So‘nggi vaqtlarda Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy manfaatlari yo‘lida o‘zga shaxslar nomidan sahifa yoki profil ochib, soxta ma’lumotlarni tarqatish holatlari kuzatilmoqda.
Jumladan, shu kunlarda “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov nomidan profil ochilgan. Ushbu profil egasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi nomidan turli g‘araz maqsadlarga xizmat qiluvchi materiallarni chop etgan.
Ta’kidlash joizki, hozirgi vaqtda muftiy Usmonxon Alimovning hech qaysi ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy ochilgan sahifasi yoki profili mavjud emas. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisiga “Muslim.uz” saytdagi “Murojaat va mulohazalar uchun virtual qabulxona” orqali murojaat qilish mumkin. Shuningdek, shar’iy masalalardagi savollarni “Telegram” messenjeridagi “Din va hayotga oid savollar” nomli kanalga va “Savollar.muslim.uz” saytiga yo‘llash mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasini matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 9 aprel kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, ishga joylashish, va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati