Oilaning tinch va barqarorligi, turli illatlardan salomatligi har bir insonning baxti uchun muhim sanaladi. Bu ummatni solih mo'min shaxs bilan qo'llab-quvvatlash degan buyuk orzudir.
Ko'pchilik insonlar oila salomatligi va barqarorligiga bog'liq bir necha ishlardan bexabardir. Shu bois ushbu ishlarni ochiq, aniqlik bilan o'rganish zarur. Ana shu ishlardan biri er-xotin o'rtasidagi kelishmovchilikdir. Ko'p vaqtlarda ota-onalar yosh farzandlarini tushunmaydi, degan xayol bilan o'rtalarida bo'ladigan mojorolarni ularning ko'z o'ngida amalga oshiradi. Bu juda katta xato sanaladi. Bola hali tili chiqmagan bo'lsa-da, lekin aytilayotgan ko'p so'zlarni anglaydi va bularni qalbining to'rida saqlab yuradi. Shuning uchun farzandlar ularning yoshidan qat'iy nazar ota-onalar o'rtasidagi mojorolardan birortasini ham bilmasligi, ko'rmasligi kerak.
Darhaqiqat, turmush hayoti har qanday muvaffaqqiyatli va saodatli bo'lsa ham, unda turli kelishmovchiliklar bo'lib turishi aniq narsa. Chunki aql va tushunchalar turlicha, fel-atvorlar ham bir xil emas. Qanday bo'lsa ham muommo tezda hal qilinishi lozim. Agar kelishmovchilik sabablarini munozara qilish kerak bo'lsa, farzandlardan yiroqda, tinchlik bilan muhokama qilinishi muhim sanaladi. Bu narsa juda ko'p foydalarni olib keladi. Shulardan quyidagilarni keltirib o'tish mumkin:
– Bolalar ruhiyatini salomatligi va beg'ubor bolaligini saqlash;
– Ota-onasi uchun bolalar qalbida yaxshi taassurot qoldirish va ularga bo'lgan muhabbatning davomiyligi;
– Muommoni o'zaro rozilik yo'lida echimga olib borish va tez hal etishga yordamlashish. Chunki ulardan har biri o'rtalaridagi kelishmovchilikni biror kishi bilishini istamasa, bu mavzuni sir tutishga va birov eshitib qolmasligi uchun ovozlarini pasaytirishga shoshilishadi. Mana shu ish tinchlik bilan hal etishga o'zaro yordamlashish sanaladi.
Ota-onalar ushbu haqiqatni hali farzand ko'rish vaqti kelmasidan avvalroq anglashlari o'ta muhim sanaladi. Ya'ni yosh kelin-kuyovlik paytida his etishlari zarur. Ammo kim o'z ayoli bilan bo'ladigan kelishmovchiligini farzandlari oldida baqir-chaqir qilib hammaga e'lon qiladigan kishi buning oqibati yomon ekanini oldingilardan dars olsin. Shu orqali qolgan turmush hayotining uslubini o'zgartirib, o'zi, ayoli va farzandlari haqqida Allohdan qo'rqsin. Chunki bunday baqir-chaqirlik, avvalo, o'zining asabini qurbon qiladi, so'ngra ayoliga zulm qilgan va farzandlari miyasini zaharlagan bo'ladi.
Albatta, biz ushbu haqiqatga zid ish qiladigan bo'lsak, o'z asab va jismimizga aziyat berib, uni eb bitiramiz, farzandlarimiz ruhiyatini sindiramiz, turmush hayotimizni o'ta chigallashtirib yuboramiz.
Ba'zan ayol katta xato qilib qo'yadi, lekin erning unga qarab qattiq baqirishi va farzandlari oldida unga qattiq tanbeh berib, koyishi erning maslahatidan emas. Huddi shu ish ayolga ham tegishli, u ham eriga baqirishi yoki farzandlari oldida janjal boshlashi uning solihaligidan bo'lmaydi. Allohning insonda yaratgan sunnatlaridan biri uni moyil bo'luvchi qilib yaratganidir. Mazlum bo'lib ko'ringan kishiga nisbatan insonda rahmdillik moyilligi paydo bo'ladi. Farzandlar ham ota-onasidan mazlum deb o'ylagani tarafiga yon bosish hissi paydo bo'ladi. Ota baqirayotgan bo'lsa, onaga, ona baqirsa, otaga moyil bo'ladi. Qalbida zolim bo'lib ko'ringaniga nisbatan g'azab, mazlum bo'lib ko'ringaniga esa shafqat, mehr saqlab boradi. Bu esa yaxshilik alomati emas, balki bu oila farovonligiga zarar beruvchi xatarli omildir.
Yuqorida aytilgan narsalar hayotdagi hamma ko'rib bilib turgan va aniq bo'lgan ishlardir. Agar er-xotin bir-biriga tanbeh berish va koyishni istasa, bu ish xilvatda, bolalar qulog'iga hech qanday narsa etib bormaydigan joyda bo'lsin. Er-xotindan biri boshqasining hissiyotini rioyasini qilsa, uni farzandlari oldida uni koyimasin, unga tanbeh bermasin. Tinchlik va sokinlik bilan hal qilsin. Muommolar qarshisida er-xotinlar o'zlariga quyidagi asoslarni belgilab olishlari foydadan holi bo'lmaydi:
– Ulardan har biri boshqasining injiqligini ko'tarishi;
– Bir-biriga tengma-teng asabiylashib, qizishmasligi;
– Hato sodir qilgani o'z xatosini e'tirof etishi va o'zini katta olmasligi;
– O'rtalaridagi kelishmovchilik ko'p davom etmaslik. Biri-biridan bir kecha kunduzdan ortiq arazlashib yurish mumkin emasligi;
– Hadeb bir masalada boshqasini itob qilavermaslik (kamdan-kam bo'lib turishi boshqa narsa);
– Ulardan biri kelishmovchilikni hal etib berishi uchun boshqa shaxsni aralashtirmaslik, na o'z ahli va na do'sti va otasini hech kimni qo'shmaslik lozim.
Yuqoridagi holatlar er-xotin kelishmovchiliklarida foydali ta'siri bo'lishi mumkin, ayniqsa, ularni birga yashashga rag'batlari mavjud bo'lsa, albatta.
Hulosa o'rnida mashhur hadisi sharifni eslab o'tamiz. Rasuli akram ﷺ bunday deganlar: “G'azablanma”. Ya'ni g'azablanishdan saqlan, barcha muommolar shu orqali yuzaga keladi. Boshqa hadisi sharifda esa: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo'lsa, yaxshilikni gapirsin yoki jim tursin”, deganlar. Gapirsa faqat yaxshi gaplarni so'zlasin, bunga imkoni bo'lmasa, jim tursin, ana shu ishlar saodat kalitidir, demoqchilar. Boshqa o'rinda esa: “Bir mo'min er mo'mina xotinni tark etmasin. Agar undan biror xulqi yoqmasa, boshqa xulq-atvori uni rozi qilar”, deganlar. Ya'ni er-xotinlar o'rtasidagi muommolarda er ayolini darrov tark etib ketmasin, unga yoqmagan narsasidan boshqa bir yaxshi ishi, xulqi yoqar, ana shu yaxshi xulqiga qarab u bilan yashayversin. Zero, banda kamchilikdan holi emasdir.
Said-Muhammadxon Muhibullayev,
“Hoja Buxoriy” o'rta maxsus
islom ta'lim muassasasi
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV