Hech bir inson o‘zini nodonlik va johillikda ayblashlariga chidab tura olmaydi. Ammo, qilayotgan ishlari ularning kim ekanni ko‘rsatib turadi. Unday insonlar uchun atrofdagilar oyna bo‘lishi hamda o‘zlariga xulosa chiqarishi lozim.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatining Urganch shahrida bir guruh yoshlar o‘rtasidagi bahsdan so‘ng yigitlardan biriga benzin quyib, yoqib yuborilgani va u o‘zini suvga otgani haqidagi videoni takror va takror namoyish etilmoqda. Mazkur lavhalarni ko‘rgan tomoshabinlarning ba’zilari hayratlanib, miriqib kulsa, sog‘lom, aqli raso odamlar esa bu “shovvozlarni” ruhan xastaga chiqarishmoqda. Voqelikni tahlil qilish va kimnidir qoralashdan avval mazkur holatning tavsifiga to‘xtalish maqsadga muvofiqdir. Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ushbu holat yuzasidan bergan ma’lumotiga ko‘ra, ushbu shaxslarning barchasi (to‘rt nafar) Xorazm viloyatida yashaydi, ulardan biri 1992 yilda, qolgan uch nafari esa 1999 yilda tug‘ilgan. Videoda qayd etilgan holat 18 iyun kuni Urganch shahridan oqib o‘tuvchi Shovot kanali ustidagi piyodalar o‘tish ko‘prigida sodir bo‘lgan.
Tanasida yonib turgan olov bilan suvga sakragan shaxs 19 iyun kuni shifoxonaga murojaat qilgan, unga «olovdan chap qo‘l yelka, bo‘yin, ikkala kurak va bel sohalari I-II-IIIA darajali termik kuyish. S-20%. Kuyish kasalligi, kuyish shoki o‘rta og‘ir darajasi» tashxisi qo‘yilib, tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Avvalo, keltirilgan manbalar voqea bir guruh o‘smir yoshlarning garov o‘ynashidan boshlanganligini ta’kidlamoqda. Ya’ni, hodisa qahramoni tanishlari bilan ustiga benzin quyilgan holda ko‘prikdan suvga sakrash xususida garov bog‘lagan.
Islom dinimizda garov bog‘lab o‘ynash taqiqlangan va u qimor sifatida ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda qimorni yomonlab shunday marhamat qiladi: “Sendan xamr va qimor haqida so‘rarlar. Sen: “Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun manfaat bor va gunohlari naflaridan kattadir”, deb ayt (Baqara surasi, 129).
Yana bir oyatda Alloh taolo aytadi: “Ey imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz” (Moida surasi, 90-oyat).
Yuqoridagi oyatlar orqali Alloh taolo qimor harom ekani va naqadar yomon ish ekanini ochiq oydin bayon etmoqda. Kishilarning garov bog‘lab bahslashishlari ham qimordan o‘zga narsa emas. Ayni shijoatga to‘la davrda, bilim olib kelajagini quradigan yoshlar dunyosi va dini uchun hech qanday manfaati yo‘q aksincha joni va moliga zarar beruvchi, Alloh taoloning g‘azabiga duchor qiluvchi amallar bilan shug‘ullanayotgani kishini o‘yga toldiradi.
Baland ko‘prikda yalang‘och holatda turgan yigit, do‘stlari tomonidan ustiga benzin quyilishi va olov yoqilishiga mamnunlik va kibr ila rozilik bildirishi uning tarbiyasida ulkan nuqson borligini hamda nasihatga muhtoj ekanidan darak bermoqda. Uning ustiga benzin quygan va olov yoqqanlar esa razillikdan boshqa ish qilayotgani yo‘q.
Alloh taolo Qur’oni karimda insonning sha’nini bayon qilib: “Biz odamzotni azizu mukarram qilib yaratdik hamda ularni suvda ham, quruqlikda ham yuradigan qilib qo‘ydik. Ularga halol-pok narsalardan rizq ato etib, ularni boshqa hamma maxluqotdan afzal etdik”- deb marhamat qilgan (Al-Isro surasi, 70-oyat).
Mazkur oyat insonning qadru qiymati nechog‘li baland ekanini ochiq oydin ko‘rsatadi. Parvardigor odamzotga shunchalik muruvvat ko‘rsatgan ekan, inson bu ne’matning qadriga yetmog‘i, uning shukrini ado etmog‘i, qolaversa o‘sha maqom va darajaga mos tarzda hayot kechirmog‘i lozim bo‘ladi. Bugun oila, ta’lim dargohi va jamiyat farzandlarimizga o‘zining kim ekanini va yuqoridagi oyatning mohiyatini yetarlicha tushuntira olmayotgandek go‘yo.
Hayot inson uchun berilgan eng qadrli omonatdir. Shuningdek, u Alloh taolo tomonidan insonga topshirilgan imkoniyat va mas’uliyatdir. Inson bu ne’matni asrab avaylashi, unga xiyonat qilmasligi lozim, aks holda eng og‘ir jinoyatga qo‘l urgan, o‘z zimmasiga katta gunoh orttirgan bo‘ladi. Qur’oni karimda insonni o‘zining yashash huquqiga tajovuz qilishidan man etilib: “O‘z qo‘lingiz bilan o‘zingizni halokatga tashlamangizlar”- deyilgan (Baqarasurasi, 195-oyat).
O‘zlarining qilayotgan ishlaridan zavqlanib “qahramonlik” qilayotgan bu yoshlarning oqibatni o‘ylamasligi, xurmacha qiliqlari fojea bilan tugashi mumkinlini anglamasliklari ham bularda diniy-ma’rifiy, ma’naviy-ahloqiy tushunchalar yo‘qligidan darak beradi. Agar shu ishlari natijasida birlari halok bo‘lsa, Alloh taolo qaytargan ishni bajargan, o‘zini o‘z qo‘li bilan halokatga tashlagan bo‘ladi.
Masalaning yana bir nozik tomoni bor. Hali hayot tashvishlarini tatib ko‘rmagan, umrining eng g‘animat damlarida inson aqliga sig‘maydigan ishlar bilan shug‘ullanayotgan bu yoshlarga nima kerak? Javob esa barchamizni tashvishga soladi. Ularga mashhurlik, ijtimoiy tarmoqlardagi “layk” (yoqdi) va e’tirof kerak. Eng ayanchli tomoni, shu videoni tarqatib o‘z kanali va guruhi obunachilarini ko‘paytirmoqchi bo‘lgan “blogger” va “admin”lar ham yetarlicha topiladi.
Ayni damda biz yozgan maqola yohud nasihatomuz fikrlarni “qahramon”larimiz o‘qimasligi yoki e’tibor bermasliklari mumkin. Ammo, o‘zgalar bundan xulosa chiqarishi shart. Shu ishni oddiy hol tarzida qabul qilish, e’tiborsizlik hammamiz uchun ulkan tashvish va musibatga aylanishi hech gap emas. Mazkur holatdan yetarlicha xulosa chiqarmaslik bugun Xorazmda ro‘y bergan voqea ertaga boshqa joyda ro‘y bermasligiga hech kafolat bermaydi. Faqat hodisaning shakli va turi o‘zgarishi mumkin. Yoshlardagi “layk” talvasasi, mashhurlik va e’tirofga ko‘r-ko‘rona, nodonlik ila intilish va bu yo‘lda har qanday qabih ishdan tap tortmaslik xavotirlidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Musulmonlar Hunayn g‘azotida g‘alaba qozonishdi. Hunayn g‘azoti Shavvol oyida, hijratning sakkizinchi yili, Makka fathidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Havozin va Saqiyf qabilalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan edi. Jangda g‘alaba qozongan musulmonlar katta g‘animatga (o‘ljaga) ega bo‘ldilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu g‘animatlarni qalbi Islomga moyil bo‘lgan yangi musulmonlarga taqsimlab berdilar. Qavmning kattalari Abu Sufyon, Uyayna, Aqra’, Suhayl ibn Amr va boshqalarga ham berdilar.
Vaholanki, ular Quraysh mushriklarining eng kattalari bo‘lib, uzoq yillar Payg‘ambarimizga qarshi urushgan kishilar edi. Ushbu g‘animatlar taqsimlanishidan bir necha kun oldingina islomni qabul qilishgan edi. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarga (Madinalik sahobalarga) ushbu g‘animatlardan hech narsa bermadilar.
Holbuki, ular Islomni yoyish va Payg‘ambar alayhissalomni himoya qilish uchun qonlarini to‘kkan, jonlarini fido qilgan kishilar edi. Bu holat ularning qalblariga og‘ir botdi va xasratlanib shunday deyishdi: «Qilichlarimizning tig‘idagi dushmanning qoni hali qotgani yo‘q, ammo g‘animatlardan boshqalar bahramand bo‘ldi. Bizga esa, hech narsa berilmadi».
Bu borada Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu kelib Payg‘ambarimizga bo‘layotgan gaplar xaqida, odamlarning qalbidagi xafalikni aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Sa’d, sen bu haqda nima deysan?” dedilar. Sa’d: “Men ham qavmim tarafidaman”, deb javob berdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Qavmingni mening huzurimga yig‘”, dedilar. Ular to‘planganlaridan keyin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamjuda buyuk, nihoyatda ta’sirli, qalblarni jumbushga keltiruvchi, ko‘zlarni yoshga to‘ldiruvchi xutba qildilar.
U zot ularga muloyimlik va muhabbat bilan quyidagicha murojaat qildilar: “Ey ansorlar! Men sizlarni gumroh holda topmaganmidim? Alloh taolo men tufayli sizlarni hidoyat qilmadimi? Sizlar tarqoq va parokanda emasmidinglar, Alloh taolo men sababli sizlarni birlashtirmadimi? Sizlar faqir va muhtoj emasmidinglar, Alloh taolo men orqali sizlarni boy qilmadimi?”.
Har safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol bilan murojaat qilganlarida, ular: “Alloh va Uning Rasulidan minnatdormiz”, deb javob qaytarishardi.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nima uchun menga javob qaytarmayapsizlar?” dedilar. Ular yana: “Alloh va Rasulidan minnatdormiz!”, deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar istasangiz, sizlarning ham shunday deyishga haqqingiz bor: “Siz bizning huzurimizga qavmingiz tomonidan inkor qilingan holda keldingiz, biz esa, sizni tasdiqladik. Siz qavmingiz tomonidan yolg‘onchiga chiqarilgan edingiz, biz sizga ishondik, imon keltirdik va sizga yordam berdik. Siz o‘z yurtingizdan quvildingiz, biz esa, sizga panoh berdik. Siz muhtoj holda keldingiz, biz esa, Sizni o‘z mol-mulkimizga sherik qildik”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zlarni aytganlarida ular: Alloh va Uning rasuligina bizlarga minnat qilishga haqli, deyishdi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlarni ularga tavozelik va insof yuzasidan aytgan edilar. Lekin, haqiqatan olganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minnat qilishga haqli edilar, ular har qancha minnatdor bo‘lsalar arziydi. Chunki agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari bo‘lmaganida, ularning orasida yashamaganlarida, ularning boshqalardan farqlari bo‘lmas edi. Ansorlarning sha’ni yuksalmas edi, qadrlari ko‘tarilmas edi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab: “Ey ansorlar! Nima deb o‘ylaysizlar, boshqalar qo‘y va tuyalar bilan uylariga qaytsalar, sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uylaringizga qaytishni istamaysizlarmi? Bundan rozimasmisizlar?”-dedilar.
Bu gapning naqadar ulug‘ligi, ansorlarning qalbiga yetib borishligini bilganlari uchun ham Rasululloh ularga g‘animatdan bermagan edilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Agar hijrat qilmaganimda, albatta men ansorlardan bo‘lar edim, agar odamlar bir vodiyda yursalar, men ansorlar yurgan yo‘llardan yurar edim, ansorlar men uchun ichki kiyimimdek, boshqalar esa tashqi kiyimimdek”, dedilar va: “Allohim ansorlarga rahmatingni yog‘dir, ularning farzandlariga va farzandlarining farzandlariga ham”, deb ularning haqqiga duo qildilar.
Bu so‘zlarni tinglagan ansorlarning ko‘zlaridan yoshlar to‘kildi, soqollari xo‘l bo‘ldi. Ular yig‘lagan holatda: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni biz bilan bo‘lishlariga rozimiz, bizning g‘animatimiz, bizning ulushimiz bo‘lganlaridan rozimiz!” — deyishdi.
Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni kelajakda bo‘ladigan fitnalardan ogohlantirib shunday dedilar:
“Mendan keyin sizlar o‘zingizga nisbatan adolatsizlikni ko‘rasizlar, ammo sabr qilinglar. Mening havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar!”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV