahmlamaydigan darajada juda yosh bo‘lsa, ularning yonlarida o‘tirishi va huzurlariga kirib-chiqib yurishida zarar bo‘lmaydi. Ammo farzand to‘qqiz yoshdan oshgan bo‘lsa, bunday holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki bola bu yoshda har bir ko‘rinishni ongli ravishda idrok qiladi. Ushbu chegara yoshidan so‘ng ham unga bu borada izn so‘rash odobi buyurilmasa, ba’zi noqulay va ta’sirchan manzaralar guvohi bo‘ladi. Natijada bola g‘alati bir holga tushib, axloqi buzilishi ham mumkin. Bu esa, tabiiy, bolada jinsiy moyillik juda erta uyg‘onishiga olib keladi. Hayot tajribalari ko‘rsatishicha, bunday holga tushib qolgan farzandning butun fikri-zikri beixtiyor shunday o‘y-xayollar atrofida bo‘ladi. Buning oqibatida ilmga bo‘lgan ishtiyoqi keskin pasayib, o‘zi bajaradigan kundalik ishlariga beparvo bo‘ladi.
Farzandining bu kabi g‘alati, ajabtovur holatini kech bo‘lsa-da sezib, vaziyatni anglagan ota- ona uchun endi uning tarbiya jarayoni biroz og‘ir kechadi. Muhim pallada e’tiborsizlik qilgan ota-ona endi bu illatni yuqtirib olgan farzandining tarbiyasiga juda jiddiy e’tibor berishi talab etiladi. Aks holda, nechog‘li og‘ir bo‘lsa-da, aytib o‘tish kerak, sharmandali holat ro‘y berishi mumkin. Afsus, o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi ayanchli va sharmsiz voqealarning barham topmayotgani farzandlar tarbiyasiga yetarlicha e’tibor berilmayotgani oqibatidir.
Ba’zi kishilar: “Biz bolaga ushbu tarbiyani bermasak-da, qing‘ir ishlarga qo‘l urayotgani yo‘q”, deb fikr bildirishi mumkin. To‘g‘ri, bunday salbiy ishlarni amalga oshirmasa, nur ustiga nur. Ammo bu hol “Ushbu tarbiya bilan shug‘ullanmasa ham bo‘ladi”, degan fikrni ilgari surmaydi. Chunki farzand voyaga yetib, ma’lum yoshga kirgach, biron oliygohga kirib o‘qish yoki ish tufayli ota- ona nazoratidan biroz bo‘lsa-da uzoqlashadi. Ana shu mahalda, yoshligida bu tarbiyadan mosuvo bo‘lib o‘sgan, boz ustiga ota-ona nazoratisiz qolgan farzandda ushbu illat bo‘y cho‘zib qolishi, shunda u turli xil buzuqliklar ta’siriga tushib, hayosiz ishlar qilishi mumkin.
Farzandining qilayotgan har bir ishidan batafsil xabardor bo‘lib turibman, deb qaysi bir ota-ona kafolat bera oladi? Yoki farzand ulg‘aygach, uning uchun xoh yaxshi, xoh yomon eshiklar barchasi ochiqmi? Yoxud ota-ona vazifasi shular bilan nihoyasiga yetdimi? Yo‘q, aslo. Vaholanki, ayni palla, o‘zlaridan andoza olgan farzandni jamiyat uchun qay darajada to‘g‘ri tarbiyalab, tayyorlab berganini ko‘radigan payt bo‘ladi. Xalqimizda naql bor: “Yaxshi bo‘lsa yeydi oshini, yomon bo‘lsa yeydi boshini”. Yaxshiligidan rahmat, yomonligidan la’nat ham bevosita ota-onaga keladi. Shu bois ota-ona hayot ekan, farzandlar doim nazoratga, pandu nasihatga muhtojligini unutmasinlar. Shuning uchun muhtaram murabbiy va ota-onalar tarbiyaning har bir jabhasida oqsamasdan shijoat ko‘rsatishlari qat’iy talab etiladi.
Hadisi sharif:
Imom Buxoriy rivoyat qiladi: “Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Fazl ibn Abbosni qurbonlik kuni ulovlarining orqasiga o‘tirg‘izib oldilar. Fazl balog‘at yoshiga yetib qolgan edi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan shar’iy masala so‘ragani Xas’am qabilasidan kelgan bir ayolga Fazl tikila boshladi. Shunda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Fazlning iyagidan ushlab, yuzini boshqa tomonga burdilar”.
Imom Termiziy rivoyatida:
Ibn Abbos Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga: “Nega amakingiz o‘g‘lining yuzini burdingiz?” – dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men yosh yigit va qizni ko‘rdim, ular fitnadan omon bo‘lishiga ishonmadim”, dedilar.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hatto 10–12 yoshli bola bo‘lgan Fazlni begona ayolga qarashdan qaytarib, yuzini burdilar. Bundan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) balog‘at yoshiga yaqinlashayotgan bolalarning odobi yaxshi bo‘lishi va fitna girdobiga tushib qolishlaridan saqlashga katta ahamiyat berganlarini bilish mumkin. Bu bilan: “Ular fitnadan omon bo‘lishiga ishonmadim”, deya qiyomatga qadar davom etadigan barcha ummatlariga jinsiy moyillik erta uyg‘onishining oldini olish nihoyatda muhim tarbiya ekanidan saboq berdilar. Buni esa Nabiy (alayhissalom)ning farzandlarni to‘g‘ri tarbiyalashda oltin o‘gitlari deb qabul qilishimiz, hayotimizda qo‘llashimiz zarur.
Bu tarbiyani singdirib borishda sharafli burch sohiblari ota-ona quyidagi ikki mas’uliyatli nazoratni sidqidil bilan amalga oshirishlari lozim. Birinchisi, oiladagi ichki nazorat, ikkinchisi, atrof-muhitning salbiy ta’siridan himoya qilish.
Usmonxon ALIMOVning
“Yoshlar kelajagimiz” kitobidan
Ilmga qiziqish, avvalo, manbaga murojaat qilishdan boshlanadi. Tarixni chuqur anglash esa uni kitob, qo‘lyozma va ishonchli ilmiy manbalar orqali o‘rganishni talab etadi. Yangi o‘quv yilini yangi bilim va katta maqsadlar bilan boshlagan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 1 bosqich talabalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Talabalar tashrifni, dastlab Markazning kutubxonasi bilan tanishishdan boshladi.
Bu yerda ular ilmiy izlanish uchun muhim bo‘lgan adabiyotlar, tarixiy manbalar va turli yo‘nalishlardagi ilmiy nashrlar bilan tanishdi. Kutubxona nafaqat kitoblar jamlangan maskan, balki tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan bilim va manbalarni bir joyga jamlovchi muhim ilmiy-ma’rifiy makon sifatida namoyon bo‘ldi.
Ayniqsa, islom tarixi, madaniyati, ilm-fani va ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganayotgan yoshlar uchun bunday muhitning ahamiyati katta. Chunki auditoriyada o‘rganilgan bilimni mustahkamlash, mavzu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot izlash va ilmiy izlanish olib borishda manba bilan ishlash ko‘nikmasi muhim o‘rin tutadi.
Mazkur tashrif yoshlar uchun navbatdagi ekskursiya emas, balki tarix, ilm-fan va milliy o‘zlik bilan bevosita yuzma-yuz kelish imkonini bergan muhim ma’rifiy uchrashuv bo‘ldi.
Institutning bo‘lajak islomshunoslari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markazning boy ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston hududida qadimdan shakllangan sivilizatsiya jarayonlari, islom madaniyatining rivojlanishi, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi hamda ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan yaqindan tanishdilar.
Markazning Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalari talabalar e’tiborini tortdi.
Tarixiy manbalar, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy ashyolar va zamonaviy muzey texnologiyalari uyg‘unligi orqali namoyish etilgan ma’lumotlar yoshlarning o‘tmish haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.
Bu yerda ular Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ko‘zdan kechirdilar.
Ayniqsa, bir vaqtlar shu zaminlarda yaratilgan ilmiy kashfiyotlar bugungi zamonaviy fanlarning shakllanishida qanday ahamiyat kasb etgani talabalar uchun qiziqarli bo‘ldi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olayotgan yoshlar uchun bunday maskanning ahamiyati, tabiiyki, yanada katta. Chunki ular o‘zlari o‘rganayotgan diniy-ilmiy merosning tarixiy ildizlarini nafaqat kitoblardan, balki Markaz ekspozitsiyalarida bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.
Talabalarning fikricha, Markazdagi eng muhim jihatlardan biri — tarixning oddiy sanalar va voqealar ketma-ketligi sifatida emas, balki ilm-fan, tafakkur va insoniyat taraqqiyoti bilan bog‘liq yaxlit jarayon sifatida namoyish etilganidir.
“Bu yerda ajdodlarimizning ilm-fanga qo‘shgan hissasini ko‘rib, ular bilan faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchaydi. Ayniqsa, islom dini rivoji bilan birga ilm-ma’rifat ham yuksalib borganini ko‘rish biz uchun juda katta taassurot qoldirdi”, — deydi institutning 1-bosqich talabalaridan biri.
Yoshlar Markazning kutubxona faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerda jamlangan ilmiy adabiyotlar, tarixiy manbalar va tadqiqotlar bo‘lajak mutaxassislarning kelgusidagi ta’lim va ilmiy izlanishlari uchun muhim manba bo‘lishi ta’kidlandi.
Tashrif davomida talabalar uchun Markazning faqat tarixiy merosni namoyish etuvchi maskan emas, balki ilmiy izlanish, ma’rifat va zamonaviy tafakkur uyg‘unlashgan muhim platforma ekanligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.
Talabalar Markaz bilan tanishish jarayonida o‘zlari tahsil olayotgan soha — islomshunoslikning qanchalik katta ilmiy meros va tarixiy mas’uliyat bilan bog‘liqligini ham chuqurroq his etdilar.
Shu ma’noda, yangi o‘quv yilining dastlabki kunlarida tashkil etilgan mazkur tashrif talabalar uchun yangi bilimlar sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ushbu ma’rifiy tashrif esa bo‘lajak islomshunoslar uchun yangi o‘quv yilini tarix saboqlari, ilmga qiziqish va katta maqsadlar bilan boshlashga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati