Joriy yilning 29 avgust - 1 sentyabr kunlari Kanadaning Toronto shahrida Xalqaro Qur’on musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Event Bride axborot saytiga tayanib Islom.uz nashri xabar beradi. Dunyoning turli mamlakatlaridan qorilar tashrif buyurib, ushbu musobaqada ishtirok etadi.
Xabarda aytilishicha, Abu Hurayra nomidagi markazda tashkil etiladigan musobaqa uchun jiddiy tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Musobaqaning oldingi mavsumida turli davlatlardan 16 ta qori ishtirok etgan. G‘oliblarga 90 ming AQSH dollar miqdorida mukofot puli berilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 30 iyun kuni Xorazm Ma’mun akademiyasida "Najmiddin Kubro ma’naviy-ma’rifiy merosi va uning zamonaviy tadqiqi" mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman Davlatimiz rahbarining Najmiddin Kubro tavalludining 880 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida ilgari surgan tashabbusi doirasida ulug‘ ajdodimizning ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, bu merosni zamonaviy tadqiqot metodlari asosida tahlil qilish hamda uning umuminsoniy va milliy qadriyatlar tizimidagi o‘rnini belgilash maqsadida tashkil etildi.
Anjuman doirasida Najmiddin Kubroning tasavvufiy va ma’rifiy g‘oyalari, ularning zamonaviy ma’naviy-axloqiy muammolarni hal etishdagi o‘rni, allomaning hayoti va faoliyatiga oid tarixiy manbalar, asarlarining bugungi kundagi ilmiy va amaliy ahamiyati, kubroviylik ta’limotining tarixi va bugungi holati, shuningdek, ushbu ta’limotning keyingi tasavvuf maktablariga ta’siri keng muhokama etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati