6 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim noxolis manbalarda “Vaqf” fondi faoliyati haqida asossiz gap-so‘zlar tarqatildi.
Xabarlarda Ramazon hayiti kuni tushgan xayr-ehson pullarini “Vaqf” fondiga to‘la o‘tkazish tartibiga nisbatan go‘yoki ba’zi masjidlarda norozilik bildirilayotgani iddao qilingan.
Ma’lumki, “Vaqf” fondi tashabbusi bilan xayriya tadbirlarini o‘tkazish, muhtoj oilalarga yordamlar ko‘rsatish, nochor masjidlarning qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish hamda daromadi kam masjidlar imomlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlarining ko‘lami borgan sari kengayib bormoqda.
Jumladan, daromadi kam masjidlarda mehnat qilayotgan 750 nafar imom-xatiblarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida, har oyda qo‘shimcha oylik maosh to‘lab kelinayotganini alohida qayd etish kerak.
Xayriya sifatida tushadigan mablag‘lar “Vaqf” fondining alohida hisob raqamida to‘planishi va sarflanishida to‘liq shaffoflik ta’minlangan. Fondning vaqf.uz domenida ochiqlikni ta’minlash imkoniyatini beruvchi, yillik, oylik va hattoki kunlik sarf-harajatlarni ham kuzatib borish imkoniyati mavjud.
Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ma’lumotlar Fond faoliyati haqida obyektiv tasavvurlarga ega bo‘lmagan, jurnalistik surishtiruv o‘tkazmagan shaxslarning subyektiv yondoshuvining mahsulidir.
Birinchidan, Fondga masjidlardan tushadigan mablag‘larning 75 foizi masjid sarf-xarajatlari uchun muntazam qaytarib boriladi. Bu amaliyotni saytning “Statistika” http://vaqf.uz/uz/transactions/statistics bo‘limidan ko‘rish mumkin. Shu bo‘limda Fond tomonidan har kuni amalga oshirilgan harajatlar haqida ma’lumotlar berib boriladi. Masalan, Fond tashkil etilganidan buyon masjidlardan 71 milliard so‘m kelib tushgan bo‘lsa, qariyb 60 milliard so‘m masjidlarga qaytarilganini ko‘rish mumkin.
Ikkinchidan, Fond ixtiyorida qolayotgan 25 foiz mablag‘ esa masjid va madrasalarni qurish-ta’mirlash, diniy soha xodimlari va talabalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga sarflab kelinmoqda.
Avval yurtimizning bir necha hududlarida Fond tomonidan yangi masjidlarni qurish ishlari olib borilayotgani haqida xabar qilinganini alohida ta’kidlash kerak.
Masalan, birgina daromadi kam masjidlar imom-xatiblariga oylik ish haqi berish uchun shu kunga qadar 1,2 milliard so‘m sarflandi.
Uchinchidan, xabarda xayriya mablag‘lari pullari “Vaqf” fondiga o‘tkazilayotgani sabab masjid xarajatlarini qoplashga mablag‘ yetmayotgani qayd etilganiga kelsak, yurtimizda olis va chekka hududlarda joylashgan yuzlab masjidlar moddiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj hisoblanadi. Fond ixtiyorida qolayotgan mablag‘lar hisobidan mana shunday kam daromadli masjidlarga mablag‘lar yo‘naltirilib, ularning faoliyati har jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi.
To‘rtinchidan, Ramazon hayiti kuni tushgan mablag‘lar to‘laligicha “Vaqf” xayriya jamoat fondi hisobiga kirim qilinib, ushbu mablag‘larning 40 foizi masjidlarning sarf-xarajatlari uchun o‘zlariga qaytariladi.
Beshinchidan, masjidga tushgan xayriya pullari tegishli idoralar vakillarini jalb etgan holda hisob-kitob va inkassatsiya qilinayotganidan asosiy maqsad, ushbu mablag‘larning aylanmasini shaffofligini ta’minlashdir.
Ijtimoiy tarmoqlarda biryoqlama, asossiz yondashuvlarni tarqatishdan ko‘zlangan maqsad odamlarni haqiqiy holatdan chalg‘itish, “Vaqf” fondi faoliyatiga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otish orqali fuqarolarimizning yil sayin ko‘lami kengayib borayotgan xayriya ishlariga putur yetkazishdek g‘arazli maqsadlar ko‘zlangani ehtimoli haqida xulosa qilish mumkin.
“Vaqf” fondi matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida "Radikallashuv va yot g‘oyalarga qarshi kurashish hamda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish" o‘n kunligi loyihasi doirasida "Soxta salafiylik: tarixi, g‘oyasi, belgisi, xatarlari" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda bir qator mutasaddi tashkilotlar vakillari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov ham ishtirok etdi.
"Ziyo" media markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu o‘n kunlik tadbirlaridan maqsad – yoshlarni radikalizm, terrorizm, ekstremizm, soxta da’volar, g‘arazli da’vatlar, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar, ommaviy madaniyat ta’siridan himoyalash, ularda vatanparvarlik, sadoqat tuyg‘ularini shakllantirishdir.
Tadbir mavzularini keng va atroflicha yoritib berish uchun ijtimoiy-siyosiy, diniy, madaniy-ma’rifiy sohada o‘z sohasining yetakchi ekspertlari ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining: “Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan so‘zlari o‘n kunlikning shioriga aylangan.
Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati