Avval muborak Ramazon oyida muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan insonparvarlik tadbiri amalga oshirilgani, ya’ni 156 nafar vatandoshimiz Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududidan yurtimizga qaytarilgani haqida xabar qilingan edi.
Hech shubhasiz, bu ish bilib-bilmay noto‘g‘ri yo‘lga kirgan insonlarni kechirish, ularni oilasi bag‘riga, to‘laqonli hayotga qaytarishga qaratilgan tarixiy voqea ekani haqida ommaviy axborot vositalarida ko‘plab ijobiy fikr-mulohazalar bildirildi.
Shu bilan birga, so‘nggi kunlarda Internet tarmog‘idagi ayrim manbalarda O‘zbekistondagi MY5 nodavlat telekanalida 4 iyun kuni efirga uzatilgan ko‘rsatuvda berilgan lavhalarga asoslangan holda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning yuqoridagi jarayon bilan bog‘liq fikrlari tarqatilmoqda.
Qayd etilgan ko‘rsatuvda muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining Toshkent shahridagi masjidlarning birida qilgan ma’ruzalaridan parcha keltirilgan. Ta’kidlash joizki, ushbu ma’ruzada Mustaqil Hamdo‘stlik Davlatlari tashkilotiga mansub mamlakatlar va ularga tutash hududlardan mutaassib shaxslarning ta’siri ostida Suriyaga borib qolgan shaxslar, ularning oila-a’zolari va yaqinlari haqida umumiy ma’lumot berilgan edi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi hozirgi kunda Suriya hududidagi O‘zbekiston fuqarolarining soni haqida aniq ma’lumotga ega emas.
Shuningdek, yuqoridagi ma’ruzada muftiy hazratlari tomonidan Suriyadan yaqinlarining qistovi, zo‘ravonligi yoki aldovi bilan borib qolgan toifaga mansub fuqarolarni qaytarish bo‘yicha harakat qilinadi, degan mazmunda fikr aytilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Muborak Ramazon kunlarida ehtiyojmand insonlarga yordam berish, ularni xursand etish Islom dinida buyuk fazilat sanaladi. Shu munosabat bilan Farg‘ona shahrida kam ta’minlangan, yordamga muhtoj insonlar uchun iftorlik dasturxoni yozildi.
Mehribonlik va saxovat muhiti hukm surgan tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ham ishtirok etib, yig‘ilganlarni muborak oy bilan tabrikladi.
Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi ekani, bu oyda mo‘min-musulmonlar ibodatlarini ziyoda qilib, mustahkam birodarlik va bag‘rikenglik bilan yashashga da’vat etilgani, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash inson uchun ikki dunyo saodatiga eltadigan fazilat ekani ta’kidlandi.
Tadbir davomida mehmonlarga taom tortilib, duolar qilindi va xayrli amallarga targ‘ib etildi. Tadbir ishtirokchilari xayriya iftorligi tashkilotchilariga va saxovatli insonlarga o‘z minnatdorliklarini izhor qildilar. Mana shunday xayrli tadbirlar orqali yurtimizda mehr-muruvvat, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash fazilatlari yanada mustahkamlanishi qayd etildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati